Yangiliklar


358   13-05-2022

“Sinchalak” deputat yoxud muammolari to‘la hal etilgan mahalla xususida

...Opa bilan uchrashuvdan qaytar­kanman, xayolimda qator mulohazalar charx uraverdi: jussasi kichikkina-yu elning tashvishini gardaniga olibdi, qanday ko‘taradi bu yukni?! Hech tinib-tinchimaydi-ya. Buning ustiga ishining ko‘zini bilarkan. So‘zi bilan ishi bir, degan ibora shundaylarga nisbatan qo‘llanilsa kerak-da. So‘zniyam chertib-chertib gapirarkan. Suhbat mobaynida u sochi oqargan, boz ustiga tinmay ko‘kragiga mushtlab dohiylik daʼvo qiladigan baʼzi deputatlarga o‘xshab, og‘zi ko‘pirib, allaqaylardagi havoyi gaplarni gapirmadi, muxbirni chalg‘itish uchun quruq aravani olib qochmadi ham. Aksincha «Milliy tiklanish» deputatiga xos tarzda barini ro‘y-rost gapirdi, yutuqlari bilan birga kamchiliklarini ham eʼtirof etdi. Umuman aytganda, bu – deputatlarimizga xos xususiyat! Zotan partiyamiz safiga hammani ham qabul qilavermaymiz. Ko‘chada uchrab qolgan kimsaga yolg‘ondan ariza yozdirib, qo‘liga rostdan aʼzolik guvohnomasi tutqazadigan baʼzi partiyalardan farqimiz ham shunda, aslida!

Men yuqorida opani tinib-tinchimas deputat, deb atadim. Xalq bilmasa gapirmaydi. Uni bejizga “Sinchalak” deputat deyishmas ekan. Nari-berisi bilan 1,5 soatlik muloqot davomida u 8 nafar saylovchining shikoyatnamo murojaatini telefon orqali hal qildi-qo‘ydi.

Guvohi bo‘lganimizdek, soha rahbarlari bilan ham yuzaga kelgan masalalar yuzasidan keskin gaplashdi, baʼzilariga muloyim, baʼzilariga rasmiy ohangda deganlaridek... Lekin ohanjama so‘zlar sira og‘zidan chiqmadi... Abdulla Qahhorning “Sinchalak”ini o‘qimagan kitobxon topilmasa kerak. Yozuvchi ushbu asarida bosh qahramon, el-yurt manfaati va haqiqat uchun tolmas kurashchi Saidani mittigina qush – Sinchalakka qiyoslaydi. Ana shundanmi, mahalladoshlar opani erkalab shu qushga o‘xshatishar ekan. Qolaversa, bunga o‘zim ham amin bo‘ldim.

Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashi deputati Dilorom Xolmatova haqidagi dastlabki tasavvurlarim shu bo‘ldi.

– 3-Maʼrifat say­lov okrugi shaharning chekka qismidagi «Ulug‘ yo‘l» mahal­lasida joylashgan bo‘lib, bu manzilda qariyib 8 ming nafar aholi yashaydi, – deydi deputat.

– Shunday bo‘lgach, uning o‘ziga yarasha past-u balandi, og‘iru yengili bor. Bilasizmi, men har bir saylovchi bilan uning xarakteridan kelib chiqib suhbatlashaman. Shu yo‘l bilan uning dilidagini tiliga chiqaraman. Tiliga chiqdimi tamom, iloji boricha uning muammosi shu yerning o‘zida hal etiladi. Dilorom – sirdaryolik mashhur paxtakor – Elchi Abdusalomovning kenja farzandi. Umrini qo‘riq voha – Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga sarflagan Elchi ota farzandlariga o‘ta mehribon bo‘lish bilan birga taʼlim-tarbiyada o‘ta talabchan va qattiqqo‘l edi. Har qanday holatda ham jigarbandlari uchun vaqt topardi. Sobiq Mehnatobod tumanidagi choqqina xo‘jalikni yillar mobaynida cho‘lning qumini qarichlab surib, ekin maydonlarini kengaytirib, Res­publikadagi ulkan, dongdor xo‘jalikka aylantirgan ham Elchi Abdusalomov bo‘ladi. Ota umr bo‘yi halol ishladi, 3 farzandni halol yedirib-ichirdi, o‘qitdi, ularni elning xizmatiga soldi. Nafaqaga chiqqanidan keyin ham tinib-tinchimadi. Boshqalarga o‘xshab qarilik gashtini surmadi, alalxusus oxirgi nafasigacha yurt xizmatini qildi.

Elchi otaning rafiqasi Zebuniso ona o‘sha davrlardagi baʼzi raislarning xotinlaridek yasan-tusan, yaltir-yultur qilib ko‘chaga chiqmadi, kurort­ma-kurort kezmadi. Odmigina chit ko‘ylakda bir umr bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullandi. Turmush o‘rtog‘iga kamarbasta bo‘ldi.

– Otam mard inson edi. Yolg‘onni esa jini suymasdi. Achchiq bo‘lsada, haqiqatni yuzi­ga aytganni qadrlardi, uni o‘ziga oshno tutardi. Odamlarni diqqat bilan ting­lab, ularning muammolarini jo­yida hal qilib qo‘yaqolardi. Ortiqcha qog‘ozbozlig-u yugur-yugurlardan ularni asrardi. Shuning uchunmi, voha xal­qi haliyam u kishini chuqur hur­mat bilan xotirlaydi. Biz farzandlar bundan juda faxrlanamiz, – deydi opa g‘urur bilan. Dilorom Elchiyevnaning gaplarini eshitib, elning mashhur naqli yodimga tushdi: olmaning tagiga olma tushadi! Shundanmi haytovur, boya ko‘rganim – o‘z saylovchilarining muammosini diqqat bilan eshitib, so‘ngra telefon orqali joyi­da hal qilib qo‘yishdek ijobiy hislatlar Elchi otadan qiziga o‘tgan ekan-da! Qolgan farzandlari – Mirzo-Ulug‘bek va Buvihadichalar haqida ham bu mulohazani baralla aytish mumkin. Ular ham ayni kunlargacha yurt xizmatini qoyillatib bajarishdi va buni davom ettirishyapti ham. Dilorom Xolmatova (Abdusalomova) – 1988-yilda Sirdaryo davlat pedagogika oliygohini tugatgach, qator yillar shahardagi 3-umumtaʼlim maktabida o‘qituvchi, “Nilufar” nomli 20-maktabgacha taʼlim muassasasida mudira vazifasida mehnat qildi. 2017-yildan hozirga qadar Sirdaryo viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasiga qarashli “Quvonch” xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Shiddatli davrda yashayapmiz. Prezidentning Uchinchi Renessansni barpo etish yo‘lidagi shahdam qadamlari bejiz emas. Bu – nurli kelajak yo‘lidagi qutlug‘ harakatdir. Shaxsan men Yurtboshimizning quyidagi purmaʼno so‘zla­rini dilimga jo qilib olganman. Hatto, uni ish stolim­ga yozib ham qo‘yganman: «Biz to‘xtamasligimiz kerak, to‘xta­sak, o‘tirib qolamiz, o‘tirsak, yotgimiz keladi, yotsak uxlab qolamiz». Bugunning rahbari, menimcha, shu hikmat asosida yashashi, ishlashi shart. Shu so‘zlarni aytarkan, opaning ko‘zlaridan o‘t chaqnadi.

– Deputatimizning fido­yiligi tufayli 8 ming kishi yashaydigan mahallamizda muammo qolmadi hisobi. Shuning uchun biz u kishini ikkinchi bora deputatlikka sayladik, – deydi «Ulug‘ yo‘l» mahalla­ fuqarosi, partiya faoli Murodjon Mamatqulov.

– Ko‘chalarimizga to‘liq shag‘al yotqizildi, asfaltlandi. Ko‘cha chiroqlarining barchasi almashtirildi, gaz, suv, elektr taʼminotidagi uzilishlarga yuz foiz barham berildi. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doimiy eʼtiborda. Hududimizning biron yerida antisanitariya holati yo‘q. Aytsam ishonmaysiz, mahallamizda temir daftarning o‘zi tugul nomi ham yo‘q. Opa hammani tadbirkorlikka, tomorqadan samarali foydalanishga o‘rgatdi. Opaning yering bo‘laturib, bozordan sabzi-piyoz sotib olishga uyalmaysanmi, degan dakkisidan iymanib barchamiz tomorqada qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirib, oilalarimizni taʼminlayapmiz. Ortiqchasini bozorda pullab, ro‘zg‘orni butlashga o‘rgandik, – deydi suhbatdoshimiz.

– Shahardagi «Sayxun» bozorida qator yillardan buyon tadbirkorlik qilaman. O‘zim shu yerda yashayman. Opa bizlarniyam «tinch qo‘ymaydi», – deya kulib gap boshladi Botir Xolmatov ismli yigit. – Mahalladagi barcha tadbirkorlarga shu yerlik yoshlardan 10 nafardan bo‘lib berilgan. Ularni ish bilan taʼminlash, issiq-sovug‘iga o‘zimiz “balogardon”miz. Bo‘lmasa opadan naqd baloga qolamiz-a. – Hamsuhbatimiz xushchaqchaq kayfiyatda biz bilan xo‘shlashadi.

– Mahallada yashovchi ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlari o‘qishi uchun to‘lov kontraktni o‘z vaqtida amalga oshirishni opa bizga “yuklagan”. Bu savobli ishga bosh qo‘shganimizdan xursandmiz ochig‘i, – deydi shu yerlik tadbirkorlar Erkin Turdiboyev va Murod Xoliqulov. – Shu kungacha 5 nafar talabaning kontrakt pullarini tadbirkorlar bahamjihat to‘lab berdik. Kelajakda ular shu yurtga xizmat qilib, buni oqlashiga ishonchimiz komil. – Opa bizga buni yotig‘i bilan anglatgach bu ishga bajonidil rozi bo‘ldik. Axir ortimizdan savob ham qolishi kerak-ku! Buni bizga vaqtida anglatgan deputatimizga ming rahmat.

Xolmatovaning tashabbus­lari-yu odamlarning qalb so‘zlarini eshitib, yayradim. Mahalla kezar ekanmiz, hazilomuz tarzda deputatga gap qotdim.

– Ishlaringizni ko‘rdik, odamlar bilan suhbatlashdik. Shunga qaraganda erta-yu kech ishdasiz. Boz ustiga jamoatchilik asosida partiya viloyat kengashi raisining Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari ham ekansiz. Deputatlik tashvishidan ortsangiz, viloyat kengashida, albatta, bir yumush chiqib turadi. Undan bo‘shasangiz maktabgacha taʼlim tashkilotining tashvishlaridan biriga ro‘baro‘ bo‘lasiz. Qolaversa, ayol kishisiz, uyga ham borib turasizmi, o‘zi? Bu savolimga deputat jilmayib, ohista so‘zlay boshlaydi. – Turmush o‘rtog‘im – Shuhrat Xolmatovning kasbi-pedagog. Shahardagi 8-umumtaʼlim maktabiga rahbarlik qiladi. O‘ziyam partiyamizning faol jonkuyarlaridan. Shuning uchun meni yaxshi tushunadi, kezi kelganda qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bois, davlat ishlari-yu olti nafar farzand tarbiyasida sira qiynalmadik. Xudoga shukr, barchasi esli-hushli. Hozirda o‘qishyapti, ishlashyapti. El xizmatini qilishyapti.

Meni bir mulohaza qiy­naydi: ochig‘i ko‘pchiligimiz hali hamon eski zamon nafasi bilan yashayapmiz. Davlatga boqimandalik hissi haliyam baʼzilarda bor. Biz Prezident taʼbiri bilan aytganda ularning qo‘liga qarmoq beryapmiz. Lekin shu qarmoqni ushlashni xohlamayotganlar ham oz deysizmi?! Maqtanchoqlikka yo‘ymang-u men rahbarlik qilayotgan taʼlim muassasasi 2017-2021-yillarda qariyb 300 million so‘m byudjetdan tashqari mablag‘ ishlab topdi. Qanday qilib deysizmi, bog‘chamizda rus, ingliz, o‘zbek tillarini o‘rgatadigan 20 ta pullik kurslar, shaxmat-shashka, taekvondo, badiiy gimnas­tika, mental arifmetika, kompyuter savodxonligi bo‘yicha taʼlim beradigan 11 ta to‘garak ochdik. Bilasiz, bolaning yoshligida berilgan ilm toshga o‘yilgan naqshdek bo‘lib qoladi. Qolaversa, bolaning yoshligida zehni o‘tkir bo‘lib, bu bilimlarni tez va oson o‘zlashtiradi. Ishonsangiz, nafaqat Guliston shahridan balki viloyatning chekka tumanlaridan ham mijozlar yopirilib ketdi. Maʼlumki, har qanday ota-ona o‘z bolasining ilmli bo‘lishini istaydi. Natijada topilgan mablag‘ hisobidan bog‘chaning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi. Taʼmirlash ishlarini ko‘ngildagidek bajardik. Ishchi-xodimlarimizni moddiy rag‘batlantiryapmiz. Bundan barcha xursand. Ayni kunda ichki mablag‘larimiz hisobidan mahallada tikuvchilik korxonasi, kutubxona, bolalar o‘quv markazini ochishni rejalashtiryapmiz. Ana shunda 50 dan ortiq mahal­la ahli ish joyi bilan taʼminlanadi.

Kezi kelganda aytib o‘tay, o‘tgan yil oxirlarida partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova bog‘chamizda bo‘lib, faoliyatimiz bilan yaqindan tanishdi. Amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib, juda xursand bo‘ldi. Ketar chog‘larida bir ajoyib fikrni aytib qoldi: hududimizdagi 3 ta bog‘cha, 1 ta maktab rahbarlarining ham «qo‘llariga qarmoq olishda ko‘maklashishim»ni iltimos qildi, o‘z tashvishlarim bilan bo‘lib, bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman, ochig‘i biroz hijolat tortib, o‘rinbosar poytaxtga yetmaslaridanoq taʼlim dargohlari rahbar­larini bir joyga to‘plab, maslahatlashdik. Natijada “qarmoq” ish berib, ular ham o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Xullas, hudud­dagi barcha taʼlim muassasasi rahbarlari berilgan samarali taklif uchun Feruza Muhammedjanovadan minnatdor.

Opa bilan suhbatimiz yakunlanib, ortga qaytar cho­g‘imda u bir mulohazani o‘rta­ga tashladi.

– Respublikadagi barcha maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlari har 6 oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shartligi mavjud hujjatlarda ko‘rsatib o‘tilgan. Buning uchun 70 ming so‘m, bir yilda esa har bir xodim 140 ming so‘mni o‘z oylik maoshidan to‘lashi shart. Tibbiy ko‘rikdan o‘tmasa, ishlashga ruxsat berilmaydi. Shuning uchun mutasaddilar bu masalani bir o‘ylab ko‘rib, «bog‘cha opalar»ning tibbiy ko‘rikdan o‘tishlarini bepul qilishsa bo‘lmasmikan? Zero, ular millat kelajagi egalarini tarbiyalashyapti-ku.

Opa bilan xayrlasharkanman, uning bu mulohazasini gazeta orqali mutasaddilarga yetkazishga vaʼda berdim...

 

Abdug‘affor Omonboyev,

Jurnalist

"Milliy tiklanish" gazetasining 2022-yil 11-may sonidan olindi