154 15.03.2025
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi aloqalar ko‘p qirrali bo‘lib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ta’lim va boshqa sohalarini qamrab oladi. Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan.
Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Prezident Emmanuel Makronning faol sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston — Fransiya munosabatlarida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilgani kuzatilmoqda. Buni so‘nggi sakkiz yil ichida yurtimizda Fransiya kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona va loyihalarning soni keskin oshgani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Ikki davlat o‘rtasida yuqori darajadagi rasmiy tashriflar amalga oshirilgan bo‘lib, ular ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan dastlab 2018-yil 8-9-oktyabr kunlari, so‘ngra 2022-yil 21-22-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu davlatda bo‘lgan.
Mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy sohadagi hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. Fransiya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Fransuz kompaniyalari O‘zbekistonda energetika, infratuzilma, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritmoqda. Masalan, “Orano”, “EDF”, “Total”, “SUEZ”, “Voltalia”, “Veolia” kabi yirik fransuz kompaniyalari O‘zbekistondagi loyihalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Shuningdek, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlik ham rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonda fransuz tili va madaniyatiga qiziqish ortib, fransuz tili o‘qitiladigan maktablar va universitetlar soni ko‘paymoqda. O‘z navbatida, Fransiyada ham o‘zbek madaniyati va san’atiga qiziqish ortib bormoqda hamda turli madaniy tadbirlar o‘tkazilayotir.
Ikki davlat xalqaro tashkilotlar doirasida ham hamkorlik qiladi. O‘zbekiston va Fransiya BMT, YUNЕSKO kabi xalqaro tashkilotlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni amalga oshiradi. Umuman, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib, ikki davlat manfaatlariga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 11-13-mart kunlari ushbu mamlakatga davlat tashrifi shubhasiz, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish bilan birga, uni yangi bosqichga ko‘tarishda yangi sahifa ochadi.
Ushbu tashrifning eng etiborli tomoni shundaki, O‘zbekiston 30 yildan ziyod davr ichida Fransiyaga ilk marta davlat tashrifini amalga oshirmoqda. Bu maqomni diplomatiyada mezbon mamlakat tasdiqlaydi. Uning natijalari, albatta, O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini strategik sheriklik darajasiga olib chiqadi.
Davlatimiz rahbari tashrif doirasida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNЕSKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi. BMT tizimidagi ushbu nufuzli tashkilot bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini joriy yil kuzida Samarqand shahrida o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Muloqot davomida mamlakatimizning mazkur tashkilot bilan ko‘p qirrali sherikligi bugungi kunda yuksak darajada ekani qayd etildi. O‘zbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar ta’limi masalalari bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilindi.
Mamlakatimiz Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro markazga a’zo bo‘ldi. Buxoro “Kreativ shaharlar tarmog‘i”ga qo‘shildi. Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetida YUNЕSKO kafedrasi ochildi. O‘tgan yili ta’lim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.
Shuningdek, Turon cho‘llari va Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik an’analari, “Buxoro amiri devonxonasi arxivi”, “Turkiston albomi”, “Xudoybergan Devonov fotoalbomi” YUNЕSKOning maxsus ro‘yxatlariga kiritildi.
Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta YUNЕSKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda, ya’ni Samarqand shahrida o‘tkazilayotgani hamda ushbu voqea tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri kelishini alohida qayd etish lozim.
Parij shahridagi Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo almashinuvni yanada kengaytirish, O‘zbekiston — Fransiya parlamentlararo forumini tashkil etish va “yo‘l xaritasi” asosida do‘stlik guruhlari ishini qayta tiklash masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz yetakchisi Milliy majlis Raisini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga taklif etdi. Bu esa xalqaro aloqalarni mustahkamlash va parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga imkon beradi.
Tarixiy tashrif dasturlari doirasida mutaxassislar va talabalar harakatchanligi to‘g‘risidagi hamda diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar, Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi almashilgani tom ma’noda, ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab beradi.
Eng asosiysi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi. Bu xalqaro munosabatlarning yuqori bosqichi bo‘lib, endi Fransiya O‘zbekistonning strategik hamkoriga aylandi.
Parij shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Fransiya Respublikasining oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni (fr. Ordre national de la Légion d'honneur) bilan taqdirlanishi bu rasmiy Parijning Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlariga yuksak bahodir. Chunki, davlatimiz rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun mazkur mukofotga sazovor bo‘ldi.
Faxriy legion ordeni Fransiyaning milliy ordeni bo‘lib, 1802-yilda Napoleon Bonapart tomonidan ta’sis etilgan. Ushbu orden Fransiyada davlat tomonidan alohida xizmatlarning e’tirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisidir. Bu o‘z navbatida, so‘nggi yillarda faollashgan O‘zbekiston — Fransiya munosabatlarining mantiqiy davomi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun zamin yaratadi.
Umuman olganda, mazkur tashrif juda samarali bo‘ldi va ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Zotan, u O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani bilan tarixiy ahamiyatga egadir.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik
masalalari qo‘mitasi a’zosi