201 15.03.2025
“Ishonchim komil, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ezgu hamkorlik an’analarini nafaqat tiklash, har ikki davlat taraqqiyotiga xizmat qiladigan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ayni paytda ularni bugungi globalizatsiya sharoitiga mos keladigan yangi, yuksak darajaga ko‘tarish vaqti keldi. Mamlakatlarimiz oldida turgan vazifalar va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarning mushtarak xususiyatlarga ega ekani va bu o‘zgarishlardan kutilayotgan natijalar ham ko‘p jihatdan o‘xshash ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, bunday hamkorlik yanada muhim ahamiyat kasb etadi”.
Ushbu fikrlar Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron qalamiga mansub “Revolyutsiya” nomli kitobning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yili o‘zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan nashriga davlatimiz rahbari yozgan so‘zboshidan iqtibos olindi. O‘tgan davrda, haqiqatan ham, O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari har tomonlama izchil rivojlanib bormoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronning taklifiga binoan shu yil 11-13-mart kunlari davlat tashrifi bilan Fransiya mamlakatida bo‘ldi. Tashrif doirasidagi muloqotlar kun tartibidan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin oldi.
Bunga qadar O‘zbekiston Prezidenti 2018- va 2022-yillarda Fransiyaga rasmiy tashrif buyurgan bo‘lsa, o‘z navbatida, Fransiya Prezidenti 2023-yili O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Oliy darajadagi ushbu tashriflar hamkorlik munosabatlarining barcha soha va yo‘nalishlarida yangi davrni, ya’ni yuksalish bosqichini boshlab berdi.
Bu haqda fikr yuritganda, turli sohalardagi manfaatli aloqalarimiz rivojini ko‘rsatadigan ko‘plab raqamlaru tafsilotlarni keltirishdan tiyilmoqchimiz. Buning o‘rniga madaniy sohadagi hamkorligimizning yorqin yutug‘i bo‘lgan ikkita misolga e’tibor qaratish bilan kifoyalanamiz.
Birinchi misol: 2022-yilda Parijning naq markazida – dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri, Fransiyaning noyob durdonasi hisoblanuvchi Luvr muzeyida O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan dastlabki yirik ko‘rgazma yuqori darajada o‘tkazildi.
Ikkinchi misol: 2024-yilda Fransiya mezbonlik qilgan yozgi Olimpiya va Paraolimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari faol ishtirok etib, tarixiy natijalarga erishdilar. Ya’ni, o‘z tarixida ilk bor eng ko‘p medallar jamg‘argan O‘zbekiston bu borada katta yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayotgan 15 ta peshqadam davlat safidan o‘rin oldi.
O‘zbekiston Fransiyani dunyoning siyosiy va iqtisodiy yetakchilaridan biri deb biladi. Fransiya Yevropa siyosatida katta rol o‘ynaydi va parlamentarizm bo‘yicha boy tajribaga ega. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev bu galgi davlat tashrifi doirasida Parij shahrining Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv o‘tkazgani alohida ahamiyatga ega.
Muloqot avvalida Yael Braun-Pive xonim parlament – fransuz demokratiyasining yuragi, deya ta’kidladi. O‘zbekiston Fransiyaning do‘sti, strategik hamkori, deb hisoblaymiz. O‘zbekistonga yaqin hamkor ekanimiz bilan g‘ururlanamiz, dedi Fransiya Milliy majlisi Raisi.
Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi, binobarin, keyingi yillarda mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga keldi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalari ham e’tirofga sazovor. Bunday natijalarga birgina aniq misol – bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berilganidir. O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi ko‘plab davlatlar uchun o‘rnak va namuna bo‘lishga munosibdir.
Shuningdek, Yael Braun-Pive xonimning fikricha, parlament diplomatiyasini, ayniqsa, parlamentlarimizning do‘stlik guruhlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish lozim. Zero, parlamentlararo muloqot – davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikning “katalizatori” bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Prezidenti Fransiya parlamenti Milliy majlisi Raisining fikrlarini ma’qullar ekan, men o‘zim ham 15 yil parlament a’zosi bo‘lganman, shuning uchun parlament hayotini ich-ichidan his etaman, parlament – bu xalq uyi, xalq ovozi, deya uqtirdi. Parlament islohotlarimizning huquqiy asoslarini yaratishda faol ishtirok etmoqda. Shu bois yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga berildi.
Bundan ikki yil avval qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish yuzasidan o‘tkazilgan referendumda 85 foiz saylovchi qatnashdi, dedi Prezidentimiz. Biz uchun eng muhimi – xalq ovozini eshitish, xalqimiz muammolarini hal etishdir. Chunki Yangi O‘zbekistonda xalqchil davlat qurayapmiz. Mahalla institutiga katta e’tibor qaratmoqdamiz.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar endilikda ortga qaytmas tus olganligiga e’tiborni qaratdi. Qat’iy siyosiy iroda bilan odamlarni bunday yashash endi mumkin emasligiga ishontira oldik. Xalq bizga ishongani uchun ham islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Yangi O‘zbekistonning islohotlar strategiyasida hamma uchun teng imkoniyatlar yaratish, inson huquqlarini hurmat qilish, xalq farovonligini oshirish va aholiga munosib turmush sharoitini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, haqiqatan ham, bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bundan necha asrlar ilgari yashab o‘tgan shavkatli ajdodlarimiz Amir Temur va Sharl VI orzularini real voqelikka aylantirmoqdalar.
O‘zaro suhbat asnosida Prezidentimiz uchta aniq taklifni olg‘a surdi.
Birinchisi, Fransiya Milliy majlisi Raisi va fransuz deputatlarni joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga taklif qildi.
Ikkinchisi, “O‘zbekiston–Fransiya” parlamentlararo forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.
Uchinchisi, O‘zbekiston parlamentining Qonunchilik palatasi va Fransiya parlamentining Milliy majlisida “O‘zbekiston–Fransiya” do‘stlik guruhlari qayta tuzilgani munosabati bilan ularning faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish muhimligini qayd etdi.
Davlatimiz rahbarining taklif va tashabbuslarini Fransiya tomoni to‘la qo‘llab-quvvatladi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Fransiya Respublikasi Milliy Assambleyasi o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar jadal rivojlanmoqda. Yaqinda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fransiya Milliy Assambleyasi bilan parlamentlararo hamkorligi bo‘yicha guruh tuzilgani, keyingi sakkiz yil ichida parlamentlarimiz vakillari o‘rtasida yigirmaga yaqin ikki tomonlama tashrif va muloqotlar tashkil etilgani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Ma’lumki, Yangi O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladigan 2030 yilgacha bo‘lgan strategiya izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash bilangina cheklanib qolmasdan, balki ushbu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ham ilgari surmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani aynan O‘zbekistonning tashabbusi asosida qabul qildi. Shu o‘rinda xalqaro hamjamiyatning oliy minbaridan ilgari surilgan ushbu taklifimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun fransuz hamkasblarimizga alohida minnatdorchilik bildiramiz.