“Katta sakrash”ga sabab bo‘luvchi soha


570     18.03.2025

Mamlakatimiz iqtisodiyotida xizmat ko‘rsatish va servis sohasi tez rivojlanuvchi tarmoqlar sirasiga kirib, faoliyat ko‘lami va qamrovi yildan-yilga kengayib bormoqda.

Xususan, servis sohasida amalga oshirilgan ishlar natijasida qo‘shimcha 1,5 million aholi doimiy daromadga ega bo‘ldi. Xizmatlar miqdori 2018-yildagi 19 milliard dollardan 65 milliard dollarga oshdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, moliyaviy xizmatlar, turizm, aviatsiya, ta’lim va tibbiyot sohalarida “katta sakrash” bo‘ldi.

Prezidentimizning “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tizimni yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur hujjatda xizmatlar hajmini 15 foizga oshirish, sohada 3 million kishini daromadli mehnat bilan ta’minlash, 52,2 mingta xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish sohani rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi.

Shuningdek, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolati Sog‘liqni saqlash vazirligidan sohadagi jamoat birlashmalari yoki uyushmalarga o‘tkaziladi. Karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlashtirish bo‘yicha faoliyat Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligidan litsenziyalash tartib-taomillaridan o‘tgan tadbirkorlik subyektlariga beriladi.

Bundan tashqari, yakka tartibdagi uy-joylarning qurilish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan nazorat yuritish, kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarning qurilishi hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan nazorat yuritish Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligidan arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqarish faoliyati uchun litsenziyaga ega subyektlarga o‘tkaziladi.

O‘zbekistonga olib kiriladigan “M” va “N” toifadagi g‘ildirakli yangi transport vositalarini ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik subyektlariga berilishi ko‘zda tutilgan.

Umuman olganda, belgilangan maqsadlar yurtimizda xizmatlar sohasining barqaror rivojlanishiga, aholining farovon turmushiga, ishsizlikning kamayishiga xizmat qiladi.

 

Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi