445 18.03.2025
Ushbu savol Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat institutida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan tashkil etilgan “2019-2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi”ni o‘rganish yakunlari yuzasidan tashkil etilgan jamoatchilik eshituvida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, partiya Saylovoldi dasturiga muvofiq, deputatlar ishtirokida 300 ga yaqin kutubxonalar faoliyati o‘rganildi. Dastlabki tahlil natijalariga ko‘ra, sharoiti eng og‘ir kutubxonalar maktablarda ekanligi aniqlandi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi maktab kutubxonalari uchun o‘tgan yil hisobidan mahalliy byudjetdan bir so‘m ham mablag‘ ajratilmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida mavjud axborot kutubxona markazlaridagi sharoitlar ham bugungi kun talabiga umuman javob bermasligi aniqlandi. Jumladan, Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani axborot kutubxona markazi binosi otalar choyxonasida joylashgan bo‘lib, bino davlat taʼlim standartlariga moslashtirilmagan.
Toshkent shahrining tumanlarida ko‘zi ojizlar uchun kutubxonalar mavjud emasligi, Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ushbu kutubxonalar uchun jalb etilgan mablag‘lar hisobigagina emas, balki davlat byudjetidan tegishli mablag‘lar ajratilishiga ehtiyoj borligi aniqlandi.
Tez kunda o‘rganish natijalari partiya nashri - “Milliy tiklanish” ijimoiy-siyosiy gazetasida eʼlon qilinadi.
Sohada aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli mansabdor shaxslarning hisoboti eshitiladi.