1032 20.03.2025
2024-yili O‘zbekistonga 7 million sayyoh kelgani ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, soha mutasaddilari 2030-yilda ushbu ko‘rsatkichni 15, ichki turizm oqimini esa 25 millionga yetkazmoqchilar. Yana bir ma’lumotda turizm eksportidan daromad 4 barobarga oshgani aytilmoqda. Yodingizda bo‘lsa, 2024-yilning 12-iyulida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga tashrif buyurgan Jahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan O‘zbekistonda turizmni izchil rivojlantirish borasida keng ko‘lamli hamkorlikni muhokama qilgan edilar. Ushbu tarixiy uchrashuvning amaliy natijasi esa mamlakatimizda xalqaro imijni ilgari surish, ta’lim sohasi va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida qo‘shma chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish, jumladan, YUNVTO Xalqaro akademiyasi va mavzuli ofisining tashkil etilishi bo‘ldi.
Tan olish kerak: keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand Registonidagi ko‘k rangdagi koshinlardan tortib, Toshkentning gavjum bozorlarigacha, hunarmandchilik, zamonaviylik bilan uzviy bog‘langan qadimiy an’analarni e’tirof etayotgan sayyohlar soni ko‘payib boryapti. Lekin faqat Samarqand, Buxoro yoki Xivadagina emasku bizning tarixiy yodgorliklarimiz. Yurtimizning har bir viloyatida ming-ming yillik tariximizni bag‘riga yashirgan yodgorliklarimiz bor. Turizm sohasi vakillari faqat borlarini rivojlantirish emas, barcha tarixiy manzillarni birdek obod qilish, sayyohlar borishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda ham infratuzilmalarni yaxshilash ustida bosh qotirishlari kerak.
Xo‘sh bugun o‘zbek milliy turizmining salohiyati qay darajada? Sohaning bor imkoniyatlardan yetarlicha foydalana olyapmizmi? Afsuski yo‘q.
Hali ko‘zlangan maqsadlarga erishish yo‘lida o‘z yechimini kutayotgan muammolarimiz talaygina. Ma’lumki, har qanday sayyohda iliq taassurot uyg‘otishda mehmondo‘stlik va xizmat ko‘rsatishning sifati nihoyatda muhim hisoblanadi. Biroq biz aksariyat hollarda buning aksini qilyapmiz. Aksariyat manzillarda transportdan boshlab, mehmonxonalar, bozorlar va hatto ovqatlanish maskanlarida xizmat ko'rsatish sifatigacha haminqadar. Bu esa sayyohlarning e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Tan olaylik: nafaqat turizm sohasi, balki mamlakatimizda investitsion muhitni yaxshilashda ham sayyohlar muhim rol o‘ynaydilar. Shunday ekan, faqatgina turizmchilar yoki tadbirkorlar emas, har birimiz bundan manfaatdor ekanimizni anglaydigan payt keldi. Demoqchimizki, turistlar uchun qancha yaxshi sharoitlar yaratsak, turizm jozibadorligi oshsa, bu bevosita investorlar e'tiborini tortadi. Natijada biznes qilishga ishonchi paydo bo'lgan investor O‘zbekistonimizni tanlay boshlaydi. Ko'rinib turibdiki, turizm bitta qo'mita yoki vazirlikning emas, barchamizning mas'uliyatimizga aylanishi kerak.
Shu o‘rinda milliy turizm sohasi rivojiga to‘siq bo‘layotgan omillardan biri bu aeroportlarimizdagi xizmat ko‘rsatish tizimining talab darajasida emasligi ekanini aytish kerak. Yana bir misol: Toshkent shahri havoning ifloslanishi bo‘yicha bir necha marotaba xalqaro indeksda yuqori o‘rinlarni qayd etdi.
Garchi aeroportlarda xizmat ko‘rsatish uchun tariflarni shakllantirish qoidalari tasdiqlangan bo‘lsa-da, bu jarayonning erkin bozor iqtisodiyoti kabi shakllantirilmagani sohaning yana bir muammosi deyish mumkin. Bu bevosita ichki monopoliyaga olib kelish va bevosita rezident hamda norezident fuqarolar uchun qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy. Bundan tashqari, mamlaka miqyosida yagona “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyatining mavjudligi ham tabiiy narxlarning yagona yuridik shaxs tomonidan belgilanishi hamda xizmat ko‘rsatish sohasidagi bir necha muammoni keltirib chiqaryapti.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, milliy turizm bu mamlakatimiz nomini dunyoga yoyadigan soha. Bas shunday ekan, bu soha yo‘liga to‘siq bo'layotgan muammoning kattami, kichikmi, barchasi hal etilishiga erishishimiz kerak. Toki oddiy taksichiyu, oshpazgacha, Turizm qo‘mitasining mansabdoriyu, restoranda xizmat ko‘rsatayotgan ofitsiantgacha sohaning tom ma'nodagi fidoyisiga aylanmas ekan, soha biz kutgandek rivojlanmaydi.
Madaminbek UMBAROV,
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 7-mart sonidan olindi