513 20.03.2025
Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, endi shaxslarni o‘z roziligisiz foto va videoga olish taqiqlanishi mumkin.
Loyihaga ko‘ra, fuqaro ruxsatisiz uni tasvirga olish taqiqlanadi. Biroq ayrim istisnolar, jumladan, davlat xizmatchilarini suratga olish, to‘y yoki boshqa ommaviy tadbirlarda umumiy jarayonni tasvirga tushirishda ruxsat talab qilinmaydi. Shu o‘rinda, axborotni nooshkora olishga mo‘ljallangan vositalardan foydalanganlik uchun jarima ham nazarda tutilayotganini aytish joiz. Loyiha yuzasidan takliflar 28-martgacha qabul qilinadigan bo‘ldi.
Yuqoridagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi.
Vazirlik mutasaddilarining fikricha, shaxslarning tasviridan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarda shaxsiy daxlsizlik huquqi «uni amalga oshirish mexanizmlari bilan ta’minlanmaganligi» sababli cheklanmoqda. Shu sababli ushbu qonun loyihasida «shaxslarning, jumladan, bolalarning tasvirga bo‘lgan huquqlarini kafolatlash, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati shaffofligini, so‘z va matbuot erkinligini yanada mustahkamlash, mehnat munosabatlarida xodimlarning tasvirga bo‘lgan huquqlari muhofazasini kuchaytirish maqsadida» Fuqarolik, Mehnat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda. Adliya vazirligi ushbu loyiha pasportida bu tashabbus uchun «prezident yoki hukumat topshirig‘i» asos bo‘lganini keltirgan, lekin asos bo‘lgan hujjatlarning havolasi mavjud emas.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tganidan so‘ng hukumat va prezident administratsiyasi tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi. Shundan keyin hujjat Oliy Majlisga kiritiladi, ikkala palata tasdiqlagach, qonun Prezident tomonidan imzolanadi va rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 19-mart sonidan olindi