“Mirobod”liklar o‘z deputatlarini kutishgan ekan!


872     20.03.2025

Belgilangan tartibga ko‘ra, endi deputatlar har oyning oxirgi haftasida joylarga chiqib, o‘z saylovchilari bilan uchrashmoqdalar... Saylovchilarning fikricha, o‘rnatilgan yangi tartib saylovchi va deputat o‘rtasidagi “masofa”ni keskin qisqartirmoqda.

Asosiy uchrashuv va muloqotlar 83-maktab, 1-sonli oilaviy poliklinika, 4-sonli tug‘ruq majmuasi va mahalliy ishlab chiqaruvchi sexida tashkil etildi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Otabek Jiyanboyevning aytishicha, navbatdagi o‘rganishlarda tilga olingan muammolar «Lolazor» mahallasi, Mirobod ko‘chasi 27, 33 va 27/10-uylar orasidagi bo‘sh maydonni obodonlashtirib, dam olish maskaniga aylantirish, «Mirobod» va “Yangi Mirobod” mahallalarida bolalar uchun futbol, voleybol va tennis maydonlari yo‘qligi, «Nukus» ko‘chasidagi 88/1 uyda joylashgan «Mirobod» mahallasi binosiga tutash yerda bo‘sh yer bo‘lsada, undan samarali foydalanilmayotgani, aholining fikricha, ushbu hududda sport maydonchalari qurilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishi bilan bog‘liq masalalar qizg‘in muhokama qilingan. Xususan, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Ahmedov, IIOFMB boshlig‘i, podpolkovnik Otabek Xodjayev hamda mahalla yettiligi a’zolari ham ushbu masalalar bejiz ko‘tarilmaganiga guvoh bo‘lishdi.

Sayyor qabulda shuningdek, fuqaro Gullola Ashurova yillar davomida parvarish qilgan bemor onasi vafot etgach, uy-joyini xatlab olomayotgani, fuqaro Ra’no opa esa 16 yoshli qiziga doimiy yashash joyi bo‘lmagani sabab fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat berishmayotgani, fuqaro Nasha Nikitina esa Respublika ixtisoslashtirilgan va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan davolanishi uchun order olishda qiynalayotganini aytib, deputatdan yordam so‘radi.

1-sonli oilaviy poliklinikaga tashrif chog‘ida esa bir qator apparaturalarga ehtiyoj borligi aniqlandi.

83-maktabda o‘quvchilar uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan bo‘lsada, maktab kutubxonasiga «Jadidlar» kitobi to‘plami yetishmayotgani ta’kidlandi.

Deputat esa ushbu masalalar qat’iy nazoratga olinib, ijroga yo‘naltirilishini bildirdi.

“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 19-mart sonidan olindi