Birmizmi, demak kuchmiz


873     20.03.2025

O‘zlikni anglash shubhasiz, tarixni o‘rganishdan boshlanadi. Tarixni bilmasdan turib inson o‘zligini topishi amri maholdir. Shu ma’noda ham milliy davlatchilik, milliy madaniyat va ma’naviyat taraqqiyotining tarixiy tajribasini o‘zlashtirmagan xalq milliy tiklanishga qodir emas. O‘zlikni anglash orqali esa biz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalarda oldimizda turgan vazifalarni muvaffaqiyatli hal eta olamiz.

Buyuk ajdodlarimiz tarixi, ularning ezgu ishlari va jasoratlari axloqiy tarbiya va ibrat manbaiga ham aylanmoqda.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy, Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Zahiriddin Muhammad Bobur singari ko‘plab buyuk ajdodlarimiz shu ma’noda ham xalqimizning milliy iftixori bo‘lib kelmoqda.

Ma’lumki, til – o‘zaro muomala vositasi bo‘lish bilan birga, millat, davlat va jamiyat taraqqiyotida ham juda muhim o‘ringa ega. Millat, davlat, jamiyat taraqqiy qilar ekan, uning ona tiliga bo‘lgan e’tibori va mehri kuchaya boradi. Bugunga kelib, tilimiz siyosiy, madaniy, iqtisodiy sohalarda, ilm-fan, sport, harbiy tizimda keng qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy asarlarni o‘zbek tilida, yangi alifboda chop etish va keng targ‘ib etish siyosati o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatni joyiga qo‘ydi.

1989-yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning istiqlolga erishish, shu yurtda yashayotgan, uning rivoji, istiqboli uchun jon kuydirayotgan har bir insonning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Shu o‘rinda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va uning hududiy Kengashlari o‘z faoliyatlari davomida davlat tilining maqomi va nufuzini oshirishga qaratilgan davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlab, bir qator takliflarni ilgari surib kelmoqda. Jumladan:

  • davlat tilini isloh qilish bo‘yicha davlat komissiyasini tashkil etish;
  • qonun hujjatlari hamda idoraviy yozishmalarning ham to‘la davlat tilida yozilishini ta’minlash;
  • tashqi reklama hamda boshqa yozuvlarning davlat tili va yozuvida bo‘lishini ta’minlash;
  • rasmiy idoralar, mobil operatorlar xabarlarining davlat tilida bo‘lishiga erishish;
  • chet tillardagi kinofilmlarni mamlakat kinoteatrlarida namoyish etishda ularni o‘zbek tiliga majburiy tarjima qilishga qaratilgan huquqiy normani belgilash;
  • «Davlat tili haqida»gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish;
  • alifbo islohotlarini, xususan, lotin alifbosiga o‘tishni yakuniga yetkazish, «Davlat tili haqida»gi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, davlat tilida ish yuritmagan tashkilot rahbarlariga keskin choralar ko‘rish;

- o‘zbek tili va adabiyoti fanidan milliy sertifikat olish uchun belgilangan imtihon topshirish to‘lovlarini bekor qilish.

Eng muhimi, partiya yuqorida keltirilgan har bir taklifning samarali natija berishini qator loyihalarni jamiyatga tatbiq etish orqali yaqqol ko‘rsatib berdi. Xususan, oxirgi besh yilda o‘tkazilgan «Sof o‘zbek tilida» jamoatchilik nazorati aksiyasi, «Navoiy vorislari» («Yuz minginchi Navoiy vorisi») respublika ko‘rik-tanlovi, «O‘zbekchasi borku» kabi loyihalarda ming- lab yoshlar ishtirok etdi.

60 mingga yaqin a’zoni birlashtirgan partiyaning Samarqand viloyati Kengashi ham bu borada faol. Mahalliy kengashlardagi deputatlarimiz tomonidan «Davlat tili haqidagi»gi hamda «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlar ijrosi bo‘yicha muntazam o‘rganishlar olib borilmoqda. Deputatlik guruhlari tomonidan

o‘rganishlar natijalari bo‘yicha viloyat va tuman kengashlari sessiyalariga masalalar kiritilib, bu boradagi kamchiliklarni hal qilish bo‘yicha sessiya qarorlari qabul qilinishiga erishilyapti.

Mubolag‘a emas, bugun mamlakatimizda «Milliy tiklanishdan - milliy yuksalish sari» g‘oyasi asosida Yangi O‘zbekistonni bunyod etish borasida barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqdaki, bu jarayonda ham tilga, uning rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

«Milliy tiklanishdan - milliy yuksalish sari» g‘oyasi esa butun mamlakatimiz aholisi, umuman, barcha- barchamizning umumiy maqsad va manfaatlarimizni ifodalaydigan umumxalq harakatiga aylandi. Binobarin, Yangi O‘zbekistonning milliy g‘oyasi insonparvarlik, ezgulik, bunyodkorlik g‘oyasi sifatida milliy davlatchiligimizning huquqiy, siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy asoslarini yaratishda bunyodkor manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mamlakatimiz keyingi yillarda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish, xorijiy davlatlar bilan do‘stona

hamda o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida muhim natijalarga erishmoqda.

Keyingi yillarda inson huquqlari himoyasi, so‘z erkinligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarimiz Yevropa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda turli millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab, samarali mehnat qilib kelmoqdalar. Turli millatlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Eng asosiysi, yurtimizda barcha millat va elatlarning tili, yozuvi, dini, umuman milliy qadriyatlari barqaror rivojlanishi uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan. Rus, qozoq, qirg‘iz, tojik tillarida turli nashrlar, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlar tayyorlanyapti.

Zero, bularning bari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ko‘p millatli xalqimizning birdamligi, buyuk kuch va qudratiga tayanilayotganini anglatadi, albatta.

Akbar AXTAMOV,
partiyaning Samarqand viloyati kengashi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 19-mart sonidan olindi