“Milliy tiklanish”ning erkin va kuchli fuqarolik jamiyati rivoji yo‘lidagi muhim tashabbusi


651     20.03.2025

Maʼlumki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi deputatlari tashabbusi bilan kiritilgan nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatiga oid qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilinganidan so‘ng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.

Toshkentdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlar uyi”da Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi hamda O‘zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi hamkorligida ushbu qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasi NNTning huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratining taʼsirchanligi va samaradorligini oshirish hamda sohada ochiqlik va shaffoflikni yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Soha vakillari loyihada nazarda tutilgan takliflarni, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, jamoatchilik nazoratining yakuniy hujjatini belgilangan muddatda ko‘rib chiqmaganlik uchun davlat organlarining mansabdor shaxslariga maʼmuriy javobgarlik belgilanayotgani, shuningdek, nodavlat tashkilotlar uchun amalda bo‘lgan maʼmuriy jarima miqdorlari keskin kamaytirilayotganini alohida eʼtirof etdi.

Shu bilan birga nodavlat tashkilotlar faoliyatida shaffoflikni oshirish, talon-toroj qilish yoxud firibgarlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar tomonidan jamoat fondlarini taʼsis etilishining oldini olishga qaratilgan normalar davr talabi sifatida baholandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatimizda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etib, ushbu qonun loyihasi islohotlarning mantiqiy davomi va mustahkam ustuni bo‘lib xizmat qilishini taʼkidladilar.

Davra suhbatida soha mutaxassislari tomonidan qonun loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar berildi hamda shular asosida ikkinchi o‘qishga tayyorlashga kelishib olindi.