Yangi avlod vakillariga “og‘iz solish”, “ro‘mol o‘rash”, “uzuk taqtirish” kerakmi?


1199     24.03.2025

Bundan ikki yilcha avval ijtimoiy tarmoqlar voyaga yetmaganlarni unashtirish, nikoh bilan bog‘liq salbiy udumlarni bir muddat qizg‘in muhokama qildiyu, keyin kutilgan darajada shov-shuv ko‘tarilmaganidanmi, har qalay ushbu mavzu qozonini yopdi-qo‘ydi... Chindan ham unashtirish udumlarning tarixi uzun. Ular dinimizdan oldin ham mavjud bo‘lgan, deyish mumkin. Islom dinining yoyilishi sabab ushbu udumlar diniy marosimlar sifatida e’tirof etila boshlandi, ta’sirlar doirasida ular o‘zgarishlarga ham yuz tutdi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, hozir deyarli barcha urf-odat, rasm-rusumlarga diniy tus berish oddiy holga aylangan.

Ayrim davlatlarda qizlarni turmushga berish bilan bog'liq noodatiy tartib-qoidalar va ularning ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalari ushbu masalaga bo'lgan e'tiborni kuchaytiradi, albatta. Xususan, Afg'onistonda qizlarni turmushga berish yoshi 9 yosh ekani, yaqindan boshlab Iroqda ham 9 yoshdan turmushga berish mumkinligi belgilangani, Eronda esa aslida 13 yosh belgilangan bo‘lsada, 10 yoshdan turmushga berish holatlarining kuzatilayotgani ushbu masalaning tobora dolzarblashib borayotganini ko‘rsatdi, albatta.

O‘zimizda ham yangi oila qurish bilan bog‘liq «Fotiha to‘y» («Unashtirish») va «Nikoh to‘y»lariga juda katta e’tibor bilan qaraladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Baxtiyor oila» kitobida keltirilishicha, hozirda keng qo'llanilayotgan «Unashtirish» bu sovchilarga berilgan rozilik javobidir.

Demak, endi rozilikni odamlarga eshittirib qo‘yish kerak.

Boshqacha aytganda, o'sha davr qarashlaridan kelib chiqsak, qiz endi egalik bo'ldi degani. Ya'ni, bundan keyin boshqa sovchilarning ovora bo'lib yurishlarini to'xtatish kerak. «Unashtirish»ni qo'shnilar, qarindoshlar, butun ommaga yetkazish maqsadida ularni chorlab, bazm qilib, yaxshi tilaklar bildirilib, yakunda fotiha o'qiladi. Vaqt o'tishi bilan bu jarayon - «Fotiha to‘yi» nomini olgan.

O‘zbek milliy ensiklopediyasi, shuningdek, O‘zbek tilining izohli lug‘atida «Unashtirish» yoki «Fotiha to‘yi» «nikoh to‘yidan oldin yigit va qiz tomonning roziligini rasmiylashtirish uchun o‘tkaziladigan marosim» sifatida talqin qilingan. Ya’ni, bu bir marosimni anglatadigan ikkita tushunchadir.

Ayrim hollarda «Non sindirish» yoki oddiygina qilib, «Belgi» ham deyiladigan bu jarayon hozir adabiy tilimizda umumiylashtirilib, «Unashtirish» deb atalmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Unashtirish» tushunchasi G‘arb mamlakatlarida deyarli uchramaydi. Ularda nikohga tayyorlanishda o‘zaro tanishtirish, munosabatlarni rivojlantirish, nikohga tayyorgarlik ko‘rish tadbirlari o‘tkaziladi. Ammo ular diniy zamirga asoslanmagan. Xuddi shuningdek, Turkiyada «Nishan», deb ataladigan unashtirish tushunchasi bo‘lib, bu marosimda nikohga tayyorlanish, kelin-kuyovning bir-birini tanishishi va oilalarning rasmiy kelishuviga erishiladi. Turk fuqarolik Kodeksida unashtirish va uning oqibatlariga oid bir nechta moddalar ham bor.

Hindistonda esa unashtirish «Ashir-vad» deb atalar, unda kelin-kuyovga sovg'alar berilib, marosim taomlari taqdim etilarkan va, eng muhimi, ota- onalarning ahdlashuvi kelin- kuyov bir-birlariga va'da berishi hisoblanarkan.

Xitoyda esa unashtirish marosimida «xunnyan» (sovchi)lar ishtirok etishi an'ana hisoblanib, «choy ichish» marosimida ham kelin- kuyovning oilalari o'rtasida va birinchi navbatda, yoshlar o'rtasida boshqalar ko‘z o'ngida kelishuvga erishiladi, so'ng kelin-kuyovga sovg'alar beriladi. Ko'rinadiki, xorijda ham «Unashtirish» tushunchasi va marosimlari mavjud bo'lib, bizlarnikiga o‘xshash va o‘xshamas an’analarga amal qilinadi. Ushbu marosimlarda esa diniy va diniy bo‘lmagan urf-odatlarni qamrab olish barobarida zamonaviy odatlar ham uyg‘unlashib borayotganini ta’kidlash lozim.

Shu o‘rinda nikohgacha o‘tkaziladigan marosimlarning deyarli barcha bosqichida qimmatbaho sovg‘alar, kiyim- kechaklar, dasturxon atrofida o‘tirishlardagi sarf-xarajatlar an’ana va diniy marosim talab- laridan kelib chiqilishini aytish joiz. Biron bir sabab bilan turmush qurish rejasi buzilgudek bo‘lsa, bu sarf-xarajatlar bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Bizda ham bu borada azaldan lafzga ishonib ish ko‘rilgan. Keyin fotiha o‘qilgan. Zamonaviy dunyoda esa ayni shu masalada rasmiylik talab etilmoqda va bu bejiz emas. Zero, rasmiy nikoh va u bilan bog‘liq marosimlarning mustahkamligini ta’minlamoqda. Xalqimizda belquda — yaqin do‘st-birodarlar o‘z ayollarining homiladorligi paytida hali tug‘ilmagan bolalarni bir-biriga atashtirib qo‘yishgan. Yoki beshikkerti, quloq tishladi kabi odatlarni olaylik. Bu boshqalarni oldindan ogoh etib, vaqti-soati kelib, ovora bo‘lmasliklarini, qiz allaqachon egallanganligini bildirgan, deb ta’kidlasak to‘g‘riroq bo‘ladi.

Bu jarayonga diniy marosim emas, balki udum sifatida qaralishi kerak. Ammo vaqt o‘tishi bilan qarashlar ham o‘zgardi. Kelin yoki kuyovning bir-biriga yoqmay qolishi (ko‘rinish, bo‘y-bast, rangi-ro‘y, ishchanligi, aql, fahm-farosat va h.k.), xarakterlarning mos kelmasligi, yangi yo‘nalishdagi manfaatlarning yuzaga chiqishi oldindan belgilangan kelishuvlarning buzilishiga olib kelgan.

Qizlarning ham yuzlari ochilib, ko‘chaga chiqishlari «qishloq yoki mahallaning oldi qizi» kabi tushunchalarning paydo bo‘lishiga, shu qizni kelin qilish maqsadidagi harakatlarning kuchayishiga turtki bo‘lganligini ham tan olishimiz zarur.

Ayni paytda bunday munosabatlarning qishloq joylarda ham o‘qigan yoki hunari bor qizlarga qaratilayotganligi qarashlarimiz yanada takomillashib borayotganini anglatadi, albatta.

Ammo hayot haqiqati shundaki, har qanday o‘zgarish va yangilanishlarga qaramay, o‘g‘il uylantirish tashvishida yurgan ayollar bo‘lajak kelin uchun qizlarning eng yaxshisini tanlash, boshqalardan oldin og‘iz solish, eng muhimi esa unga egalik qilishga urinishda davom etmoqdalar.

Tan olaylik, qizni ko‘rib, nasl- nasabini surishtirib, oilasining jamiyatdagi o‘rni, ota-onasining mansabiga qiziqib, mol-mulkini «cho‘t»ga solayotganlarning maqsadi bitta - tezroq, boshqalardan oldinroq eng chiroyli, eng kelishgan, o‘qigan yoki ota-onasi o‘qitishi, hayoti davomida moddiy qo‘llab- quvvatlashi imkoniyati bor qizlarga «og‘iz solish», egalik qilishdir.

Mana bir misol: yaqinda Qashqadaryoda 7-sinfda o‘qiyotgan qiz unashtirilgani haqida xabar tarqaldi. Ming afsuski, bunday «noyob» holat keyingi paytlarda har qadamda uchrayapti. Ya’ni, ota-onalar tinib- tinchimay, kelajak uchun tamal toshi qo‘yish bilan ovoralar... Ammo aksariyat hollarda tamal toshining bu tarzda qo‘yilishi yurtimiz, millatimiz kelajagiga otilayotgan toshga aylanmoqda. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: ayni o‘qishi, ilm olishi, hunar o‘rganishi kerak bo‘lgan yoshlar shunday paytda o‘zlariga mutlaqo zarurati yo‘q o‘y-xayollar bilan band bo‘lib qolmaydilarmi. Bu jarayonning ular ongiga ruhiy-psixologik ta’siri qaytmas o‘zgarishlarga olib kelmaydimi? Savollar ko‘p, albatta.

Oldindan ta’kidlashimiz zarur: qonunchiligimizda erta nikoh masalasi huquqiy tartibga solingan va bu bo‘yicha javobgarlik ham belgilangan. Masalan, Oila kodeksining 13-moddasida diniy rasm- rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Xususan, xalq orasida keng ko‘lamda ishlatiladigan Unashtirish (Fotiha), Nikoh - bu diniy marosim sifatida qabul qilinishi mumkin.

Ilgarilari Unashtirishdan oldin sovchilar yuborilgan, quda- andachilik haqida og‘iz ochilgan. Bugun esa ota-onalarning o‘zlari oldindan kelishib olishmoqda, keyin sovchilar yuborilyapti. Ayrim hollarda hatto sovchilarga ham hojat qolmayotir... O‘zbekiston milliy ensik- lopediyasi, O‘zbek tilining izohli lug‘atida «Unashtirish» yoki «Fotiha» diniy marosim sifatida tilga olinmaganini ham e’tiborga olish zarur.

Yana bir muhim jihat, qonunchiligimizda qanday marosimlar diniy marosimlar hisoblanishi aniq belgilanmagan. To‘g‘ri, xuddi shunday holatlarni Rossiya Federatsiyasi, Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va boshqa qo‘shni mamlakatlar qonunchiligida ham ko‘rishimiz mumkin.

Lekin nima bo‘lganda ham bugungi reallik ushbu masalaga jiddiy e’tiborni talab etmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-3-moddasining «nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosim amalga oshirish»ga yoki Jinoyat kodeksining 125-1 moddasining uchinchi xatboshisiga muvofiq, aynan marosimni amalga oshirish qayta takrorlanganda qo‘llaniladigan javobgarlikni qanday amalga oshirish mumkinligi aniq belgilanmaganini aytish joiz. Chunki yuqorida aytib o‘tilganidek, qonunchilikda qanday marosimlar diniy deb e’tirof etilishi qayd etilmagan. Bugunga kelib, «Unashtirish» tushunchasi ham aniqlashtirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki nikohgacha bo‘lgan barcha marosimlarni birgina «Unashtirish» tushunchasi bilan atash tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida esa mana shu moddalarda «Unashtirish» tushunchasini, shuningdek, diniy rasm-rusum hisoblanmaydigan boshqa udumlarni ham e’tiborga olsak ko‘plab tushunmovchiliklarning ham oldini olgan bo‘lardik.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oila kodeksida 18 yoshga to‘lmagan yigit-qizlarni «Unashtirish» bilan bog‘liq marosimlar va harakatlar, jumladan sovchi yuborish, og‘iz solish, ro‘mol o‘rash, uzuk taqdi kabilarni amalga oshirish taqiqlanishi lozim.

Zotan, yoshlarni asrash - kelajakni yaratish demakdir. Bu borada yoshlarni erta nikohdan asrashda nikohgacha bo‘lgan jarayon haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishimiz, «Unashtirish» jarayonida kuzatilayotgan harakat va marosimlarni huquqiy jihatdan ta’minlash, voyaga yetmagan qizlarga nisbatan mana shunday harakat ishtirokchilariga javobgarlik belgilash muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Ural XAITOV, partiya faoli
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 19-mart sonidan olindi