707 24.03.2025
Maʼlumki, bir necha asrlik tarixga ega bo‘lgan, Sharq xalqlari hayotida muhim o‘rin tutgan, milliy qadriyatlarni mujassam etgan, yuksak insoniy fazilatlarni targ‘ib qiluvchi, jahon hamjamiyatida do‘stlikni mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan bayramlardan biri Navro‘z bayramidir. Navro‘z bayrami 1990-yildan beri mamlakatimizda keng nishonlanib kelinmoqda. Ushbu bayram chuqur mazmun mohiyat kasb etadi. Unda o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, bir-biriga yordam, ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro do‘stlikni mustahkamlash, tinch-totuv yashash ulug‘lanadi, boshqacha qilib aytganda, uning asosini “inson - oliy qadriyat” tushunchasi tashkil etadi. 2009-yil 30-sentyabrdan YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilganligi ham bejiz emas, albatta. Navro‘z butun dunyo jamjamiyatini tinchlikka undovchi, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlovchi bayram sifatida tan olinib, 2010-yil 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21-mart “Xalqaro Navro‘z kuni” deb eʼlon qilindi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda 2025-yilga “Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yili deb nom berilgan bo‘lib, O‘zbekistonning ekologik va ijtimoiy taraqqiyoti yo‘lidagi muhim qadamdir. Yashil iqtisodiyotning falsafasi nafaqat tabiatni muhofaza qilishga, balki iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy taraqqiyot va ekologik barqarorlikni birgalikda taʼminlashga qaratilgandir. Ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida sayqal topib kelmoqda. Ushbu ayyomni yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlarga mos holda, har tomonlama yuksak saviyada o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzilib, bir qator vazifalar belgilab berildi.
Mazkur bayram xususida juda ko‘p tarixiy manbalarda qiziqarli maʼlumotlar bor. Zardushtiylikning muqaddas kitobi sanalgan “Avesto”, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma”, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarlarida Navro‘z bayrami astronomik ilmiy asosga ega ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu qator tabiat o‘zgarishlari bilan bog‘liq bo‘lib, quyoshning hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi bilan izohlanadi. Tarixiy taraqqiyot davomida Navro‘z bayrami marosimlari xalqning turmush tarziga, mafkurasiga aylanib borgan. Manbalar guvohlik berishicha, ushbu bayram ahamoniylar davridan boshlab, nishonlanib kelingan. Umar Hayyom o‘zining “Navro‘znoma” asarida shunday taʼkidlaydi: “Navro‘zning joriy qilinishi sababini aytsak, u shundan iboratki, Oftobning ikki aylanishi mavjud, ulardan biri quyidagicha: Oftob har uch yuz oltmish besh kunu kecha-kunduzning to‘rtdan birida Hamal burjining birinchi daqiqasiga chiqib ketgan paytining o‘zida yana qaytib keladi va har yili bu davr kamaya boradi. Jamshid bu kunni tushungandan keyin Navro‘z deb atadi va bayram qilishni odatga aylantirdi. Podshohlar va boshqa odamlar ham uni qabul qildilar”.
Taʼkidlash joizki, Navro‘z bayrami barcha insoniy fazilatlarni ulug‘lovchi bayram sifatida tarbiyaviy ahamiyati yuksakdir. Eng qadimgi yozma manbalardan biri – zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da taʼkidlanishicha, bahorning qaytishi bu yaxshilikning yovuzlik ustidan g‘alabasi sifatida ifodalangan. To‘rt ming yillik tarixni o‘z ichiga olgan Firdavsiyning “Shohnoma”sida Navro‘z bayrami shoh Jamshid nomi bilan bog‘liq ekanligini kuzatish mumkin. U o‘z xalqiga yaxshilik qilish maqsadida kasb-kor o‘rgatadi, temir eritib qurol yasaydi, ip yigirib kiyim to‘qiydi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bog‘ bunyod qiladi. Shunchalik o‘z xalqiga bag‘rikenglik ko‘rsatadiki, uning bu ishlari yuksaklikka, osmonga ko‘tarilishiga olib keladi. Ushbu afsonaga ko‘ra, xuddi shu kundan boshlab Navro‘z nishonlangan. Har bir afsona tagida haqiqat parchasi bor. Albatta, hozirgi Yangi O‘zbekiston sharoitida o‘z xalqiga bag‘rikenglik ko‘rsatish, ehtiyojmand kishilarni qo‘llab-quvvatlash, taʼlimga eʼtibor berish, inson qadri degan tushunchani islohotlar mazmuniga aylantirish – bularning barchasi milliy qadriyatlarimiz asoslaridir. Tarixiy taraqqiyotga nazar tashlasak, har bir sulola davrida Navro‘zga juda katta eʼtibor berilgan, u xususida sheʼrlar bitilgan. Temuriylar davrida Navro‘z eng ulug‘, eng aziz, insonlarga cheksiz quvonch ulashuvchi bayram sifatida nishonlangan. Sheʼr mulkining sultoni Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsun Navro‘z”, deb bejiz bu kunni alohida yod etmagan.
Navro‘z yuksak insoniy fazilatlarni tarannum etuvchi bayramdir. Ha, u insoniyatni mehnatga o‘rgatuvchi, uni qadrlovchi bayramdir. Navro‘z bahor fasli va ko‘klamgi dala ishlarining boshlanishini xabar beruvchi umumxalq bayramidir. Xalqimizda unga aloqador udumlar juda ko‘p. Jumladan, Navro‘z 21-martdan 22-martga o‘tar kechasi “Qozon to‘ldi” udumi bilan boshlangan. Hamjihatlikni tarannum etuvchi ushbu udumda kechasi bilan ko‘pchilik bo‘lib, sumalak va halim ham pishirilgan. Saharda qozon ochilib, odamlarga tarqatilgan. Aytish joizki, Navro‘z qut - baraka tantana qiladigan xalq bayrami hisoblangan.
Xalqimiz uchun bu bayram yangi yilning boshlanishi sifatida quvonch bilan kutib olinadi. Bunga bir necha kun oldin tayyorgarlik ishlari boshlanadi. Uylar, xonadonlar, tevarak atroflar tozalanadi. Bu anʼanaga aylangan bo‘lib, tozalik, osoyishtalik, sog‘lom turmush tarzi talablariga rioya qilishlikning inson hayotidagi ahamiyatini anglatadi. “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek Navro‘z bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini o‘tkazilayotganligi ham bejiz emas, albatta.
Ko‘p xonadonlarda bug‘doy undirilib, uning maysasidan sumalak tayyorlanadi. O‘tdan chuchvara, yalpiz somsa tayyorlanadi. Navro‘z bayramida qadimgi xalq o‘yinlari yana bir bor yodga olinadi. Otchopar, uloq, kurash kabi xalq o‘yinlari o‘tkaziladi. Farzandlarimizning nafaqat jismonan sog‘lom, baquvvat bo‘lishida, balki ularning maʼnaviyatini yuksaltirishda ham har bir xalq o‘yini yuksak tarbiyaviy ahamiyatga egadir.
Taʼkidlash joizki, Navro‘z insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Qo‘ni-qo‘shnichilik, qarindoshchilik munosabatlarini mustahkamlaydi. Kasallar holidan xabar olish, kam taʼminlanganlarga, beva-bechoralarga yordam berish, gina xafagarchiliklarni unutish kabi sifatlarni tarbiyalaydi. Bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu sababdan keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshirish vazifalari amalga oshirilmoqda.
Ha, Navro‘z bayrami o‘ziga xos yuksak fazilatlarni tarannum etadi. Sayillar o‘tkaziladi, bahor, ko‘klam haqida qo‘shiqlar kuylanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2025-yilgi Navro‘z umumxalq bayrami “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanishi belgilab berildi.
Navro‘z bayramida yer betakror moʻjizaga aylanadi. Tabiatga bo‘lgan yuksak ehtirom namoyon etiladi. Atrof-muhitni asrash, “yashil” iqtisodiyotning falsafiy ildizlari ham aynan Navro‘z bayramiga hamohangdir. Bunda insonning tabiatga taʼsirini tushunish va uning barqarorligi uchun masʼuliyatni his qilish orqali tabiat va inson o‘rtasidagi munosabatlarni, muvozanatni saqlash borasida ahamiyati beqiyosdir. U faqat tabiatning o‘zgarishini emas, balki insoniyatning yangilanishi va yaxshilanishi ramzi sifatida muhim ahamiyatga egadir.
Navro‘z bayrami iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy jihatdan juda katta ahamiyatga egadir. Navro‘z nafaqat oilalarda, balki jamiyatda, davlatlar o‘rtasida ham do‘stlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu kun yangi imkoniyatlar va yaxshiliklar uchun boshlanish nuqtasi sifatida tarannum etiladi. U o‘zining ichki mazmuni va maʼnosini har qanday milliy anʼanalarga integratsiyalaydi va xalqlarni o‘zaro hamjihatlikka yo‘naltiriladi.
Aytish mumkinki, Navro‘z faqat bayram sifatida emas, balki ko‘plab qadriyatlar va anʼanalarning aksidir.
Huseynova Abira Amanovna
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, falsafa fanlari doktori, professor