333 25.03.2025
Psixologlar «selfimaniya», ya’ni «o‘z-o‘ziga mahliyo» bo‘lishning yosh avlod uchun katta xavf , ekanligini ta’kidlay boshladilar.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, «selfi» so‘zi har kuni Facebookda 365 ming, Twitterda 150 ming, Instagramda esa 5 milliondan ko‘p marotaba ishlatilar ekan. Boshqa bir ma’lumotda esa 18-24 yoshdagilar tomonidan olingan fotosuratlarning 30 foizi selfi ekani qayd etilgan.
... Qadim zamonlarda erkaklar o‘z qabilasidagi ayollarni yovvoyi hayvon yoki biror dushmandan himoya qilgan bo‘lsalar, bugunga kelib oila ustunlari ayoli, qizi, kelini, hatto nabirasini dushman yoki yovvoyi maxluqlardan emas, ijtimoiy tarmoqlardan himoya qilishga majbur bo‘lishyapti.
Yaqinda to'rtta tilda so'zlasha oladigan, zamonaviy bir qizning fotiha to‘yi buzilganini eshitib qoldim. Surishtirsam, bo‘lajak kuyov xorijda ishlarkan, qizga ijtimoiy sahifalariga selfi tushib joylamaslik talabini qo‘yibdi. Qiz esa buni o‘zi uchun haqoratdek qabul qilib, fotihani buzibdi. To‘g‘ri, bir qarashda bu arzimasdek tuyulishi mumkin. Ammo sotsiologlarning kuzatuvlari xulosasida yuqoridagi kabi muammo deyarli 90 foiz juftlik orasida kuzatilayotgani, hatto aksariyat oilalarning buzilib ketishiga aynan ijtimoiy tarmoqlarga surat yoki video joylash sabab bo‘layotgani qayd etilmoqda.
Yana «selfimaniya» mavzusiga qaytsak: ayrim yoshlar o‘zining ijtimoiy sahifasiga ajabtovur selfilar joylab, ko‘proq «layk» yig‘ish istagida hatto o‘z hayotlarini xavf ostiga ham qo‘ymoqdalar. Xususan, ular baland qavatli uylar tomida, yirtqich hayvonlar oldida yoki yaqinlashib kelayotgan poyezd ro‘parasida suratga tushishmoqda. Oliy maqsad, «layk» yig‘ish! Darvoqe, yodingizda bo‘lsa, selfiga tushish bilan bog‘liq ilk fojiali xabar OAVda 2014-yilning martida ijtimoiy tarmoqlarni «portlatgan» edi. E’tibor bering: 2014-yili selfiga tushish chog‘ida 15 kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 39, 2016-yilda esa 80 taga yetgandi. Shuningdek, 16 ta holatda bir vaqtning o‘zida ikki kishi selfiga tushayotib halok bo‘lgan, beshta holatda uch kishi, ikkita holatda yetti kishi va bitta holatda besh kishi bir vaqtning o‘zida hayotdan ko‘z yumgani qayd etilgandi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yildan 2023-yilgacha 49 ta davlatda selfi tufayli 399 fuqaro bilan fojia ro‘y bergan. Bu borada 190 ta qurbon bilan Hindiston, ikkinchi o‘rinni 29 ta o‘lim bilan AQSH, uchinchi o‘rinni esa 18 kishining vafot etishi bilan Rossiya egallab turibdi. Mutaxassislar selfi chog‘idagi o‘lim holatlarini o‘rganishganda balandlikdan yiqilish va suvga cho‘kib ketish bilan bog‘liq vaziyatlar eng ko‘p sodir bo‘lgani aniqlandi. Bundan tashqari, YTH, poyezd ostida qolish, quroldan o‘lish, hayvonlar hujumi va tok urib o‘lish holatlari ham uchramoqda. Misol uchun, 2015-yilning mart oyida Hindistondagi Nagpur ko‘lida yettita bola qayiqda selfiga tushmoqchi bo‘lib cho‘kib ketishgan. Yana to‘rtta bola Narmada kanalida qirg‘oqda suratga tushmoqchi bo‘lib kanalga tushib ketgan... Xuddi shu yilning yozida 25 yoshli xitoylik yigit Long Men sharsharasi ustida selfiga tushmoqchi bo‘ladi va ehtiyotsizlik oqibatida sirpanib ketib 30 metrli jarlikka qulaydi... Ko‘p o‘tmay rossiyalik 17 yoshli talaba to‘qqiz qavatli, Filippinda esa 19 yoshli qiz 20 qavatli bino tomida selfi qilaman deb, hayot bilan xayrlashadi. Yanayam dahshatlisi Ruminiyada - Anna Ursu ismli qiz yurib ketayotgan poyezd tomida selfiga tushmoqchi bo‘lgan va elektr simiga urilib, kuyib ketgan. AQSHning Kolorado shtatida esa uchuvchining parvoz vaqtida selfiga tushishga urinishi sabab ikki kishilik samolyot halokatga uchragan...
Afsuski, ana shunday xatolarga qaramay, yosh avlod o‘rtasida «hayratlanarli selfi» tushishga bo‘lgan ishtiyoq so‘nmayapti...
BMT ekspertlari so‘roviga ko‘ra, 12-16 yoshli o‘smirlarning 50 foizi tengdoshlari bilan suhbat qurish, biror o‘yin o‘ynash yoki sayohat qilishdan ko‘ra, tinchgina kompyuter o‘ynashni afzal bilishmoqda.
Tan olish kerak, kompyuter texnologiyalarining borligi hayotimizni ancha yengillashtirdi. Ammo afsuski, kattalar orasida ushbu texnikadan rejasiz foydalanish, ayniqsa, telefon yoki smartfonlarni butunlay farzandlar ixtiyoriga topshirib qo‘yishdek «kasallik» ham avj oldiki, bu...
JSST mutaxassislarining qayd etishlaricha, bundan 5 yil avval «Och qornim, tinch qulog‘im» deb yosh bolasi qo‘liga telefon tutqazgan ota-ona bugun okulist, kardiolog, hatto onkolog qabuliga borishga majbur bo‘layapti.
Ha, yana bir ma’lumot: «boy berilgan avlod», «selfichi avlod», «Z-avlod», «Alfa avlod» kabi atamalar qatoriga bugun «bir qo‘lli avlod» ham qo‘shildiki, bu ibora muntazam ravishda bir qo‘lida telefon ushlab yuruvchilarga nisbatan ishlatilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bugun «bir qo‘lli avlod»ni qanday qilib «barkamol avlod» sirasiga qaytarishdek dolzarb muammo bilan yuzlashib turibmiz. Zotan, g‘arb «bir qo‘lli avlod»ni jilovlash qiyin kechayotgani haqida anchadan buyon jar solpti. Biz esa o‘zgalar emas, faqat o‘z xatolarimiz tufayligina ko‘zimiz ochilishini kutib yashayapmiz. Garchi bu fikr eskiroq, ohori to‘kilgandek tuyulishi mumkin. Ammo ushbu illatga qarshi kurashishning yagona yo‘li telefonni kitob bilan almashtirishdir. Ya’ni, telefonga «asir» bo‘lgan, kitob ushlolmaydigan qo‘llar va bo‘m- bo‘sh miyalarni kitob o‘qishga rag‘batlantirishdir.
Psixologlar buni birdan amalga oshirib bo‘lmasligi, birdaniga telefonni taqiqlash bola ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar, hatto kuchli depressiyani keltirib chiqarishi mumkinligini ham aytib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak bo‘lgan tavsiyalarni berishyapti. Bular haqida esa keyingi mulohazalarimizda...
Mahbuba KARIMOVA,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 19-mart sonidan olindi