“Toza likopcha” aksiyasi Toshkentdan boshlandi


614     28.03.2025

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi aholi o‘rtasida yeguliklarni uvol qilmaslik va  isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni targ‘ib qilishga qaratilgan “Toza likopcha” aksiyasini boshladi. Bugun aksiya doirasida Shayxotohur tumani “Huvaydo” mahallasidagi 276-sonli maktab hamda 588-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida tadbir tashkil qilindi.

Partiyasining 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida “O‘zbekistonda sog‘lom ovqatlanish milliy Konsessiyasi”ni qabul qilish, bu orqali sog‘lom va faol hayotni taʼminlash, millat genofondini saqlash, geni o‘zgartirilmagan mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Ularning ijrosini taʼminlash maqsadida esa partiyaning 2025-yilga mo‘ljallangan Ish rejasida milliy qadriyatimiz sanalgan yeguliklarni uvol qilmaslik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Toza likopcha” aksiyasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari, partiya Markaziy kengashi hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida taʼlim muassasalarida o‘tkazilgan tadbirda avvalo “Toza likopcha” aksiyasi mazmun-mohiyati haqida maʼlumotlar berildi. Taʼkidlanganidek, partiya tomonidan bunday aksiya tashkil qilinishining o‘ziga yarasha sabablari bor.

Sir emas, bugun Yer yuzida iqlim o‘zgarishi bois yuz berayotgan tabiiy ofatlar, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi holatlar oziq-ovqat yetishtirishni qiyinlashtiryapti. Oqibatda mahsulot kamayib, narx-navosi esa ko‘tarilib bormoqda. Bugun dunyo aholisining 840 milliondan ortig‘i, yaʼni deyarli har 8 odamning biri to‘yib ovqatlanmayapti. Natijada to‘yib ovqatlanmasligi oqibatida asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosidan aziyat chekmoqda. Buning oqibatida dunyodagi 160 milliondan ortiq bolada bo‘y o‘sishi, jismoniy va intellektual rivojlanish bilan bog‘liq jiddiy kamchiliklar kuzatilmoqda.

Bu muammoning ildiz otishiga oziq-ovqatning isrof qilinayotgani ham sabab bo‘lmoqda. BMT tadqiqotlarga ko‘ra, har yili dunyoda yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining 17 foizi isrof qilinadi. Bu qariyb 600 million tonna yegulik chiqindixonalarga tashlab yuboriladi degandir. Shu o‘rinda, dunyoda semizlikdan aziyat chekayotganlar soni 1 milliarddan oshgani, ularning 159 millioni bolalar ekani xavotirli. Ortiqcha vazn yoki semizlik tuli kasalliklar keltirib chiqarayotgani yanada xavotirdi.

O‘zbekistonda ham bu boradagi ko‘rsatkichlar ijobiy emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda o‘rtacha tana massasi indeksi 1 kvadrat metrga 26,5 kg.ni tashkil qiladi. Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Umuman, 2060-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga semizlikdan yetadigan zarar 21,6 mlrd dollarni tashkil qilishi kutilyapti.

Tegishli qarorlar bilan noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarni kamaytirish bo‘yicha profilaktik tadbirlar belgilangan bo‘lishiga qaramay, mamlakatimiz aholisi tomonidan to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish qoidalariga yetarlicha eʼtibor qaratilmasligi oqibatida ular orasida oshqozon va ichak kasalliklari, tanada ortiqcha vaznning ortishi, qabziyat, qandli diabet kabi kasalliklar avj olmoqda. Ayrim xonadonlarda milliy qadriyatlarimizga zid ravishda non, ovqat va yeguliklarni chiqindixonalarga tashlab yuborish, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarida bolalar va o‘smirlar tomonidan yeguliklarni isrof qilish, non va non mahsulotlari qoldiqlarini duch kelgan joylarga tashlab ketish holatlari ko‘plab uchramoqda.

“Toza likopcha” aksiyasini tashkil qilishdan ko‘zlangan maqsad ham xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda yoshlarni bolalikdan yeguliklarni isrof qilmaslikka o‘rgatish, bu boradagi targ‘ibotni kuchaytirishdir.

Aksiya doirasida dastlab Toshkent shahridagi MTT hamda umumtaʼlim maktablarida, so‘ngra korxona va tashkilotlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida “Toza likopcha” aksiyasini tashkil qilinadi. “To‘g‘ri ovqatlanish – muvaffaqiyatli taʼlim garovi” mavzusida bolalarning to‘g‘ri, to‘yimli, sifatli, muvozanatli ovqatlanishi yuzasidan suhbatlar, maʼruzalar tashkillashtiriladi. Bu jarayonga tegishli vazirlik va idoralar, OAV, Volontyorlar assotsiatsiyasi, umuman, nodavlat tashkilotlar ham jalb qilinadi.