Nihoyat ko‘pchiiik kutgan qonun kuchga kirdi


1021     29.03.2025

Ekologik xavfsizlik nima? Bugun deyarli barcha hududlarimizda chang ko‘tarilishi holatlari tez-tez uchrab, havo tarkibida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan oshayotgani fuqarolarning turmush tarzi, hayoti va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etib, og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

MUTAXASSISLARNING FIKRICHA, mazkur holatlarga qurilish maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga ko‘tarilishi ham sabab bo‘lmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, keyingi uch yilda qurilish obyektlari soni 3 barobarga oshgan bo‘lib, agar hech qanday profilaktik choralar ko‘rilmasa, 500 kv.m.lik ochiq qurilish maydonidan yiliga o'rtacha 20-50 tonnagacha chang va qum zarrachalari havoga ko‘tarilishi mumkin.

Ta’kidlash joiz, amaldagi qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun aniq javobgarlik nazarda tutilmagan. Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonun aynan ana shu bo‘shliqni to‘ldirishi bilan ham ahamiyatlidir.

Endi ushbu qonun bilan o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hudud hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish, mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takrorlansa, mansabdor shaxslar BHMning 50 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

Ma’lumki, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishi lokal ta’sir ko‘rsatish holati hisoblanib, Davlat ekologik nazorati inspeksiyasining mas’ul xodimlari tomonidan yuqori sezuvchanlikka ega bo‘lgan maxsus laboratoriya uskunalari va vositalari bilan o‘rganiladi va atmosfera havosidan tahlil namunalari olinadi.

Tahlil namunalarini olish nuqtalarida yuqori sezuvchanlikka ega bo‘lgan “EKOLAB” rusumli ko‘p komponentli gazoanalizator, termoanemometr “testo 425” rusumidagi analizatorlardan foydalaniladi. Natijalar Sanitariya qoidalari va normalari bo‘yicha RM 10, RM 2,5 moddalarning belgilangan me’yorlar bilan solishtirilgan holda aniqlanadi. Agar bir hududda bir nechta yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan qurilishlar olib borilayotgan bo‘lsa, huquqbuzarlik ularning joylashuvi va shamol yo‘nalishi hisobga olingan holda aniqlanadi.

Yana bir muhim jihat: nazorat tadbirlarida qurilish jarayonida dastlab yuk avtotransportlarining kirib chiqishi, ko‘z bilan ilg‘ash mumkin bo‘lgan darajada chang havoga ko‘tarilayotganligi, chang bostirish uchun osma suv sepgichlar o‘rnatilganligi va ularning ishlayotganligi, shamol ta’sirida havoga ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan qurilish mahsulotlari (qum, tuproq, sement, azbest v.b) yoki qurilish chiqindilarining ochiq holda saqlanayotganligiga e’tibor beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, qonunda belgilangan normalar fuqarolarning o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini ta’minlashga, tartibsiz ravishda tashlanadigan chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf qilishga, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonun buzilish holatlarining oldini olish va ularning shaxsiy javobgarligi hamda mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

 

Bekmirza ESHMIRZAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati