Ikki boshli illat yoxud dabdababozlik va isrofgarchilikning kushandasi topildi


845     29.03.2025

Prezidentimiz Shakat Mirziyoyev O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda: «Joylarda bo‘layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko‘p-ko‘p odamlar menga aytayapti, virtual qabulxonaga yozayapti, «To‘y-ma’rakalarimizni bir tartibga solib beringlar», deb murojaat qilayapti. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y- ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz», degan edilar.

Illat nima? Bu - «nuqson», «kamchilik», «ayb», «kasallik», «buzuqlik» degani. Bu o‘zbek ma’naviyatida jamiyat yoki shaxsga ziyon yetkazadigan jinoyatchilik, korrupsiya, ichkilikbozlik, axloqsizlik kabi ijtimoiy kamchiliklarni bildiradi.

Agar biror illat ko‘proq odamlarda uchrasa, uni ijtimoiy illat, deydilar. Bu illat jamiyatni ichidan yemiradi. Odamlarni buzadi. Tuppa tuzuk odamlar o‘z-o‘ziga, biri biriga ziyon yetkaza boshlaydi. Chunki illatlar tarqalib, hammaning hayot sifatini pasaytiradi. Dilimizni xira qiladi. Oramizga yovqarashni olib kiradi. Odamlarni do‘stu birodarlarga emas, biri birini aldovchi, uruvchi, kambag‘al qiluvchi, aldoqchi, zolimlarga aylantiradi. Hamma jabr ko‘radi.

Dabdababozlik, isrof illati nega o‘zbeklar orasida tup qo‘yib, palak yozmoqda? Xo‘sh, buning sabablari nimada?

Ushbu savollarga javob topish maqsadida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2025 yilda o‘tkazgan ekspert so‘rovlari natijalariga murojaat qilsak: javoblar to‘rt toifaga bo‘lindi. Ularning biri «o‘zbek xalqi azaldan mehmondo‘st va hashamdorlikka moyil. Podshoh, xonlarimizda hashamdorlik kuchli bo‘lgan. Bu hali-hanuz odamlar ongida obro‘, e’tibor, boylikka havas sifatida qolgan», deyishadi. Ikkinchi toifa «buning asosiy sababi o‘zbek jamiyatidagi ijtimoiy bosimda. «Obro‘yim tushib ketmasin» degan xato fikr asosida shunday xulosa qilinadi. Uchinchi toifa vakillari «Xalqimizda moliyaviy savodxonlik past», deb achinishadi. To‘rtinchi toifa esa «Buning sababini televizor, ijtimoiy tarmoqlarda dabdaba, boylik reklamasi ta’siridan izlash kerak», degan fikrda. Albatta, bu fikrlarda jon bor.

Dabdaba, isrofbozlik - ikki boshli bir illat. U birinchi zarbasini cho‘ntagimizga berib, bizni qarzga botiryapti. Odamlar ko‘ngliga kibr, maqtanchoqlik va hasham hirsini ekyapti, kuchaytiryapti.

Nima qilmoq kerak?

Eng avvali - dabdabayu as’asa va isrofning ma’naviy anatomiyasiga nazar tashlasak. Shunda o‘zimizni o‘tga-cho‘qqa urib, qiynalib topgan pulimizni nega o‘tga tashlayotganimizni bilib olamiz.

Dabdabayu isrof - o‘zbekning cho‘ntagini kemirayotgan ikki boshli nafs ajdari. Bu maxluq bizdagi ma’naviy illatlar bilan tirik. Bu illatlar esa jaholatdan - «Kimligimizni ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak», «El-yurt oldida izzatimizni saqlashimiz kerak», «Odamlar nima deydi?», kabi sovuq maqsad va niyatlardan tug‘iladi. Bu niyatlar bolalagach, ko‘pchilik to‘yni dabdabali qilishga majbur bo‘ladi. Chunki «Qo‘shnilar, qarindoshlar, do‘stlar nima deydi?», «Falonchi katta to‘y qildi, men ham undan qolishmasligim kerak», «Obro‘yli bo‘lish uchun zo‘r to‘y qilish kerak», «Qo‘shnimnikidan kam bo‘lmasligi kerak», «O‘zimni ko‘rsatib qo‘yay» degan yuqumli o‘ylar uni bunga majbur qiladi. Shundan keyin uzoq yillar qiynalib, bolamizni o‘qishidanmi, uy-joydanmi «ekonom» qilib topgan pulimiz ijaraga olinadigan qimmat mashinalar, mahobatli restoranlar, mashhur san’atkorlarga sochiladi. Bu san’atkorlar hatto to‘y egasining kimligini ham bilishmaydi.

Guvohi bo‘layotganimizdek, bugun internet va olifta blogerlar asosan katta to‘ylarni targ‘ib qilishyapti. Bu esa ko‘rinmas qamchi bo‘lib, mustaqil fikri yo‘q odamlarni isrofxonaga haydamoqda. To‘y - oila qurish uchun zarur marosim, ammo baxtli hayot kafolati emasligini bilamiz. Lekin bu fikrimiz ojiz. Shuning uchun ham unga amal qilmaymiz.

Nima qilish kerak?

G‘oyaga qarshi g‘oya kerak. Ha. Yaxshilik, to‘g‘rilik, insof, sog‘lom, aqlli o‘zbekchilik g‘oyasi g‘olib bo‘lishi kerak. To‘yning odobi, madaniyati, ma’naviyatini tushuntirib, «O‘zimni ko‘rsatib qo‘yay» degan g‘oyani «To‘yda hashamat - g‘urur emas, uyat», degan g‘oyaga yedirishimiz kerak. «Obro‘li bo‘lib ko‘rinish» g‘oyasini «Obro‘li bo‘lish» niyatiga yem qilishimiz kerak. Alal-oqibat «O‘zbek to‘y madaniyati» uchun kurashib, tuyg‘uga emas, aqlga quloq solishga o‘rganishimiz kerak.

Ana shunda minglab tonna ovqat pishirilib, chiqindiga ketmaydi. Haromga chiqmaydi. Minglab tonna chiqindi ovqat nima degani? Bu o‘zbek xalqining nasibasi, rizqi, resursi aslida. Oziq-ovqat xavfsizligi degani ham shudir. Isrofgarlar «Nima ishingiz bor? Pulimga sotib olayapmanku», deyishi mumkin. Kechirib qo‘yasiz. Pul sizniki, lekin resurs O‘zbekistonniki. Hammamizniki. Xalq rizqi bilan o‘ynashmang, deya olishimiz kerak. Tik turib. Mana bu millat himoyasi, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘lidagi so‘zimiz bo‘ladi.

To‘ylarda mashhur xonandalarni chaqirib, ularga katta pul to‘lash illati ham milliy an’anaga aylanib bo‘ldi. Ko‘p hollarda san’atkorlarning to‘rtta qo‘shig‘iga to‘lanadigan pul to‘y budjetining yarmiga teng bo‘layapti. Ba’zi nodon jigarlarimiz buning uchun kredit olib, qarzga kirishayapti. To‘ydan keyin 3-4 soat boy bo‘lib ko‘rinish yillar davomida burnidan buloq bo‘lib chiqayapti. Oilalarni buzayapti. Lekin kech bo‘layapti.

Hashamatli to‘y targ‘iboti TikTok, Instagram, YouTube kabi platformalarda izchil targ‘ib qilinayapti. Bu esa o‘zbeklar ongiga «men ham shunday to‘y qilaman», degan johil niyatni singdiryapti, urfga aylantiryapti. Bunday vaziyatda biz ziyolilar to‘ylarni ixcham va ma’naviy boy o‘tkazishni ommalashtirishga mas’ulmiz. Buning uchun jamoatchilikning xato fikridan qo‘rqmasligimiz kerak. Chunki bizning yo‘limiz dono, aqlli o‘zbek bobolarimizning tutumi. Haq, insof, to‘g‘rilik, diyonat biz tomonda. Chunki biz isrof emas, insofni, boy bo‘lib ko‘rinishni emas, boy bo‘lishni, kelajakka sarmoya kiritishni - yoshlarga uy, ta’lim yoki biznes uchun mablag‘ yo‘naltirishni targ‘ib qilamiz.

Olib borilgan tadqiqotlar dabdababozlik va isrofgarchilikning ma’naviy anatomiyasini ochib, bu ikki boshli illatning boshi bolalikdagi tarbiyaviy xatolarimizda ekanini ko‘rsatdi. Ha. Sabab tarbiyada ekan!

Biz o‘zimiz istmagan, bilmagan holda, noto‘g‘ri tarbiyamiz bilan bolalarimizga kibr va hasad urug‘larini ekib qo‘yayapmiz. Kibr (o‘zini boshqalardan ustun ko‘rish) va hasad (boshqalarning muvaffaqiyatini ko‘rolmaslik) ham bolalikdan shakllanadi. Ularning paydo bo‘lishi tarbiya jarayoni, oila muhiti va jamiyat ta’siri bilan uzviy bog‘liq. «Sen o‘rtog‘ingdan, dugonangdan zo‘rsan!», «Hech kim senday bilmaydi», «Boshqalar senday bo‘la olmaydi», degan gaplarimizni bir esga olaylik. Bolani ortiqcha maqtash, hech qachon tanqid qilmaslik bolamizda boshqalarni kamsitish, o‘zini yuqori qo‘yish hislarini rivojlantiradi. Natijada bola haqiqatni qabul qila olmaydigan va tanqidga toqatsiz bo‘lib o‘sadi.

Bolalarimizni boshqalar bilan solishtirishdan to‘xtaylik. «Qara, qo‘shni bolasi sendan yaxshi o‘qiydi!» «U sendan o‘tib ketdi. Sen orqada qolib ketding», demaylik. Bu bolada hasadni kuchaytiradi. Natijada bolaga qo‘shilib, boshqalarni kamsitish, o‘zini boshqalardan yuqori qo‘yish, muvaffaqiyatli odamlarga nisbatan hasad va yomonlik qilish illatlari o‘sa boshlaydi. Bu illatlar kurtak ochib, bolamizni o‘z obro‘sini oshirish uchun pul, boylik, hashamatli ko‘rinishga zo‘r berishga olib keladi. Hurmatni boylik va lavozim bilan o‘lchashga, manmanlikni ko‘z- ko‘z qilishga, boshqalardan ustun ko‘rinishga majbur qiladi. Demak, bolalarimizni mag‘rurlik emas, kamtarlikka, muvaffaqiyat sababini yaxshilik va mehnatda ko‘rishga o‘rgatishimiz kerak.

Xullas, dabdababozlik va isrofgarchilik kibr va hasaddan, bular esa bolalar tarbiyasidagi xatolarimizdan ekan. Demak, dabdababozlik va isrofgarchilikning to‘xtashi uyda, maktabda, mahallada, ishxonalarda, jamoat joylarida, to‘y-ma’rakalarda bu illatlarga qarshi gapira boshlashimizga bog‘liq. Ana shunda illatlarimiz qovjirab, o‘zbekona kamtarlik, hurmat va haqiqiy qadriyatlarimiz tup qo‘yib, palak yoza boshlaydi.

Muhammadjon QURONOV,
Ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari,
pedagogika fanlari doktori, professor.