Xalqimizga xos insonparvarlikning amaliy ifodasi


628     01.04.2025

Bilib-bilmay xato qilgan insonni kechirish, to‘g‘ri yo‘l topishiga imkon berish, qo‘llab-quvvatlash asl insoniy qadriyatlardan sanaladi. Bu yaqin insonini iztirob va intizorlik bilan kutayotgan butun bir oilani yangidan hayotga qaytarish bilan barobardir.

Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimlilik kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmon yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘idir.

Ushbu farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chinko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 488 nafar shaxs afv etildi. Bu shuncha oilaga quvonch, shodlik va umid olib kirdi, degani.

Afv etilgan shaxslarning 100 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etilgan bo‘lsa, 268 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilib, 86 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish jazosi muddati qisqartirildi.

Farmon bilan afv etilgan shaxslarni o‘z oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi. Bu ularning oilasi va xalqimiz oldida o‘zini oqlashi, hayotdan o‘rnini topishi, halol mehnat qilib, turmush tarzini izga tushirishi uchun yana bir imkoniyatdir.

Baxt degan tushunchani har kim har xil tasavvur qiladi. Kimdir uni tinchlik-xotirjamlik yoki sihat-salomatlikda, boshqa birov oila, do‘stlar, yaxshi daromadli ishda, deb biladi. Lekin ozodlikdan mahrum etilgan shaxs uchun oilasi, farzandlari bag‘riga qaytishdan ortiq baxt yo‘q.

Muborak Ramazon hayiti bayrami afv etilgan 488 nafar shaxsning xonadonida o‘zgacha mazmun kasb etadi va ularning barcha yaqinlari uchun qo‘shaloq bayram bo‘ladi.

 

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi