Adolat va insonparvarlik uyg‘unligi


709     01.04.2025

Kechirimlilik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan ezgu fazilat sanaladi. Bu an’analarning barhayot yashashi jamiyatda, oilalarda mehr-oqibat, insoniylik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Dunyoda ozodlikdan ulug‘roq ne’mat yo‘q. Kimningdir yomon ishi uchun uni bir umr chohda qoldirib bo‘lmaydi. Kechirish, to‘g‘ri yo‘l topishiga imkon berish, zarur bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlash asl insoniy qadriyatlardan hisoblanadi.

Jinoyat sodir etgan shaxslarni faqat jazolash emas, balki “Jaholatga qarshi ma’rifat“ g‘oyasi asosida qayta tarbiyalash kerak. Afv instituti jazolash emas, balki tarbiyalash va tuzalish imkoniyatini berish mexanizmidir. Bu xalq orasida davlatning gumanistik siyosatiga ishonchni oshiradi va sud-huquq tizimiga bo‘lgan hurmatni mustahkamlaydi.

Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmon davlatimiz rahbarining xalqona hamda insonparvarlik siyosatidan dalolat beradi.

Binobarin, ushbu hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan, jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 488 shaxs afv etildi.

Mazkur farmonning ayni Ramazon oyida qabul qilinishi zamirida ham o‘ziga xos ma’no bor. Bu oyda yaxshilik, kechirimlilik, o‘zgalarga mehr-oqibat ko‘rsatish, adovatni unutish kabi insoniy fazilatlar yanada ko‘p namoyon bo‘ladi.

Endilikda afv etilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi.

Umuman olganda, bunday siyosat davlat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilaydi, huquqiy ongni yuksaltiradi va islohotlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, yanada adolatli, insonparvar va rivojlangan jamiyat qurishga xizmat qiladi.

 

Sherzod QULMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi