Yangiliklar


89

Parlament ishida jamoatchilikning faol ishtiroki muhim

 

Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati xabar berishicha, Konstitutsiyaviy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida o‘tgan hafta davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni olish, ularni ko‘rib chiqish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot eshitildi.

 

Yig‘ma axborot-tahlil guruhining tajribali aʼzolari, olimlar, malakali mutaxassis va ekspertlari kelib tushgan va umumlashtirilgan takliflar yuzasidan o‘z xulosa, tavsiyasini tayyorlab bermoqda.

 

Ayni paytda fuqarolar tomonidan takliflarni yuborishning 10 ta turi mavjud. Takliflarni mahallalar va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga og‘zaki yoki yozma shaklda berish, pochta aloqasi orqali yo‘llash, bosma matbuot, televideniye, radio orqali bildirish, meningkonstitutsiyam.uz veb-sayti, meningkonstitutsiyam_bot telegram boti, 1341 koll-markazi orqali yuborish imkoniyati yaratilgan.

 

2022-yil 11-iyun sanasiga ko‘ra, umumiy takliflar soni 20 ming 148 tani tashkil etgan. Shulardan sayt orqali 6798 ta, telegram boti orqali 3807 ta, qisqa raqamli koll-markazi orqali 2067 ta, mahalliy Kengashlar orqali 834 ta, elektron pochta orqali 2258 ta, mahallalar orqali 2395 ta, fuqarolar qabuli orqali 1712 ta, jamoaviy takliflar 277 tani tashkil etdi.

 

Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhiga kelib tushgan va saralangan hamda Yig‘ma axborot-tahlil guruhi tomonidan o‘rganib chiqilgan navbatdagi takliflar moddama-modda muhokama qilinar ekan, o‘tgan davrda davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyatning tinchligini ko‘zlab amalga oshirishini qayd etish, insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo‘lib, har kimga tug‘ilganidan tegishli bo‘lishini, fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzmasliklari kerakligi, insonning huquq va erkinliklari faqat boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida cheklanishi mumkinligini konstitutsiyaviy mustahkamlashga doir qator takliflar kelib tushgani taʼkidlandi.

 

Eʼtiborlisi, aholi tomonidan kelib tushgan takliflarning salmoqli qismini shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir takliflar tashkil etmoqda. Shu bilan birga, Bosh Qomusimizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan normalarni aks ettirish bilan bog‘liq takliflar ham ko‘p.

 

Shuningdek, davlat xizmati xodimlarining ishga qabul qilinishi, ularning mehnat qilish va dam olish huquqlarining taʼminlanishini Konstitutsiya darajasida muhrlab qo‘yish bilan bog‘liq takliflar ham Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolarining eʼtiborini tortdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat xizmatiga qabul qilinishda teng huquqlarga egaligini, mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlovchiga qonunda belgilangan ish vaqtining davomiyligi, dam olish va bayram kunlari, haq to‘lanadigan har yilgi taʼtil kafolatlanishini Asosiy qonunda qayd etish bilan bog‘liq takliflar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

 

Yig‘ilishda alohida taʼkidlanganidek, parlament ishida jamoatchilikning faol ishtirokini taʼminlash dolzarb masalalardan biridir. Bugungi kunda mamlakatimizda ushbu vazifani amalga oshirish bevosita siyosiy partiyalar zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, 5 ta siyosiy kuch mazkur masalaning ijrosida o‘z tashabbuskorligini namoyon etib kelmoqda.

 

Shu o‘rinda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining konstitutsiyaviy islohotlardagi ishtiroki haqida to‘xtalib o‘tishni joiz deb bildik.

 

Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilgandan so’ng «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi va fraksiyaning konstitutsiyaviy islohotlar masalasiga bag‘ishlagan qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qo‘shma yig‘ilish qarori bilan aholi va partiya elektoratidan takliflarni yig‘ish va tahlil qilish maqsadida 6 ta – ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, sud-huquq, milliy qadriyatlar, axborot va hududlar bilan ishlash yo‘nalishlarida Ishchi guruhlar tuzildi.

 

2022-yil 1-iyun kuni partiya Markaziy kengashida Konstitutsiyaviy komissiya raisi o‘rinbosari, partiya rahbari Alisher Qodirov boshchiligida ekspert va mutaxassislar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan partiya pozitsiyasi eʼlon qilindi hamda mutaxassislarning takliflari muhokama qilindi. Takliflar umumlashtirilgan holda Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etildi.

 

2022-yil 9-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya raisi o‘rinbosari, partiya rahbari Alisher Qodirov tomonidan Namangan davlat universitetida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirokida, viloyat Kasaba uyushmasida esa barcha siyosiy partiyalar xodimlari hamda xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputatlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati tushuntirilib, takliflar olindi.

 

2022-yil 10-iyun sanasi holatiga ko‘ra, partiya Markaziy kengashiga joylardan 500 dan ortiq takliflar kelib tushdi. Ayni paytda Ishchi guruh vakillari mazkur takliflar ustida ishlamoqdalar.

 

Shu kunlarda partiya Markaziy kengashi rahbariyati va masʼul xodimlar boshchiligidagi Ishchi guruh aʼzolari partiyaning boshlang‘ich tashkilotlari, mahallalar va xonadonlarda, korxona va tashkilotlarda bo‘lib, aholidan takliflarni bevosita olmoqdalar. Partiyamiz konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskorlaridan biri hisoblanadi. Shu maʼnoda, bu jarayonda faol ishtirok etish, takliflarni olishda aholining barcha qatlamini qamrab olish, olis va chekka hudud aholisiga konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyatini yetkazish oldimizda turgan eng muhim vazifadir.

 

 

Doniyor TOSHBOYEV,

partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i