Yangiliklar


87

QONUN QABUL QILISHNING IBRATLI NAMUNASI

Maʼlumki, fuqarolik jamiyatining muhim instituti hisoblangan siyosiy partiyalarning konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusini ilgari surishi hamda joriy yilning 10-iyun holatiga Konstitutsiyani takomillashtirish yuzasidan 20 mingga yaqin taklif kelib tushgan va eng asosiysi ularning 70 foizi yoshlardan ekani, shubhasiz, ushbu tashabbusning xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.

Bugun fuqarolarga Konstitutsiyaviy komissiyaning har bir majlisi va muntazam tashkil etilayotgan brifinglarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Shu bois bo‘lsa kerak, bu tarixiy jarayonda nafaqat mamlakatimizda, balki chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ham faol ishtirok etmoqdalar. Bu esa har bir fuqaroga konstitutsiyaviy islohotlarning bosh maqsadiga aylangan «Bu mening konstitutsiyam» shiorining shunchaki qog‘ozda qolib ketmasligiga hamda uni keng miqyosda amalda qo‘llashga imkon yaratmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Bosh qonunimizni takomillashtirish yuzasidan muhokamalarga keng yo‘l ochilgani, yurtdoshlarimiz fikrini eshitish uchun o‘ziga xos maydon yaratilgani va yana yangi minbarlar tashkil etilayotgani, jamoatchilikni qonun qabul qilish jarayoniga jalb etish bo‘yicha ko‘rilayotgan samarali choralar, qabul qilinajak Konstitutsiya  ijodkori xalq bo‘lishiga hamda uni takomillashtirish mexanizmlari qonun qabul qilishning eng ibratli namunasi bo‘lib qolishiga zamin hozirlamoqda.

Taʼkidlash joizki, shu paytgacha «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda taqdim etgan barcha takliflari ko‘rib chiqish uchun Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan qabul qilinayotgani, partiya elektorati, saylovchilar, partiya faollari va deputatlarimizni ruhlantirmoqda, albatta. Eng muhimi, ancha yillardan beri saylovchilar bilan uchrashuvlarda alohida dolzarblik kasb etayotgan savollariga javobimiz bor.

Yaʼni, «Tarixiy, maʼnaviy va madaniy meros davlat muhofazasidadir, davlat va jamiyat milliy qadriyatlar va o‘ziga xos xususiyatlarni saqlab qolish, himoya qilish, O‘zbekiston xalqining madaniy merosini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish haqida g‘amxo‘rlik qiladi», – degan normani ekspertlar ishtirokidagi muhokamalarda qo‘llab-quvvatlanishi xalqimizning o‘zligini asrash borasidagi muhim tashabbusidir.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 49-, 63-, 65-moddalarida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda otalikning davlat tomonidan muhofaza qilinishiga oid normalarni aks ettirish borasidagi tashabbuslarimiz qabul qilingani ham elektoratimiz muddaolari eshitilayotganidan darak beradi. Ayni paytda hududiy Kengashlarimizda ham takliflar ishlab chiqish jarayoni qizg‘in kechmoqda. Partiyaning yoshlar va ayollar qanoti ham joylarda fuqarolar bilan yaqindan muloqot qilmoqdalar. Faoliyatimizdagi so‘nggi yangiliklardan biri bu «El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan chet elda taʼlim olayotgan  vatandoshlarimiz bilan ayni shu mavzuda onlayn muloqot o‘tkazishga kelishganimiz bo‘ldi.

 Quyida esa faol xotin-qizlar va iqtidorli yoshlar tomonidan bildirilgan ayrim takliflarni eʼtiboringizga havola etyapmiz.

Birinchidan, Konstitutsiyaning muqaddima qismida «Inson yaratganning oliy mavjudoti» ekanligi haqidagi tushunchani kiritgan holda uning 1- yoki diniy tashkilotlar vakolatlarini belgilab beruvchi  61-moddasida O‘zbekistonni «dunyoviy davlat» sifatida qayd etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Ushbu norma Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi va boshqa bir qator davlatlarning konstitutsiyalariga alohida band sifatida kiritilgan bo‘lib, diniy va dunyoviy rivojlanish o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da barqaror taraqqiy etishiga xizmat qiladi. Agar aholisining aksariyat qismi musulmon bo‘lgan mamlakatlarning konstitu­siyalarida davlat taʼlim tizimlari dunyoviy ahamiyat kasb etishi belgilab qo‘yilganini hisobga olsak, ushbu tushunchalarni qonunchilikka kiritish zarurati kunday ravshan bo‘ladi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyaning 46-moddasidagi «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar», degan normani “Xotin-qizlar” so‘zlarini, shaxsning yoshiga emas, balki jinsiga nisbatan eʼtirof etilsa, yaʼni, «Ayollar va erkaklar teng huquqlidirlar» ko‘rinishida berilsa. Zero, lingvistik nuqtai nazardan hamda dunyo qonunchiligi amaliyotida ham ushbu normalar “ayollar”, «jenщini», “woman” tarzida keltirilgan.

Uchinchidan, maʼlumki, Konstitutsiyaning 41-moddasida: har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi mustahkamlangan. Shuningdek, ushbu moddaga umumiy o‘rta taʼlim bilan birga maktabgacha hamda boshlang‘ich professional taʼlimni davlat tomonidan bepul va majburiy etib belgilash, taʼlim bilan birga “tarbiya” berish bilan bog‘liq tushuncha kiritilsa foydadan xoli bo‘lmasdi. Zero, O‘zbekiston Respublikasining «Taʼlim to‘g‘risida»gi Qonunining 10-moddasida boshlang‘ich professional taʼlim bepul bo‘lishi belgilangan. Shu bilan birga, maktab ishlari nafaqat davlat, balki jamoatchilik nazoratida ekanligi bilan bog‘liq normaning ham Konstitutsiyaga kiritilishi taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqadi, deb o‘ylaymiz.

Qayd etish joizki, mazkur moddada milliy taʼlim standartlarini joriy etish hamda taʼlimning barcha turlarini rivojlantirish, xususan, mustaqil taʼlimni rag‘batlantirish borasidagi masʼuliyat davlat nazoratida bo‘lishini mustahkamlash zarur. Chunki dunyo taʼlim tizimiga integratsiyalashayotgan O‘zbekiston globallashuv sharoitida taʼlimning milliy mazmuniga minimal talablarni qo‘yishi lozim.

Masalan, dunyoning bir qator konstitutsiyalarida davlat o‘z fuqarosiga davlat tilidan boshqa tilni ona tili sifatida o‘qitishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi qoidalar mavjud.

To‘rtinchidan, Konstitutsiyaning 41-moddasida «Bolalarni umumiy o‘rta taʼlim jarayonida to‘liq ishtirokini taʼminlash ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasidadir» – deb belgilash maqsadga muvofiq. Bu  ko‘p hollarda taʼlim jarayonidan uzilib qolayotgan ota-onalarning yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslarning farzandini taʼlimdagi ishtirokini to‘liq taʼminlashdagi masʼuliyatini kuchaytiradi.

Beshinchidan, Konstitutsiyaning 66-moddasida «voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar» – deb belgilangan. G‘amxo‘rlik qilish ko‘pincha moddiy qo‘llab-quvvatlovni nazarda tutgani bois, ushbu moddani: «Farzandlar ota-onalarni hurmat qilishga, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar ularga g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar» – deb belgilash zarur. Xuddi shu norma Ozarbayjon Konstitutsiyasida ham keltirilgan bo‘lib, u milliy qadriyatlarimiz bilan hamohangdir.

Shu o‘rinda yuqoridagi modda bo‘yicha partiyamizga kelib tushgan bir taklifga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Ushbu taklif «Ayollar qanoti» faoli, yurist O.Abduxaliqova tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, muallif ushbu modda: «voyaga yetgan, mehnatga layoqatli, ota-ona tarbiyasi va to‘liq taʼminotida o‘sgan farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar»,  tarzida berishni taklif etadi. Muallifning fikricha, amaliyotda farzandlariga yetarli tarbiya va taʼminot bermagan, to‘liq oila sharoitini yaratmagan, davlat tomonidan tayinlangan alimentnigina to‘lab, davlatdan berilgan nafaqalar hisobiga farzandlarini katta qilgan ota-onalar voyaga yetgunicha davlat himoyasida bo‘lgan farzandidan aliment undirish holatlari ko‘plab uchramoqda. Shu bois, ushbu normani takomillashtirishda adolat mezonlariga eʼtibor qaratish lozim, deb hisoblaymiz.

Oltinchidan, Konstitutsiyaga bolalar va yoshlar huquqlariga doir quyidagi qo‘shimchalar kiritilishini ham maqsadga muvofiq sanaymiz. Jumladan, 41-moddaga: «Davlat bolalar va yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor sohasi ekanligini eʼtirof etib, ularni vatanga sadoqat anʼanalarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning har tomonlama maʼnaviy-axloqiy, intellektual va jismoniy, iqtisodiy rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi hamda taʼlimni davom ettirish uchun moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishga qaratilgan stipendiyalarni joriy etish yoki boshqa yordam choralarini ko‘rishi zarur», degan qo‘shimchalarni kiritishni tavsiya etamiz.

Yettinchidan, yana bir taklif bu Konstitutsiyaning X bobi, yaʼni «Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari»ga taalluqli bo‘lib, u jamiyatda Inson qadrini ulug‘lash g‘oyalariga to‘la mos keladi. Shuning uchun ham Bosh Qomusimizga «Har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli ekanligini mustahkamlash zarur» degan normani kiritsak, fuqaroning huquq va erkinligini taʼminlash uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratgan bo‘lamiz.

Maʼlumki, O‘zbekiston Res­publikasi JPKning 26-, 116-, 155-moddalari dalillarga oid bo‘lib, bunda ish bo‘yicha aniqlash uchun faqat tegishli tartibda topilgan, tekshirilgan va baholangan maʼlumotlardan foydalanish nazarda tutiladi. Dalillarga qo‘yilgan qatʼiy talablar esa shaxsning o‘z huquq va erkinligini himoya qilishiga to‘liq imkoniyat yaratmaydi.

Bundan tashqari, har bir shaxs o‘z shaxsiy hayoti va faoliyati bilan bog‘liq harakatlarida ham himoyalanish huquqiga ega bo‘lishi kerak. Yaʼni, uning dastlabki surishtiruv, tergovga qadar o‘zi tomonidan to‘plangan himoya materiallarini unga nisbatan to‘plangan ayblov materiallari bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi, baholanishi kafolatlanishi kerak.

Mukammallikning chegarasi yo‘q deyishadi. Hozirgacha Konstitutsiyamizga 16 marotaba o‘zgartirish kiritilgan. Biroq bugungi Konstitutsiyaviy islohotlar davrida xalqimiz tomonidan taqdim etilayotgan tak­liflarning dolzarb ahamiyatga ega ekanini ko‘rib, boshlangan ishlarning nechog‘lik to‘g‘ri va istiqbolli ekanligini anglash qiyin emas. O‘ylaymizki, Konstitutsiyaviy komissiyaga kelib tushayotgan taklif va mulohazalar O‘zbekistonning oliy yuridik hujjati bo‘lgan Konstitutsiyaning yana-da mukammallashishiga, davlatning Inson qadrini ulug‘lash borasidagi ezgu tashabbuslarining esa hayotga izchil tatbiq etilishiga xizmat qiladi.

 

Feruza MUHAMMADJONOVA,

Markaziy kengash raisi o‘rinbosari