Yangiliklar


55

Inson qadrini yuksaltirish kafolati

So‘nggi besh yillikning hozirgi bosqich amaliyotida dunyoning bir qator mamlakatlarida konstitutsiyaviy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Bunda asosan inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga asosan Konstitutsiyaga muvofiq tan olinishi va kafolatlanishini mustahkamlash maqsad qilingan.

Shu o‘rinda qadimgi yunon tarixchisi Geraklitning "Hamma narsa oqadi, hamma narsa o‘zgaradi" deb aytgan so‘zlari ikki yarim ming yildan keyin ham dunyoning hayotiy-siyosiy jarayonlari uchun dolzarb ekanligi aytish joiz.

Xususan, XXI asrda dunyoning 57 ta davlatida yangi Konstitutsiyalar qabul qilingan. Ularning baʼzilarida ikki marta, baʼzilari esa uch marta o‘zgartirilgan. Shuningdek, shu davr mobaynida Konstitutsiyalarga 785 marta o‘zgartirish kiritish masalalari ko‘rib chiqilgan va 95 ta mamlakatda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlarning 86 tasi muvaffaqiyatli amalga oshgani bilan ham ahamiyatlidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Asosiy qonunimiz qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigida xalqimiz hayotini yanada farovon qilish, ularni hayotdan rozi qilish, mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish maqsadida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish taklifini ilgari surgan edilar. Unda, ayniqsa, hozirgi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asosi sifatida “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash zarurligi qayd etildi.

Shuni ham aytish kerakki, mamlakatimizda ijtimoiy muammolarni bartaraf etish maqsadida bugungi kunda joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimlari o‘zining ijobiy natijasini berayotganini taʼkidlash lozim. Ayniqsa, bu borada xotin-qizlar, yoshlar, aholining yordamga muhtoj qatlamlarining huquq va manfaatlarini taʼminlash muhim va dolzarb masala hisoblanadi.

Bundan tashqari, yurtimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan yoshlarga eʼtibor qaratish, ularga o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Jumladan, yaqinda hukumat qarori bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda 12 oygacha turar joy ijarasi uchun subsidiya va “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘laridan moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga bir martalik moddiy yordam pullari ajratilishi belgilandi.

Qolaversa, tadbirkorlik va haydovchilarni tayyorlash o‘quv kurslariga, dehqonchilik va tomorqa xo‘jaligini yuritish bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar sotib olishga, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiyalar ajratish, shuningdek, “temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlariga va “yoshlar daftariga” kiritilgan yoshlarning to‘lov-kontrakt miqdorini 50 foizigacha hamda 30 yoshdan oshmagan bemor fuqarolarga davolash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorida pul mablag‘lari to‘lab beriladi.

Shu bois, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar sohaning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la taʼminlash, o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada o‘z aksini topishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman aytganda, Konstitutsiyamizda davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirishga, ularga jamiyat va davlat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni doimiy tarzda ko‘rib borilishining belgilanishi yurtimizda inson qadrini yuksaltirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Farhod Zayniyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mita raisi o‘rinbosari