Yangiliklar


77

Ishsizlik har doim ustuvor masala bo‘lib kelgan

Maʼlumki, ishsizlik har doim barcha davlatlar va jamiyatlar uchun eng ustuvor masala bo‘lib kelgan. Ayniqsa, pandemiya hamon eshik qoqib turgan bir sharoitda, shuningdek, bugungi kunda dunyo miqyosida kechayotgan iqtisodiy inqiroz bu masala yanada global ahamiyat kasb etmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, koronavirus sabab yuz milliondan ortiq odam ishsiz qolgan. Bu dunyoda qashshoqlar sonining so‘nggi 20 yilda ilk bor keskin oshishiga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston ham shunday muammolardan holi emas. To‘g‘ri, koronavirus talofotlari tugatilib, iqtisodiyotimizda o‘sish suratlari qayd etildi. Ko‘plab davlatlar hamon pandemik inqirozdan chiqib keta olmayotgan bir paytda mamlakatimiz iqtisodiyoti o‘tgan yili 7,4 foiz o‘sib, aholining real daromadi 12 foizga ko‘paygan. Ammo ishsizlik muammosi hamon dolzarbligicha qolmoqda.

Chunki har yili 500 mingdan ortiq yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Ularning aksariyatini maktabni bitirgan yoshlar tashkil qiladi va barcha bitiruvchilar ham talaba bo‘lolmaydi, buning ilojisi ham yo‘q. Shu bois, ularni ishli qilish, kasb-hunar o‘rgatish har doim hukumatimiz oldida turgan eng muhim va ustuvor vazifa bo‘lib kelgan. Yaʼni, bu borada ko‘rilayotgan choralar yanada faollashmoqda. Davlatimiz rahbarining hududlarga qilayotgan safarlarida ham bandlik masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Deyarli har bir videoselektorda ushbu masala muhokama qilinmoqda.

Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-iyun kuni aholini kasb-hunarga tayyorlash va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig’ilishida yana bir bor bu boradagi muammolar tahlil qilindi. Rejalar va vazifalar belgilanib, tegishli davlat idoralariga topshiriqlar berildi.  

Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish kabi ko‘plab sohalar rivojlanib, yangi korxonalar ochilmoqda. Ularni malakali ishchi va mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida oliy va o‘rta maxsus taʼlim yo‘nalishlari o‘zgartirilmoqda. “Ishga marhamat” Monomarkazlari tashkil etilib, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatilmoqda.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham har bir fuqaroga kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish va kambag‘allikni 2 baravarga qisqartirish belgilangan. Buning uchun esa barcha asoslar mavjud. Masalan, joriy yilning o‘zida jami 16 mlrd dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va o‘rta loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularga 300 mingga yaqin malakali ishchilar kerak.

Shuningdek, bu yilning o‘zida 550 mingdan ortiq yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, bandligini taʼminlash dolzarb vazifadir. Lekin kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar kutilgan natijani beryapti deb aytaolmaymiz. “Ishga marhamat” Monomarkazlari bor-yo‘g‘i 10 foiz ishsizlarni qamrab olgan, xolos. O‘quv dasturlari ham zamon talabiga mos emas. Natijada ish beruvchilar xodimlarni qaytadan o‘qitishga majbur bo‘lmoqda. Shu bois, videoselektorda kasb-hunar taʼlimini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Jumladan, 45 ta kollej Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularning o‘rnida monomarkazlar tashkil etiladi. Har bir viloyat, tuman va shaharda Kasb-hunar taʼlimi kengashlari tashkil etilib, ularga hokimlar rahbarlik qiladi.

Yig‘ilishda oliy taʼlim tizimida o‘qitilayotgan ayrim mutaxassisliklarni texnikumlarga o‘tkazish masalasi ham ko‘tarildi va bu yoshlarning ham vaqtini, ham naqdini tejashi taʼkidlandi. Xususan, texnikumlarga qabul bir yilda 2 marta tashkil etish belgilandi. Bu orqali kasbiy taʼlim bilan qamrab olish 35 foizga oshadi.

Videoselektorda kasbiy taʼlim muassasalarida ishlayotgan o‘qituvchi va ustalarni rag‘batlantirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. 2023-yil 1-yanvardan ularning oyligi maktab o‘qituvchilarining maoshiga tenglashtirilishi aytildi. Erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor murabbiylarning oyligiga 50 foizgacha ustama to‘lash joriy etiladi va buning uchun byudjetdan qo‘shimcha 150 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi. Shuningdek, professional taʼlim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishning yangi tizimi yaratiladi. Aholini kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor ulushini ko‘paytirish uchun ham bir qator imtiyozlar belgilandi.

Yig‘ilishda aholini kasb-hunarga tayyorlash va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan yana ko‘plab vazifalar belgilandi. Endigi asosiy eʼtibor ularning ijrosini taʼminlashdir. Albatta, bu mahalliy kengash deputatlariga ham katta masʼuliyat va vazifa yuklaydi. Yaʼni, bu borada saylovchilarimiz orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirib, mustahkam deputatlik nazoratini o‘rnatishimiz lozim.

 

 Shaayub ABDULLAYEV,

Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati