713 04.04.2025
O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos, adib va mutarjim Ibrohim G‘AFUROV bilan suhbat
- Assalomu alaykum, ustoz. Siz ham zamon, ham ruhiyat nuqtayi nazaridan jadid bobolarimizga eng yaqin millat oydinlaridan birisiz. Jadidlik harakati davomchilarini ko'rgansiz, ular bilan birga ishlagansiz, albatta, suhbatlarida bo‘lgansiz. Ayting- chi, jadidlar ozodlik va ma’rifat yo‘lidagi kurashlarida nimaning badaliga bu darajada qat’iyat va ishonch bilan fidoyilik ko‘rsatishgan?
- Jadidlar haqida, ularning tarixi xususida, dunyoga kelishi, tarqalishi, jahonning katta qismini g‘oyalari, fikrlari, mafkurasi, faoliyati bilan egallashi, o‘ziga milliy fikr va g‘oya maydonlarini yaratishi borasida ilk marotaba suhbatlashyapmiz. Jadidlar aynan XX asr va bizning davrimizda, davlatimizda qaddini rostlashi, yer bag‘ridan ko‘kragini ko‘tarib, shoironaroq qilib aytganda, quyoshga qarab yuksalishi tasodif emas. Jadid harakati degan ulug‘ bir ruh egasi dunyo miqyosida nihoyatda katta oqim sifatida iqtidorga kelishi bu yaqin umumbashariyat tarixida ro‘y bergan buyuk hodisalardan biridir. Moziy jadid nomi ostida mafkura, g‘oya, mustaqillik, ma'rifat, erk uchun kurashlar maydoni yaratilganiga dalolat qiladi. Tariximizning buyukdan buyuk ijtimoiy, siyosiy, falsafiy, hayotiy hodisasi, voqeligi mustabid tuzum tomonidan qanchalar dahshatli quvg'inlarga uchramasin, qon qaqshatilmasin, ildizlarigacha yo‘qotib yuborishga tish-tirnoq bilan harakat qilinmasin, Prezidentimizning juda katta tashabbuslari sabab adolat qaror topdi. Jadidona g'oyalar bugungi kunda ijtimoiy, madaniy, falsafiy tafakkur islohoti harakatlari ichiga o'zining tub hayotiy kuch-quvvati bilan kirib bormoqda. Ushbu hodisaning tiklanishi, xalqimizga, mamlakatimizga asl mazmun-mohiyati miqyosida to‘kis-tugal qaytarilishi bu davlatimizning o‘z tayanch nuqtasini topib, xalq ichida yanada kuch-qudrat kasb etishidan darak beradi. Jadidlik endi o‘lmaydigan harakatga aylandi. Ana shu tarixiy adolatni tiklagani uchun hammamiz qo'limizni ko‘ksimizga qo‘yib, Prezidentimizga tuganmas minnatdorligimizni bildiramiz.
Chunki Yurtboshimiz zamonamizning yetakchi jadidi o‘laroq mintaqada geosiyosiy islohotlarga bosh bo‘lib, bobolarimiz orzu qilgan turkiy davlatlar hamjihatligini tiklayotgan, Markaziy Osiyoni boshqa qit’alar bilan bog‘layotgan xalqaro miqyosdagi haqiqiy lider sifatida maydonga chiqdi. Shuningdek, Orolbo‘yi muammolari, tinchlik va yoshlar, umuman, zamonning muhim sanalgan nimaiki masalasi bo‘lsa, ularni asosli tarzda dunyoning eng nufuzli minbarlarida ko‘tarib chiqqani, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’biri bilan aytganda, Shavkat Mirziyoyevning mintaqadagi ko‘prik o‘rnatuvchi tashabbuskor, tinchlik elchisi ekanini yana bir bor amalda isbotladi.
Albatta, bu sa’y-harakatlarni butun dunyo hamjamiyati ko‘rib-bilib turibdi, e’tirof etyapti. Yevropaning yuragi sanalgan Fransiyaga rasmiy tashrif chog‘ida mezbon Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyevni “Faxriy legion” ordeni bilan taqdirlashi ham ana shu xalqaro e’tiroflarning navbatdagisidir... Endi savolingizga qaytsak.
Men 1956-61 yillarda O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetida tahsil olganman. Bizga Ozod Sharafiddinov, G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov, Shavkat Rahmatullayev, Laziz Qayumov, Natan Mallayev kabi ham pedagog, ham olim, ham jamoat arbobi sifatida yuksak iqtidorli, hech qanday yasama, soxtaligi bo‘lmagan odamlar dars bergan, ongimizni ochishgan. Universitetni tugatganimizda ba’zi do‘stlarim bilan birga meni Madaniyat vazirligiga ishga jo‘natishdi. U yerda bizni nashriyotlarga taqsimlashdi. Men bilan kursdosh do‘stim, shoir To‘lqinni Davlat badiiy adabiyot nashriyotiga yuborishdi. Ikki-uch oylik sinov muddati o‘tgach, meni muharrir lavozimiga ishga qabul qilishdi. “Navoiy- 30”da joylashgan bu nashriyot keng qamrovli, katta-katta yozuvchilar, adiblar, madaniyat namoyandalari ishlaydigan joy edi. U yerda Mirtemir aka, Mirkarim Osim, Odil Sharopov, Rustam Komilov, Mirmuhsin, Hakim Nazir, Sulton Akbariy kabi ajoyib odamlar xizmat qilishardi. O‘sha yerda men haqiqiy ma’nodagi jadid siyoqli, jadid qiyofali, butun saxti- sumbatidan jadidona nur yog‘ilib turadigan odamlarni ko‘rishga muyassar bo‘ldim. Ular bilan birga ishlaganim, ularning qo‘lyozmalarini sinchiklab o‘qib, taqrizlar yozib, muharrirlik qilganimdan o‘zimdan o‘zim minnatdor bo‘lib yuraman. Axir Mirtemir, Ramz Bobojon, Sulton Akbariy, Hamid G‘ulom, Qodir Mirmuhamedov, Lola Tojiyeva, Mirziyod Mirzoidovga o‘xshagan kamtar va fidoyi ijodkor noshirlarni o‘sha yerda tanidimda. Bu menga hayotning mislsiz tuhfasi bo‘lgan.
Mirkarim Osim benihoya kamtarligi bilan mehrimizni qozongandi. U doim qisinib, devor yoqalab, yo‘laklarning chetidan yurardi. Shundanmi kiyimining bir yelkasi doim oqarib yuradigan, ammo eski dunyoni yaxshi biladigan ulkan adib muarrix edi... Ana o‘shalar jadidlarni ko‘rgan, o‘ziyam jadid qiyofali kishilar bo‘lgan. Tirik jadidlardan Mo‘minjon Muhammadjonov - Toshqinni ko‘rganman...
Men dastlab tog‘amning kutubxonasida Usmon Nosir, Cho‘lpon, Qodiriy kabi jadid namoyandalarining ayrim kitob- larini o‘qiganman. Ularni jadid deyishardi, faqat u paytlar so‘kish va haqorat ohangi sezilib turardi bu so‘zlar zamirida. Yomon so‘kishardi. Eng kamida “xalq dushmani” deb haqorat qilishardi, kamsitishardi. Chunki mustabid sovet mafkurasi sichqon inigacha o‘z g‘oyalarini qo‘rg‘oshindek quyib tashlagandi.
- Xalq ham shunga ishonganda?
- Ishongan. Ko‘pchilik ko‘r-ko‘rona ishongan. Jadidlar xalqning ichida bo‘lgan. Xalqdan o‘zini tortib hech kim jadid bo‘lgan emas. Mirkarim Osimning go‘zal tarixiy hikoyalarini o‘qisangiz, boshingizni ko‘tarolmay qolasiz. Navoiy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy xususida, yo‘qolish darajasiga kelgan qanchadan-qancha buyuk tarixiy namoyandalarimiz haqida ham tarixiy, ham hayotiy, ham insoniy, ham ilmiy - olimlik nuqtayi nazaridan eng baland nuqtalarda asarlar yozib, tiriltirgan odamlar edi ular. Asl jadidlik shu! Xalq taqdiri uchun qayg‘urish shu!
Bir keksa adib va muallim haqida gapirib bermoqchiman. Mo‘minjon Muhammadjonov to‘g‘risida. U Toshqin degan taxallus bilan yozardi. Oybek, G‘afur G‘ulom bilan, ilk jadidlar bilan ham birga ishlagan. 1926 yilda xotiralar asosida “Turmush urinishlari” degan go‘zal bir kitob yozgan. XX asr boshlaridagi Markaziy Osiyo, xususan, o‘zbek xalqi hayotini haqqoniyati, samimiyati bilan rost yoritib bergan. Haliyam o‘qisangiz, o‘sha davrning voqealari, odamlari, jadid namoyandalariyu boshqa turli siyosiy, ijtimoiy, diniy tashkilotlar vakillarining ham siymolari Mo‘minjon Muhammadjonovning qalami ostida nihoyatda tirik gavdalanadi. Oybek domla ham keyinchalik “Ulug‘ yo‘l” degan e’tiborli roman yozganlar.
Ana o‘sha yerda jadidlarning hayoti juda go‘zal yombi haqqoniyat bilan ifodalangan. Gap-so‘zlari, fikrlari, o‘ylashlari, falsafasi, kurashchanligi va kurashda bo‘ynini kundaga qo‘yganligi shunday yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Mo‘minjon Muhammadjonov – Toshqin bilan nashriyotda ishlayotgan paytlarim tanishganman. O‘shanda meni mumtoz adabiyot, folklor, qrim-tatar adabiyoti, adabiy tanqid, adabiyotshunoslik sohalari bo‘yicha bo‘lim mudiri qilib qo‘yishgandi. Qarib, munkillab qolgan Mo‘minjon Muhammadjonov qo‘llarida eskirib ketgan qalin papka solingan xalta bilan kirib kelgandi xonaga. Diqqatimni tortgani - kiyimlari eski, lekin juda ozoda edi. O‘zlarini tanitdilar: “Yangi ishga kelibsiz, o‘g‘lim, tanishgani keldim”, dedilar. Haligi xaltani ochib, papkadan “Nayzangul” deb qalamda yozilgan qo‘lyozmani chiqardi. “Mana shu ro‘monni, Ibrohimjon, sizga olib keldim. O‘qing, agar ma’qul bo‘lsa, chiqarsangiz, o‘quvchilar ham maza qilardi”, dedi. Qo‘lyozmani olib qolib, 10-15 kunda o‘qib chiqdim. Xalq latifalari usulida yozilgan, hayot hodisalari, kolliziyalari, zo‘ravonliklarini ko‘rib, esidan og‘ib qolgan Nayzangul degan odamning obrazini yaratibdi. Olomon ichida masxarabozlik qilib, qo‘llarida kashkullar bilan doim “Nayzangulo, Nayzangul” deb takrorlab yuradigan darveshqalandarlar bo‘lardi yuz yil avvallari, deb eshitganmiz. Insonni qanchalar zo‘ravonlik ostida xoru zor qilib, esidan ayirishgani, hushini olib, taqdirini barbod qilishgani haqida ekan roman.
Ko‘rishganimizda “Yaxshi yozilibdi, rejaga qo‘yamiz, rahbarlarga yetkazaman. Faqat ozroq qisqartirishga to‘g‘ri keladi. Sizga bir oy vaqt bersak, bir ko‘rib, o‘zimga qaytarib olib kelib bersangiz”, dedim va ko‘zimga tashlangan ayrim juz’iy nuqsonlarini ko‘rsatdim.
Keyin bilsam, u kishi katta shoir, jamoat arbobi, tahririyatlarda ishlagan, yuzlab maqolalar chiqargan ziyoli domla ekanlar. Qo‘lyozmani olib ketdi, shu-shu qaytib kelmadi. Demak... o‘tib ketgan. Surishtirdim, hech qayerdan daragi topilmadi. Roman ham yo‘q. Hozirgacha topilmagan “Nayzangul”... Avlodlari ham yo‘q ekan. Uyini ham topolmadim. Eski Jo'va, Sag'bon atrofida bo'lsa kerak, deb o'ylardim, lekin u tomonlarda ham domlani hech kim ko'rmagan bo'lib chiqdi.
Men shunday sharqshunos domla Laziz Azizzoda bilan ham tanishganman o‘sha kezlar. Yigirma yildan ortiq surgunda yurgan. Tarixi uzun...
- Buyuk shaxsning o‘zi davr qolipiga sig‘ishi qiyin. Lekin jamiyatda yuzlab fenomenlar paydo bo‘lgandan keyin yo jamiyat ular bilan murosa qilishi, yo ularni yo‘q qilishi kerak. Shu mulohaza o‘rinlimi?
- Bu tazyiq-ta'qiblarga asoslangan jarayonlar boshqa xalqlarda ham sodir bo‘lgan. Yevropa, Germaniya, Fransiyada shunday voqealar kuzatilgan. Biz hali jadidlar harakatining teran mohiyatiga kirib bormadik. Bu ozodlik harakati namoyandalarini fransuz inqilobchilariga o‘xshatish mumkin.
Fransuz inqilobining beshta buyuk prinsipi bo‘lgan, shuni qattiq ushlashgan. Xuddi “Jadid” gazetasida “Tilda, fikrda, ishda birlik” shiori bo‘lgani singari. Bu juda ulug‘ gap. Ismoil Gaspirali Yevropa,
Turkiya, Misrni borib ko‘rganidan keyin romanlar yozgan. Bu ma’rifiy asarlar orqali jamiyat hayotiga ham erk, inqilob g‘oyalari yopirilib kirib kelavergan. Shu g‘oyalar ta’sirida jadidlar ilmu ulamo, olim hamda ixtirochi bo‘lgan, kashfiyotchiga aylangan.
Jadidlarning ixtirolari deganda Ahmadjon Shukriy yodga keladi, u ham Berlinga borib o‘qigan yoshlardan bo‘lgan. Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majidxonova bilan birga o‘qigan. Shu odamning taqdiri ham juda qiziq, men hayratga tushib yuraman. U Haydelbergda o‘qigan olim va adib edi. Ahmadjon Shukriy “Cho‘lpon Cho‘lpondir” degan maqola yozgan. Qarang, fikriy ixtiro bu ham. Cho‘lpon ijodini shu maqolada Shekspirning sonetlari bilan muqoyasa qilgan. Shukriy 20-21 yoshli yigitcha bo‘lgan u paytda. Tasavvur qilyapsizmi, Shekspir bilan Cho‘lponni qiyoslash uchun qancha Yevropa ilmlarini, Gyoteni, Volterni bilishi kerak. Yo‘qsa bunday yozolmasdi. Mana, ixtiro. Bu odam Husayn Jovidning “Shayx San’on” tragediyasini Fitratning “Hind ixtilochilari” asari bilan so‘zma-so‘z solishtirib chiqqan. Ixtiromi, yo‘qmi? Shundan ajoyib bir ijtimoiy-badiiy xulosalar, adabiy uslublarga doir nazariy fikrlar yozib qoldirgan.
Nima uchun turkiy jadid adabiyoti namoyandalari chet el hayotiga daxldor voqealarni yoritgan, tarixiy hodisalarni qalamga ola boshlagan? Buni men bir misol tariqasida aytayotganim boisi, juda yosh bo‘lishiga qaramasdan Majidxonova, Sultonmurodova, Shukriylar avlodi haqiqiy ma’noda adabiyotda, san’atda, ilmda ixtirolarga, kashfiyotlarga intilgan. Gazetada jadid kashfiyotchiligi, jadid ruhi degan mavzu ko‘tarilishi kerak. Haqiqatda ular kashfiyotchi bo‘lgan. Jadidlar adabiyotdan ijtimoiy ovoz chiqib turishini xohlagan jiddiy shaxslar edi. Buni Rauf Parfiga o‘xshagan zamondoshlarimiz ilg‘ab olgan va shu g‘oyalar yuragida, ijodlarida ko‘karishini jon-jahdi bilan istagan, shu yo'ldan qaytmagan.
- Kitoblaringizning birida o'qigandim, bolaligingizni eslaganingizda amakilaringiz novvoy bo'lishganini yozgansiz. Ko'zimning oldida turibdi o'sha tasvirlar: Siz tomosha qilyapsiz, ulardan biri chaqqonlik bilan xampadan xamir uzib, tirsaklari bilan zuvalaga ishlov beryapti... O‘sha paytlar, ya’ni 50-yillarda oddiy xalq vakillari jadidlarni bilisharmidi yo unutganmidi? Jadidlar haqida suhbatlar bo‘lganmi?
- Otam rahmatli Qodiriy bilan tengdosh bo‘lganlar. Aytib berishardi, milliy harbiy kuchlar tuziladigan bo‘lganda Abdulla Qodiriy yosh yigit bo‘lgan, otam ham Qodiriylar bilan Samarqand darvoza tomonlarda birga xizmat qilgan ekan. Lekin qo‘limda hech qanday hujjat bo‘lmagani uchun bu haqda biror narsa deyolmayman.
- Tahririyatimizda eskishaharlik Husan degan yigit ishlaydi. U bir kitob olib keldi. “O‘tkan kunlar”ning uchinchi bo‘limi alohida bo‘lib chiqqan 25-yilgi nashr. Qatag‘on yillarida kitobni chordoqqa berkitib, suvab tashlashgan ekan. Xalq o‘zi sevgan kitoblarini ehtiyot qilib, saqlab qo‘yganda. “Nayzangul” romani haqida gazetamizda e’lon bersak. Topilsa, koshki... O‘zi matbuotning vazifasi kashshoflik, degan gap bor-ku.
- Bale, haq gapni aytdingiz. “Jadid”da qishloq xo‘jaligi vaziri, katta olim, akademik Ibrohim Abdurahmonov bilan suhbatingizni o‘qidim. Mana shu suhbatda u juda ko‘p fikrlarni o‘rtaga tashlagan. Savollarga ham jahonning eng zo‘r olimlari kabi yuksak professional nuqtayi nazardan javob bergan. Sun’iy intellekt haqida ham juda chuqur nazariy masalalarni o‘rgangan ekan. “Bizning olimlar shu kunlarda sun’iy intellekt, genomika, seleksiya sohalarida olib borayotgan ishlari faqat O‘zbekistonga emas, butun dunyoga katta foyda keltiryapti”, degan gapni aytgan. Bu oson gap emas. Olim odam qo‘lida aniq faktlar bo‘lmasa, gapirmaydi. Bular haqiqiy ma’noda o‘sha Fitratlarning, Cho‘lponlarning, Qodiriylarning milliy g‘oyalarini o‘zlashtirgan. O‘zbekiston xalqi yaqin yillar ichida shu odamlar sabab nihoyatda katta samarali natijalarga erishadi. Mana shunday odamlar jadidlarning an’analari va milliy g‘oyalarining, o‘sha kurashlarining natijalari sifatida maydonga kirib kelyapti. Jadidlarning bir o‘lmaydigan xususiyati - ular boshlagan ishlarning davomiyligi va hech qachon tugamasligidir.
- Nazarimda hamma zamonaning o‘z jadidlari bordek. Boshqacharoq nom bilan bo‘lsa ham, masalan, Ozod Sharafiddinov, Shuhrat, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov timsolida davom etgan bu silsila.
- Bular juda ko‘p. Asqad Muxtor, Omon Matjon, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev kabi peshqadam yozuvchilarimiz ham yuragida, asarlarida milliy g‘oyalar gurkirab turgan odamlar edi. Mana, Abdurahmonovni gapiryapmiz, bitta emasku ular, to‘g‘rimi? Yana qancha abdurahmonovlar bor biz bilmagan.
- Bir suhbatimizda o‘sha olimimiz sun’iy intellektning axloqiy jihatlari to‘g‘risida qayg‘urib gapirib qoldi. Agar haqiqatanam tizim qo‘ldan chiqib ketsa, sun’iy idrok vaqti kelib kinolardagidek halokatlar keltirib chiqarishi mumkinmi, deb so‘radim. “Bo‘lishi mumkin, bu real. Shuning uchun sun’iy intellektga haqiqiy o‘zbekning yuragini qo‘yish kerak”, dedi u. Boya Erkin Vohidovni esladik. U kishi Sizning yoshlik do‘stingiz bo‘lgan. Qahramon shoirimizning tabiatida kiborlik bilan birga o‘ta kamtarlik, yuksak madaniyat
va sabr-bardosh, iroda va shijoat, insof va hamiyat uyg'un edi. “Chekkaga surilib” qolgan paytlarida ham biror marta nolimadi. Erkin akadagi daryodillikni bir maqolangizda juda chiroyli ta'riflagansiz. Erkin akadagi shu iroda, shu madaniyat o'sha jadidlardan o'tib kelyaptimikan?
- Kelyapti, to'g'ridan to'g'ri kelyapti. Erkin akam ko‘p suhbatlarida Alixonto'ra Sog'uniyni tilga olardilar. Sog'uniy domla sharq madaniyati, islomshunosligi, Qur’on va hadis ilmini juda chuqur o‘zlashtirgan alloma edi. Erkin akam dastlabki g‘azallarini yozib tog‘alari orqali Alixonto‘ra Sog‘uniyga o‘qitganlarida u kishi ustozlik qilib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan ekan. Shu-shu, domla Erkin Vohidov ijodini muttasil, izchil sur’atda kuzatib borganiga guvohmiz. Qanday qilib Alixonto‘rani ustoz degan shoirni jadid g‘oyalarining faol davomchisi, izdoshi deb ayta olmaymiz? Erkin Vohidovga bularning hammasi salaflardan meros bo‘lib o‘tgan.
Jadid g‘oyalarini tashigan yozuvchilarimiz, olimlarimiz va arboblarimizning hammasi ma’lum ma’noda jadid maktabining tarbiyalanuvchisi, shogirdi komili bo‘lgan. Ba’zi birlari buni oshkora tan olmagan bo‘lsalar ham. Bu millatning yuragidan o‘tib kelayotgan va hech qachon o‘lmaydigan munavvar tuyg‘u.
20-yillarda Germaniyaga o‘qishga borgan ilk yoshlar urug‘chilik, agronomlik, suv xo‘jaligi bo‘yicha juda katta ixtirolar qilishgan. Odam qoyil qoladi. Shularning nomi biron yerda aytilmagan, yo ko‘ksiga medal taqib qo‘yilmagan. Balki, Mirkarim Osimga yoki Toshqinga o‘xshab ko‘rinmas odam bo‘lib yashashga harakat qilishgan. Yo‘qsa, Usmonu Shokirlardek xor-zor, surgun bo‘lib, qamoqxonalarda chiritib yuborishardi. Mana, o‘shalar ham agronom bo‘lsayam, urug‘shunos, seleksioner, suvchilik sohasi ustasi bo‘lsayam millatimiz gullari, jadidlari edi. Chunki g‘oyalar bir nom bilan atalmasligi mumkin, lekin ularning mohiyati yagona. Demak, bir yarim asr narida boshlangan jadid g‘oyalari siz bilan biz suhbatlashib turgan davrgacha davom etib kelyapti. Har xil shaklda, lekin bardavom. Millat taqdiri shuni taqozo etadi...
- Suhbatimiz boshida Prezidentimizning bugungi islohotlari jahon miqyosida e’tirof etilayotganini esladingiz. Turkistonlik jadidlarning maqsadi istiqlol va birdamlik bo‘lgani haqida ham ko‘p gapirilyapti. Aslida bu maqsadlarning ro‘yobiga qarshilik ko‘rsatuvchi, hamjihatlik g‘oyasining amalga oshishiga to‘sqinlik qiluvchi tashqi kuchlar har doim bo‘lganini unutmaslik kerak, menimcha...
- Fikringizga qo‘shilaman, Iqboljon. Tashqi ta’sir hamma vaqt bo‘lgan. Davlatimiz rahbari yuksak siyosiy iroda ko‘rsatib, jadid bobolarimiz orzu qilgan ishlarni davom ettirayotir. Hayot ruhoniyatiga singdirayotir. Mana, mart oyi oxirida Xo‘jand shahrida bo‘lajak uch tomonlama uchrashuv ham ana shu xalqchil islohotlarning amaliy ifodasidir. Qo‘shni-qardosh ellarning birdamligi, chegaralardagi nizoli hududlar xususida hamjihatlikda yakuniy qarorning qabul qilinishi, eng avvalo, ulug‘ ne’mat - tinchlikning barqarorligini, qolaversa, mintaqa salohiyati bilan birga, uning kuch- qudratini-da mustahkamlaydi. Bu esa o‘z navbatida Markaziy Osiyo, xususan, Yangi O‘zbekistonning rivojlanish bosqichida yangi ufqlarni ochadi. Ular bari jadidlar orzu qilgan ufqlar...
- Rahmat, ustoz. Siz bilan suhbatimizni hali ko‘p davom ettiramiz. Ulug‘ ayyom kunlari Sizga minglab mushtariylar nomidan kuch-quvvat, tani sihatlik va toshqin ilhom tilaymiz.
Suhbatdosh: Iqbol MIRZO
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-mart sonidan olindi.