708 05.04.2025
Asrlar davomida turli madaniyatlar, xalqlar va g‘oyalarni birlashtirgan Samarqand bugun yana zamonamizning asosiy muammolarini muhokama qilish mumkin bo‘lgan muloqot maydoniga aylandi. “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ortidan Samarqand yana bir xalqaro tadbirga mezbonlik qildi: qo‘hna shaharda xalqaro iqlim forumining yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Forumda mintaqamiz oldida turgan dolzarb iqlim muammolari muhokama qilindi. Ekologik barqarorlik, “yashil” iqtisodiy taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda global isish oqibatida yuzaga kelayotgan tahdidlar insoniyatni jiddiy xatarlardan ogoh qilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1880-yildan beri Yerdagi o‘rtacha global harorat Selsiy bo‘yicha 1,5 darajadan oshgan va bu ko‘rsatkich tobora yuqorilamoqda. Demak, bu masala yechimi bo‘yicha butun yer aholisi birdek bosh qotirmas ekan, bu ertaga tuzatib bo‘lmas halokatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Xalqaro forumda so‘zga chiqqan Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishlari oziq-ovqat va energiya xavfsizligiga ham tahdid ko‘rsatayotganini taʼkidladi. Jumladan, mintaqada unumdor yerlar kamaymoqda. Jami yer maydonining 20 foizdan ortig‘i degradatsiyaga uchragan va chorak asrdan so‘ng hosildorlik uchdan bir qismga kamayishi mumkin. Markaziy Osiyo aholisi 25 yildan so‘ng 100 million kishidan ortishi kutilayotganini eʼtiborga olsak, bu masala qanchalik dolzarbligi maʼlum bo‘ladi.
Forumda Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishlarini oldini olish borasida mintaqa davlatlari, jumladan, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi, bu borada muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Yevropa Ittifoqi bugungi kunda hech shubhasiz iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish masalalarini ilgari surish va himoya qilishda global yetakchi ekani, bu borada ham amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz so‘zining nihoyasida “Biz Yerni ajdodlarimizdan meros sifatida emas, balki farzandlarimizdan qarzga olganmiz”, degan mashhur hikmatli iborani eslatib, kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun bugun bu boradagi muloqotlarni kuchaytirib, umumiy ezgu maqsadlar yo‘lidagi saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
Bahodir MAMATXONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi "Milliy tiklanish" partiyasi fraksiyasi a'zosi