852 08.04.2025
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, erta nikoh, voyaga yetmagan qizlarni unashtirish yoki “og‘iz solish” bilan bog‘liq salbiy udumlarga qarshi murosasiz kurashni boshladi. Partiya bu borada qonunchilikni kuchaytirish tarafdori.
Markaziy kengashda “Ayollar qanoti” tomonidan ushbu masalada kecha o‘tkazilgan ishchi guruhi yig‘ilishida ham o‘nga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlar mazkur loyiha doirasida “Milliy tiklanish” bilan hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.
Ushbu masala yana kun tartibiga ko‘tarilayotgani bejiz emas. “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot”ni bosh shior bilgan partiyamiz uchun oila qadriyatlar beshigi, Vatan ichra vatan, muqaddas qo‘rg‘ondir.
Lekin so‘nggi yillarda muqaddas qo‘rg‘on darz ketayotgandek. Ayniqsa, mutaxassislar tomonidan erta nikoh bilan bog‘liq salbiy udumlar ham dunyoviy, ham diniy qadriyatlarimizga mutlaqo zid ekani ko‘p taʼkidlansada, lekin 4–5 sinfdagi qiz bolalarni unashtirib qo‘yish hamda 15–16 yoshda turmushga berib yuborish holatlari to‘xtamayapti.
Maʼlumotlarga ko‘ra, erta turmush qurish oqibatida 38,2 foiz o‘smir qizlarning sog‘lig‘i, 22,9 foizida ota-onasi va boshqa oila aʼzolari bilan munosabatlar yomonlashgan. 25,2 foizi iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda 9 foiz holatda erta turmush kelinning yaqin do‘stlari bilan aloqalari uzilishiga olib kelgan. Bundan tashqari, erta nikohga kirishganlarning katta qismi to‘ydan keyin maktab, kollej yoki litseyda o‘qishini davom ettira olmagan.
Albatta, erta nikohga avvalambor ota-ona va qarindosh-urug‘lar asosiy sababchi bo‘lib qolmoqda. Jumladan, erta turmushga chiqqanlarning 70 foizi ota-ona va oila aʼzolarini sababchi qilib ko‘rsatgan. 26 foizi sevgi-muhabbat bilan izohlagan, 3,4 foizi bu homila bilan bog‘liq bo‘lgani hamda 1,5 foizi esa yosh erga tegishiga diniy qarashlari sabab bo‘lganini bildirgan.
So‘zimiz avvalida partiyamizning saylovoldi dasturida ushbu masala bo‘yicha alohida vazifalar belgilanganini taʼkidladik. Ushbu takliflarni tayyorlashda erta nikoh, voyaga yetmagan qizlarni unashtirish yoki “og‘iz solish” bilan bog‘liq salbiy udumlar ko‘p uchrayotgan Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida 300 dan ortiq oilalar vakillari bilan muhokamalar o‘tkazildi. Minglab yoshlar bilan suhbatlashildi va ushbu masalada quyidagi fikrlar bildirilgan edi: yuqorida taʼkidlanganidek, voyaga yetmaganlarning turmushi ko‘pincha zo‘ravonlik bilan amalga oshiriladi, qarorni ota-ona qabul qiladi, baʼzi hollarda esa qizni oilasidan shunchaki o‘g‘irlab ketishadi. Erta nikohdan o‘tgan qizlar taʼlim va kasbga ega bo‘lish, o‘zini shakllantirish hamda mustaqil pul ishlab topish kabi imkoniyatlardan mahrum bo‘ladi. Erta nikohlar ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi, shunday ekan, ular ajrashib ketadigan bo‘lsa, ayol aliment yoki mol-mulkning o‘ziga tegishli qismini talab qila olmaydi.
Ota-onalar tomonidan qizlarini erta turmushga majbur qilish, qizlarning qaror qabul qilishda cheklangan kuchga ega ekanligi, uy mehnatiga katta urg‘u berilishi, ularni balog‘atga yetish davrida bolalarga qarash va uy ishlarini bajara olish ko‘nikmasi shakllangan paytda turmushga berilishi ana shunday oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, yosh kelinlarning mehnati qishloq joylarida asosiy o‘rinni egallashi, yoshlarga moslashtirilgan xizmatlardan yetarli darajada foydalanish imkoniyati cheklanganligi, o‘smirlarning maʼnaviy ehtiyoji qondirilmasligi, ular o‘rtasidagi homiladorlik ko‘pincha ijtimoiy-iqtisodiy holati nochor oilalardan, kambag‘allikdan aziyat chekadigan va bolasini tarbiyalash uchun zarur resurslarga ega bo‘lmagan oilalardan kelib chiqishi kabi omillardir.
Yuqorida keltirilganlarni inobatga olib, “Milliy tiklanish” partiya "Erta turmush qadriyat emas" aksiyasini eʼlon qiladi. Va Respublika bo‘yicha jamoatchilik masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda eshituvlarini tashkil qiladi.