Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati va parlament diplomatiyasi yangi bosqichga ko‘tarildi


907     08.04.2025

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasida so‘zlagan nutqida bugungi kunda Yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar va pragmatik tashqi siyosat yo‘lidan dadil qadam bosib, dunyo hamjamiyati bilan ochiq va jadal muloqot olib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:

– O‘zbekiston o‘zining tinchlikparvar tashqi siyosati bilan mintaqaviy va global munosabatlarda ochiqlik prinsiplari asosida faol ishtirok etmoqda. Umuminsoniy muammolarni hal qilish, mintaqa xavfsizligini mustahkamlash, yaqin qo‘shnichilik siyosati ostida o‘zaro integratsiyani kengaytirish va xalqaro munosabatlarda Markaziy Osiyoning tutgan o‘rnini oshirish yo‘lida maqsadli dasturlarni amalga oshirmoqda.
Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasiga mamlakatimizning mezbonlik qilgani ham pragmatik tashqi siyosatning amaliy natijasidir. Ushbu nufuzli anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqamizdagi parlamentlararo diplomatiyaning yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatib berdi.

Prezidentimiz o‘z nutqida turli mintaqalardagi nizolar va iqlim o‘zgarishi muammolarining oldini olish, xotin-qizlar huquqlarini himoyalash, yoshlarning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, xalqaro standart va me’yorlar asosida ijtimoiy himoyani mustahkamlash, shuningdek, hozirgi kunda barcha jabhalarga keng kirib kelayotgan sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.  

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, bugungi kunda jahonda geosiyosiy beqarorlik kuchayib, turli mamlakatlar o‘rtasida keskinliklar tobora avj olmoqda. Tabiiy resurslar kamayib, inflyatsiya, ishsizlik va migratsiya darajasining ortib borishi hamda global iqlim o‘zgarishlari ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy muammolarni yanada kuchaytirmoqda.  

Bunday sharoitda mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy diplomatik aloqalarning samaradorligi pasayib, hamkorlikning yangi shakllarini amaliyotga tatbiq etish, millatlar va mintaqalar o‘rtasida ko‘p qirrali, umummanfaatli muloqot dasturlarini ishlab chiqish zarur.  

Shunga monand davlatimiz rahbari jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni alohida ta’kidladi.

Albatta, bugun jahonda tinchlikparvar tashqi siyosatni amalga oshirish faqatgina harbiy-siyosiy ittifoqlar bilan emas, balki iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va madaniy hamkorliklarni ham o‘z ichiga olgan holda kompleks yondashuvni talab qilmoqda.  

Parlamentlararo Ittifoq mintaqalar o‘rtasida integratsiyalarni chuqurlashtirish, xavfsizlik tahdidlariga qarshi hamkorlikda kurashish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, mintaqaviy muammolarni xalqaro miqyosda nafaqat ko‘tarib chiqish, balki hal qilishda muhim o‘rin tutadi.   

 

Norgul Abduraimova,
O‘zA