O‘g‘ilning elchisi


908     08.04.2025

Yevroosiyo hamkorligining tarixi uzoq zamonlarga borib taqaladi va bu harakat gullab-yashnagan Temuriylar hukmronligi davrida yuqori bosqichga chiqqan. Bunda elchilarning xizmati alohida bo‘lgan, albatta. Ayniqsa, hozirgi Ispaniya davlatining asosi bo‘lgan Kastiliya va Leon qirolligidan tashrif buyurgan Ruy Gonsales de Klavixo boshchiligidagi missiya faoliyati asrlar o‘tsa-da, jahon diplomatiyasi tarixida alohida yorqin hodisa sifatida baholanyapti. Rostdan ham Yer sharining juda uzoq nuqtasida joylashgan va borib-kelishi yillar davomida cho‘zilgan bu safar umuman madaniyatlar tarixida alohida e’tirof etishga arziydigan voqelik bo‘lgan.

Ispan sayyohi Rui Gonsales de Klavixo XIV asrda yashab o‘tgan. U bizning tariximizda Sohibqiron Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan, Samarqandda qariyb olti oy yashagan, buyuk bobokalonimizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va uning davlat tutumi haqida kitob yozgan mutafakkir sifatida ham biz uchun qadrlidir. Ko‘plab manbalarda qayd etilishicha, uning tug‘ilgan yili noma’lum, 1412-yilning 2-aprelida vafot etib, Madriddagi Avliyo Fransisk monastirida dafn etilgan.

Rui Gonsales de Klavixo o‘sha paytda Leon va Kastiliya qiroli bo‘lib turgan Enrike III (ko‘plab boshqa nashrlarda - Genrix) oilasiga yaqin bo‘lgan boy kamergerlar avlodidan bo‘lib, yaxshi tarbiya topgan va yetarlicha ma’lumotga ega shaxs edi.

Shu o‘rinda uning Samarqandga kelishi o‘ziga xos tarixga ega ekanini aytish joiz.

Ma’lumki, 1402-yilda Bolqon yarim orolida turk sultoni Yildirim Boyazid va Turon hukmdori Sohibqiron Amir Temur o‘rtasida mislsiz to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi va Samarqand qo‘shini g‘alaba qozonadi. Bu voqea Yevropa taqdiri uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. O‘sha paytda «Yildirim» deb shuhrat qozongan Boyazid II shunday salohiyatga ega ediki, unga qarshi turadigan kuch G‘arbda mavjud emas va uning butun Yevropani musaxxar etishi deyarli ma’lum bo‘lib qolgan edi. Shunday kuch qarshisida zir titrab turgan va o‘zining fojiali taqdirini kutib yashayotgan Yevropa uchun Amir Temur beixtiyor xaloskorga aylanadi va uning shaxsiga katta qiziqish uyg‘onadi. O‘z vaqtida Anqara jangidan ko‘p o‘tmay Enrike III (ya’ni, ba’zi manbalarda qayd qilingan Genrix III)ning elchilari Payo Gomes de Sotomayor va Ernan Sanches de Palasu Elos tashrif buyurib, Sohibqironni g‘alaba bilan tabriklagan edi. Bunga javoban Amir Temur ham Kastiliyaga Muhammad Keshiy boshchiligidagi elchilarni jo‘natib, qirolga o‘z minnatdorligini bildirgan, sovg‘a-salomlar qatorida asirlikda bo‘lgan Anjelika de Gres, Katolina, Mariya ismli nasroniy qizlarni ham yuborgan edi. Ana shu tashrifga javoban elchilar Kastiliya qiroli o'zining ishonchli odamlari Pelayxo de Sotomayor va Ernando Sanches de Papasueloslarga Rui Gonsales de Klavixoni bosh qilib, Samarqandga jo'natadi. Ular 1403-yilning 22-may kuni Kadis shahridan yo'lga chiqishadi.

Kadis bir ming bir yuz yil oldin finikiyaliklar tomonidan asos solingan qadimgi port shahri bo'lib, Buyuk geografik kashfiyotlar davrida shu joydan Amerika qit'asiga kemalar yo‘l olgan. Unga yaqin Palos-de la-Fronte portidan keyinchalik Xristofor Kolumb yo'lga chiqqan va shu safari davomida jahonshumul kashfiyotni amalga oshirgan, ya'ni yangi materikni kashf qilgan. Qirol elchilari Santa-Mariya portidan kemaga o'tirib, Italiya qirg'oqlaridan suzib, ya'ni Genuya, Piza, Venetsiya shaharlarini ortda qoldirib, Gretsiyaning Rodos shahriga yetib keladilar. Rodos shu oroldagi yirik port edi. Undan keyin Turkiyaning Trabzon portiga borgach, yo'lni quruqlikda davom ettiradilar. Ot bilan Arzinjon, Sultoniya, Konya, Ray, Tehron, Nishopur, Balx singari Sharqning mashhur shaharlarida bo'ladilar. Nihoyat, ular Amudaryodan ham o'tadilar, tabarruk zamin - Kesh (Shahrisabz)ni ixlos bilan tavof qilib, Oqsaroy mahobatidan hayratlanib, Samarqand sari vosil bo'ladilar. Shunday qilib, 1404-yilning sentyabr oyida ular Samarqandga yetib kelishadi. Qariyb o‘n besh oy davom etgan safar ajoyib taassurotlarga boy bo'ladi. Ko'rganlarini Klavixo o‘z kundaligiga qayd qilib borgan edi.

Ehtimol, ushbu safar tafsilotlari o'sha kunlarda tillarda takrorlanib-takrorlanib, ma'lum vaqt o'tgach, unutilib ketgan, ahamiyati haqida ham gap-so‘zlar yuzaki bo‘lar edi. Aslida shunday ham bo‘ladi. Rui Gonsales de Klavixo Madridga qaytganidan o‘n kunlar o‘tib, qirol Enrike (Genrix) III ga safari yuzasidan ma’lumot beradi, qirol o‘zining topshirig‘i muvaffaqiyatli bajarilganidan mamnun bo‘ladi. U elchilarga Samarqand saltanati yuzasidan ishonchli ma’lumotlar to‘plashni qat’iy topshirgan edi. Tabiiyki, G‘arb hukmdorini harbiy salohiyat, qo‘shinlar tartibi singari ma’lumotlardan tashqari aholining turmush tarzi, yashash sharoiti, urf-odatlari, qolaversa, yeb-ichishi, kiyinishi, rasm- rusumlar, umuman, hamma narsa butun ikir-chikirigacha qiziqtirar edi. Nafsilambrini aytganda, ko‘hna qit’a vakillari o‘sha paytdagi hayotimizdan ulgu olib, buyuk salohiyatni yuzaga chiqargan omillarni o‘z hayotlariga joriy qilish niyatida edilar. Boshqacha aytganda, Sohibqiron davlatining shon-shuhrati ularni shu darajada maftun etib qo‘ygan edi.

Rostdan, bu safar tezda unutilib ketishi mumkin edi, faqat «Qog‘ozda yozilganlarni bolta bilan ham chopib bo‘lmaydi», deganlaridek, Klavixoning yo‘l xotiralari - uning kundaligi bu tarixni abadiyatga muhrladi. Klavixo qirolga hisobot berib chiqqach, safar natijalari yuzasidan tadbirlar ko‘rila boshlangandan ko‘p o‘tmay, 1407-yilda Genrix III vafot etadi. Shundan keyin Klavixo ham saroyni tark etadi va umrining oxirigacha mustaqil ijod bilan shug‘ullanadi. Jumladan, Samarqand safari kundaliklarini tartibga keltirib, uni to‘ldiradi, tahrir qiladi.

Aytish joizki, Klavixo boshchiligidagi safar qatnashchilari bosib o‘tgan manzillar qadim-qadimdan ma’rifatli G‘arbni qiziqtirib kelgan. Bekorga «Nur - Sharqdandir» degan ibora paydo bo‘lmagan va kun botish kun chiqishga hayrat bilan boqardi. Bu yurt, ya’ni Sharq tavsifi Gerodot solnomalaridan tortib Strabon, Pliniy, Solik, Stefan Vizantiyskiy, Isidor Savilskiy singari olimlarning ham tadqiqotlarida turli nuqtayi nazarlar bilan aks ettirilgan. Bulardan tashqari, savdo, diniy, diplomatik maqsadlarda tinimsiz elchilar kelib-ketib turgan. Masalan, Plano Karpini, Rubruk, Marko Polodan boshlangan bu harakat aslo to‘xtamagan edi.

Gonsales de Klavixoning safari ham, aslida, ana shu missiyaning davomi edi.

Klavixo kundaliklari birinchi marta 1582-yilda noshir Aragote de Malina tomonidan Sevilyada nashr etildi. 154 varaqdan iborat, ikki tarafiga ikki qatordan yozilgan mazkur qo‘lyozma yaxshi saqlangan edi. Kundalik jamoatchilikka e’lon qilingach, katta shov-shuv va qiziqishlarga sazovor bo‘ldi. Bu yillarga kelib, savdo-sotiq rivojlanayotgan, Genuya, Venetsiya va boshqa shaharlardan yo‘lga chiqqan savdo karvonlarining qatnovi kuchayayotgan edi. «Kundaliklar» favqulotda e’tiborni tortadi va uning yangi, to‘ldirilgan nashrlari ham paydo bo‘ldi. U «Samarqandga, Amir Temur saroyiga sayohat» nomi bilan tarqaldi.

«Kundaliklar»ni o‘rgangan tadqiqotchilarning xulosasiga qaraganda, unda muallifning kayfiyati, ishtiyoqi, holati aniq aks etganga o‘xshaydi. Ba’zi sahifalarida Gomer dostonlariga xos ko‘tarinkilik, hayajon yaqqol bo‘rtib tursa, ba’zi sahifalarida bosiq-vazmin tasvir, teran tahlil ustuvorlik qiladi. Ayrim o‘rinlarda qaytariqlar, hatto bir-birini rad etadigan dalillar yoki bir ma’lumotning turli talqinlari ham uchraydi. Ehtimol, Klavixo ko‘rganlarini dastlab yuzaki qayd etib borgan, keyinchalik ularni to‘ldirgan bo‘lsa kerak, deydi tadqiqotchilar. Bulardan qat’iy nazar Klavixo «Kundaliklar»i, avvalo, muhim tarixiy safarning solnomasi sifatida qadrli edi, qolaversa, asar o‘zining badiiy- tasviriy tabiati bilan ispan adabiyotida alohida voqea ham bo‘lgan. O‘sha paytda fantastik, xayoliy mavzulardan farq qilib, aniq hayotiy voqealarning olib kirilishi adabiyotda realizmning kuchayishiga kuchli turtki bo‘lgan.

Albatta, «Kundaliklar»ning markazida Sohibqiron Amir Temur va uning davlatida amal qilayotgan tartiblarning tasviri turadi. Elchi qalam tebratar ekan, tafsilotlarni chuqur va mufassal bayon etish bilan birga ularga xolis yondashishga intiladi. Masalan, Sohibqironni Temurbek (Tamurbek) deb ataydi, o‘z munosabatini esa ehtiroslarga berilmay, sovuqqonlik bilan ifodalaydi. Jumladan, hazrat Sohibqiron huzu-ridagi ilk uchrashuv (1404-yil 8-sentyabr, dushanba kuni ro‘y beradi)da ko‘rganlarini shunday bayon etadi:

«... Nazarimda, ulug‘ amir xuddi hashamatli uy bo‘sag‘asida o‘ltirganday tuyuldi menga. U shohsupa ustida o‘ltirardi. Uning oldidagi favvora ichida qizil olmalar suzib yurardi. Ulug‘ amir lo‘la-bolishga yonboshlagan holda shoyi ko‘rpacha ustida o‘ltirardi. Podshohning egnida gulsiz silliq shohi yaktak, boshida uzun telpak, telpakning tepasida qizil yoqut, javohir va boshqa qimmatbaho toshlar qadalgan». Shundan keyin qabul bilan bog‘liq rasm-rusumlarning batafsil bayoni keltiriladi: «Elchilar podshohni ko‘rish-lari zahoti o‘ng oyoqlarida tiz cho‘kib, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qildilar. Keyin bir oz yaqinlashib, yana ta’zim qildilar, so‘ng tiz cho‘kib turdilar. Ulug‘ amir ularning o‘rinlaridan turib, yaqinroq kelishlarini aytdi. Mulozim podshohga yaqinroq borishga istihola qilib, elchilarning qo‘llarini qo‘yib yubordi».

Sohibqiron qarorgohida amal qilgan tartiblar tasviri nihoyatda yorqin: «Podshoh yonida turgan, unga eng yaqin kishilar hisoblangan Shamelik mirassa (Shohmalik mirza), Noradin mirassa (Shayx Nuriddin) nomli amirlar elchilarning qo‘llaridan olib, podshoh yoniga keltirib, qator qilib tiz cho‘ktirib qo‘ydilar...». Samarqand hukmdorining saroyida joriy qilingan tartiblar o‘ziga xos: «Ulug‘ amir elchilarga qo‘lidan o‘pishga ruxsat etmadi, chunki ularda bunday odat yo‘q. Ular izzattalab kishilar bo‘lmaganligi sababli hatto ulug‘ amirning ham qo‘lidan o‘pmaydilar. Shundan keyin podshoh elchilarga murojaat qilib, «O‘g‘lim qirolning ahvoli qanday, uning ishlari joyidami?» deb so‘radi» .

Elchilar savollarga javoban o‘z faoliyati haqida to‘la axborot bergach, Sohibqiron qabul marosimida to‘plangan mulozim va aslzodalarga murojaat qilib shunday deydi:

- Mana, dunyoning u burchagida yashovchi mavjud farangi qirollar orasida eng peshqadami — Ispaniya qiroli yuborgan elchilar! Ispan xalqi buyuk xalq, men o‘g‘lim qirolni sharaflayman. Qirol sizlarni sovg‘asiz, faqat birgina maktub bilan yuborganda ham men o‘g‘limning ahvoli va sog‘lig‘ini bilib, sovg‘a olganday xursand bo‘lur edim. (Ochil Tog‘ayev tarjimasidan).

Rui Gonsales de Klavixo ko‘rganlarini ana shunday ishtiyoq bilan aks ettiradi va bu xotiralarni umrining oxirigacha eng qimmatli boylik kabi asraydi...

Sohibqiron shavkatidan guvohlik beruvchi bu safar katta ahamiyatga ega bo‘lgan va hozir ham uning qadr-qimmati juda yuksak. Mustaqil yurtimizda ham Yevropadagi bu qudratli davlat bilan yaqin madaniy aloqalar olib borilmoqda...

Shu o‘rinda yana bir voqeani eslash o‘rinli: menga Ittifoq davrida mas’ul lavozimlarda ishlagan Nuriddin Akramovich Muhiddinov bilan suhbatlashish va shu asosda maqola yozish nasib etgan edi. (Manba «Yurakdagi yodgorlik», «Sohibqiron abadiyati» kitobi, 277-bet). Suhbatdoshim o‘shanda Klavixoning keyingi hayoti haqida qiziq ma’lumotlarni gapirib bergandi.

Klavixo saroydan ketgach, zohidona hayot kechirgan, Samarqand safaridan orttirgan bisotlarini katta sandiqda saqlab, uni boshqalarga ko‘rsatmagan. Narsalari orasida turli rasmlar ham bo‘lgani aytiladi va u yuzma-yuz suhbatlashgan buyuk zot Amir Temurning suratini chizgan bo‘lishi ham mumkinligi taxminlanadi. Negaki, Klavixo hazrat Sohibqiron bilan bir necha marta uchrashadi, uning Amir Temur bilan arab tilida gaplashganligi qayd qilingan, oilaviy ziyofatlarida qatnashish va, nihoyat, u Konigilda tashkil qilingan mashhur to‘yda ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ladi.

Shak-shubhasiz, shunday tabarruk zotning har bir e’tirofi, qayd va ashyolari tariximiz uchun qadrli. Balki vaqti kelib, ul zotning hayoti kechgan maskanlarda maxsus ekspeditsiya uyushtirilib, yana ko‘plab tafsilotlar qo‘lga kiritilar.


Hakim SATTORIY
“Milliy tiklannish” gazetasining 2025-yil 2-aprel sonidan olindi