752 09.04.2025
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-majlisi, bu — faqat parlamentlar tarixi uchun nishonlanayotgan sana emas. Bu — ijtimoiy taraqqiyot va adolatni taʼminlashda davlat institutlari hamda fuqarolik jamiyatining umumiy masʼuliyatini yana bir bor tasdiqdashdir. Bugungi o‘zaro bog‘liq dunyoda bu maqsadlarga faqat qonunchilik yo‘li bilan erishib bo‘lmaydi — ular hayot tarziga aylanishi, jamiyatning barcha darajasida amalga tatbiq etilishi va his qilinishi lozim.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda demokratik muhit bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Konstitutsiyaviy islohotlar mahalliy Kengashlarning vakolatlarini kengaytirib, parlament nazoratini kuchaytirdi. Eng muhimi, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlarida jamoatchilik ishtirokini kengaytirdi va avval chetda qolgan aholi qatlamlariga o‘z ovozini eshittirish imkonini berdi. Bu yutuq — parlamentlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikning kuchini tasdiqlovchi yorqin misol.
Biroq ijtimoiy adolat faqat ishtirok etish imkoniyati bilan emas, balki tenglikka erishish orqali taʼminlanadi. Haqiqiy adolat sud zallaridagina emas, barchani qamrab oluvchi taʼlim, sifatli tibbiyotga yetarli imkoniyat, gender tengligi va ehtiyojmand toifalarni qo‘llab-quvvatlash orqali namoyon bo‘ladi. Qonunchilik tizimi imkoniyatlar tengligini taʼminlash hamda inson qadrini himoya qilish vositasiga aylanishi kerak.
Ochiqlik va javobgarlik — adolat sari harakatda asosiy tayanchlardir. O‘zbekistondagi islohotlar fuqarolik nazorati va ochiq maʼlumotlar siyosatiga katta ahamiyat qaratmoqda.
Biroq institutsional ishonch faqat parlamentlar, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik orqali mustahkamlanadi. Biz birgalikda halollik va jamoat ishonchi madaniyatini shakllantirishimiz kerak.
Parlamentlararo Ittifoq kabi xalqaro maydonlar umumiy o‘rganish va birgalikda harakat qilish uchun kuchli platformadir. Ular bizga qiyinchiliklar (kambag‘allik, tengsizlik yoki iqlim o‘zgarishi) davrida biror mamlakat harakatda yolg‘iz qolishi mumkin emasligini eslatib turadi. Barqaror rivojlanish maqsadlarini chegaralardan oshgan hamkorlik orqali ro‘yobga chiqarish orqali biz ijtimoiy adolatning har bir xonadonga yetib borishini taʼminlay olamiz. Bu xalqaro hamkorlikning salohiyatidir.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi sifatida biz islohotlar jarayonida fuqarolar ovozini kuchaytirishga qatʼiy sodiqmiz. Ilmiy tahlillar, muntazam monitoring, ochiq muloqotlar va samarali targ‘ibot orqali fuqarolik jamiyatini kuzatuvchi emas, balki inklyuziv boshqaruvning harakatlantiruvchi kuchi va jamoat qadri yaratuvchisi sifatida namoyon etishni maqsad qilganmiz. Bu faoliyatimiz — parlamentlar va fuqarolik jamiyati hamkorligiga bo‘lgan ishonchimizning ifodasidir.
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori,
Toshkent shahar Kengashi deputati
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 9-aprel sonidan olindi