1041 09.04.2025
Dunyo ahli qisqa bir davr mobaynida Markaziy Osiyoning potensial inqiroz va nizolar maydonidan ittifoqchilik munosabatlari rivojlangan makonga aylanganiga guvoh bo‘lmoqda. Agar yaqin tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo tabiiy resurslarga boy mintaqa sifatida kimlarningdir manfaatiga xizmat qiladigan nizoli hududga aylanishi kerak edi...
Ana shunday qaltis bir vaziyatda Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruviga kelishi hamda mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashni oliy maqsadga aylantirgani chindan ham tarixiy natijalarga olib keldi. O‘tgan haftada Xo‘jandda imzolangan uch tomonlama hujjat ham aslida Prezident Mirziyoyev tashabbuslarining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Shu o‘rinda tahlilchilar iborasi bilan aytganda "yuz yillik nizo"larga chek qo‘ygan ushbu kelishuv xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilib, dunyo davlatlarining Markaziy Osiyoga bo‘lgan ishonchini mustahkamladi, deyish mumkin.
Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen xonimning Samarqand sammitidagi nutqida "2025-yili O‘zbekistonda Yangi investorlar forumi o‘tkazilishini mamnuniyat bilan e’lon qilaman" yoki "Ayrimlar faqat ekspluatatsiya va qazib olishga qiziqadi. Yevropaning taklifi esa boshqacha. Biz sizning mahalliy sanoatingizni rivojlantirishda hamkorlaringiz bo‘lishni istaymiz" degan fikrlari shubhasiz, jahon miqyosida Yangi O‘zbekistonga bo‘lgan munosabatning o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Tan olish kerak: bundan bor-yo‘g‘i 7-8 yil avval bunday bag‘rikenglikka asoslangan munosabatni hatto orzu ham qilib bo‘lmasdi.
Iqtisodiyotdagi, ayniqsa, mulkiy munosabatlardagi bir yoqlama yondashuvlar, bolalar mehnati bilan bog‘liq muammolar, so‘z va matbuot erkinligining faqatgina qog‘ozlarda mavjudligi O‘zbekistonni nufuzli xalqaro reytinglarga kirish imkonini bermasdi.
Garchi yangilanish va o‘zgarishlar davri dengizning bir tomchisidek tuyulsada, ammo Ursula fon der Lyayen xonimning "Hamkasblar, bu Yevropa va Markaziy Osiyo uchun hayajonli davr, bu sammit munosabatlarimizda yangi sahifa ochdi, chunki bugun biz strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqdamiz" degan gaplari Davlatimiz rahbari tomonidan 2016-2017 yillarda e’lon qilingan rejalar amalga oshayotganini ko‘rsatadi. To‘g‘ri, Yevropa Ittifoqi bugun o‘ta murakkab geosiyosiy silkinishlar va global inqirozlarning bevosita ishtirokchisi sifatida iqtisodiy, siyosiy va harbiy manfaatlar nuqtayi nazaridan o‘zining asosiy sherigi bo‘lgan AQSH bilan o‘zaro tortishuvlar davriga kiryapti va bu davrda unga ishonchli hamkorlarning bo‘lishi juda muhim. Shunday bir paytda Yevropa bilan Markaziy Osiyo o‘rtasida strategik sheriklikning yo‘lga qo‘yilishi shubhasiz, Markaziy Osiyoga bo‘lgan ishonch, e’tibor va mintaqamizning qisqa bir davrda erishgan mavqei bilan bog‘liq, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Xo‘sh, o‘z manfaatlari yo‘lida yetmish marta o‘lchab, keyin qarorlar qabul qilishga odatlangan Yevropa Ittifoqidek ulkan oila bir necha yil muqaddam notinch va o‘zaro nizolar qobig‘iga o‘ralib olgan davlat yoki mintaqa bilan ittifoqchilik munosabatlariga kirisha olarmidi? Albatta, yo‘q. Shu ma’noda ham Samarqandda o‘tgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi"ning birinchi sammitida keng qamrovli munosabatlarni shakllantirishga qaror qilingani Markaziy Osiyoning ishonchli hamkor sifatida qabul qilina boshlaganiga misol bo‘la oladi.
Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley sammitining Toshkentda o‘tkazilishi zamirida ham aslida O‘zbekistonga, qolaversa, o‘z qo‘shnilari bilan birlik va birodarlik rishtalarini qayta tiklagan Markaziy Osiyo mintaqasiga bo‘lgan ishonch yotibdi. Zotan, bugun Yevropalik hamkasblarimizni Toshkentga jamlash uchun ularni ko‘ndirish, bu qarorga kelishlari uchun qandaydir harakatlar qilishga hojat qolmagandi. Aynan shu nuqtayi nazardan Parlamentlararo Ittifoqning yubiley sammitini Toshkentda o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror Yangi O‘zbekistonning siyosiy islohotlari natijalarining yana bir xalqaro e’tirofi bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Bu ayni paytda Yangi O‘zbekiston islohotlari davrida shakllangan yangi parlamentga bo‘lgan munosabat, parlamentning samarali faoliyat nuqtayi nazaridan tubdan o‘zgargani, partiyalarga bo‘lgan qarashlar va jamiyatdagi siyosiy hamda parlament tafakkurining shakllanishi, eng asosiysi, konstitutsiyaviy islohotlarning, qolaversa, Prezident saylovlarining xalqimiz xohish va istagi asosida o‘tgani, eng asosiysi esa Bosh Qomusimizning tom ma’noda ochiq-shaffof, insonparvar jamiyat nuqtayi nazaridan yangilangani kabi holatlar xalqlarning o'zaro tinchlik va huzur-halovatda rivojlanish maqsadlariga erishayotganlariga ishora bo'ldi. Uchinchidan, bu O‘zbekistonning xalqaro e’tirofi nuqtayi nazaridan amalga oshirilgan ishlarning to‘g‘ri ekani xalqaro maydonda ham e’tirof etilayotganini anglatadi. Bir so‘z bilan aytganda, biz Yangi O‘zbekiston islohotlarida ko‘zda tutilgan maqsadlarga bosqichma-bosqich erishyapmiz.
Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi qat’iyati, ta’bir joiz bo‘lsa, siyosiy irodasi faqat O‘zbekistonni emas, balki Markaziy Osiyoni ham o‘ziga xos va o‘zaro bog‘liq manfaatlarga ega yaxlit hududga aylantirganini ta’kidlash joiz.
Hamkorlik aloqalari deyarli uzilgan, qo‘shnichilik, birodarlik rishtalari darz ketgan hudud turli nizolar qobig‘iga o‘ralib, faqat do‘ppi tor kelib qolgan paytlardagina eshiklarini qiya ochgan davrlarni bir esga olaylik.
O‘sha paytlarda eng ustuvor masala sifatida mintaqa davlatlari bilan do‘stona aloqalarni tiklashga qat’iy kirishilgani sabablarini biz ham, dunyo hamjamiyati ham endi-endi anglayotgandekmiz.
Ochig‘i, hech kim bu qadar qisqa fursatda yo‘qotilgan yillar, boy berilgan imkoniyatlar va eng asosiysi, o‘zaro ishonchning tiklanishiga umid ham qilmagandi. Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda esa "chegara masalalari, suv, energetika muammolari, transport va aloqa sohasidagi murakkabliklar, xavfsizlikka oid tahdidlar vaziyatni kundan-kunga og‘irlashtirar edi. Bular esa o‘z-o‘zidan mintaqa xavfsizligiga ham jiddiy tahdid sola boshlagandi".
Parlamentlararo Ittifoqning Toshkent sammiti haqida gap ketganida unda ishtirok etgan 140 dan ortiq davlatning 2 mingga yaqin deputatlariga yo‘llangan Prezident murojaati nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining ovozidek yangraganini aytish joiz. Shuning uchun ham Prezidentning dunyo tinchligini o‘g‘irlayotgan global muammolar haqidagi fikrlarini millionlab fuqarolar qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Tahlilchilarning fikricha, bugun dunyoning 100 dan ziyod hududida harbiy nizolar davom etyapti. Shuning uchun ham tarixiy murojaatda ming-minglab oilalarga ayriliq dardini olib kirgan nizoli holatlarga alohida urg‘u berildi. Xususan, Ukraina inqirozi Prezidentning fikricha, BMT rahbarligida, amaldagi xalqaro huquq normalari asosida hal etilishi kerak. Murojaatda yana bir og‘riqli nuqta - Falastin inqirozi uchun yagona yechim "ikki xalq uchun - ikki davlat" tamoyili bo‘lishi shartligi bildirildi. Shuningdek, jafokash Afg‘oniston xalqini ham o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik kerakligiga ham e’tibor qaratilganini tahlilchilar alohida e’tirof etmoqdalar. Qayta tiklanadigan energiyaga ustuvorlik berish, "yashil" texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish - kelajak avlodlar oldidagi majburiyatimizga aylanishi kerakligi bilan bog‘liq tashabbus esa kelajak haqidagi g‘amxo‘rlik belgisidek yangradi, deyish mumkin.
Prezident shuningdek, sun’iy intellekt sohasida butun dunyoda o‘yin qoidalari bir xil bo‘lishi lozimligini ta’kidladiki, bu ushbu masalaning nihoyatda nozikligi bilan bog‘liqdir.
Prezident Parlamentlararo Ittifoq tizimida Yoshlar parlamentlarining global platformasi kerakligiga ham bejiz e’tibor qaratgani yo‘q, albatta. Eng muhimi Yangi O‘zbekistonning ana shunday taklif va qat’iy talablarini dunyo eshitib, o‘zi uchun xulosalar chiqarishi oddiy holga aylanyapti.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungi natijalarga osonlikcha erishilmaganini aytish kerak. 2017-yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvi o‘tgan bo‘lsa, yettinchi uchrashuvning joriy yil yana Toshkentda o‘tishi rejalashtirilmoqda.
Albatta, erishganlarimiz katta yo‘l oldidagi ilk natijalardir. Eng muhimi, 80 milliondan ziyod Markaziy Osiyo xalqlarining uzoq yillardan beri ushalmagan armonlari bugun ushalyapti. Bunda esa O‘zbekiston islohotlari va ana shu islohotlar muallifining qat’iyati, siyosiy irodasi muhim rol o‘ynamoqda.
Alisher QODIROV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 9-aprel sonidan olindi