544 09.04.2025
Poytaxtimiz Toshkentning Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasiga mezbonlik qilishi mamlakatimizning xalqaro obro‘-eʼtibori oshib borayotganidan dalolatdir.
Taʼkidlanganidek, o‘z safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan tashkilot yig‘ilishi ilk marta Markaziy Osiyoda bo‘lib o‘tmoqda. Bu chindanda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan katta natijalarning eʼtirofidir.
Maʼlumki, assambleya mintaqaviy va xalqaro miqyosda tinchlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari masalalarini hal etishda umumiy yondashuvlar ishlab chiqish va tajriba almashish uchun muhim platforma hisoblanadi. Shu bois ham “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirdan mintaqamiz, ona Vatanimiz, dunyo xalqlari manfaatlariga, tinchligi, ekologik barqarorligi, rivojiga xizmat qiluvchi amaliy natijalar kutilyapti.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Lekin, afsuski, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030-yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa taʼlim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Ishonamizki, davlatlarning vakillik organlari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi bu kabi qator muammolarning yechim topishiga xizmat qiladi. Qolaversa, bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan bo‘lgan iqlim o‘zgarishi muammosiga yechim topishda ham parlamentlarning hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Chunki dunyo xalqlari birlashib ushbu muammoga qarshi birgalikda kurashsagina, samarali natijalarga erishiladi.
Bugun Yangi O‘zbekistonimiz dunyo xalqlarini qiynayotgan ko‘plab masalalar hal qilinadigan markaz sifatida o‘zini namoyish qilmoqda. Toshkentdagi assambleya insoniyat, parlamentlar tarixida muhim burilishlarga xizmat qiluvchi qarorlar qabul qilinishi bilan alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Anvar IBRAGIMOV,
partiyaning Xorazm viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari