737 10.04.2025
Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasida davlatimiz rahbarining ishtirok etgani va muhim tashabbuslarni ilgari surgani xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.
Yurtboshimiz o‘z so‘zida parlamentariylar bamisoli xalqlarni bir-biriga bog‘lovchi mustahkam do‘stlik ko‘prigi, odamlarning dardu tashvishi va muammolarini eng quyi tizimdan boshlab, kerak bo‘lsa, mintaqaviy va xalqaro miqyosga olib chiqishga, ularga samarali yechim topishga qodir bo‘lgan qudratli kuch ekanligini alohida ta’kidladi.
Sir emas, so‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib bormoqda. Bunday o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda.
Vakillik diplomatiyasini amalga oshirish, dolzarb masalalarni xalqlar va davlatlarning umumiy manfaatlari asosida tizimli hal etishda Parlamentlararo Ittifoq nufuzli va eng yirik ko‘p tomonlama institutga aylangani Prezidentimiz tomonidan alohida qayd etildi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilayotgan ushbu Assambleya chuqur ramziy ma’noga ega. Chunki kambag‘allik masalasi butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan masalalardan biridir. Hech qaysi davlat bugungi kunda o‘z yurtida birorta ham kambag‘al yo‘q, deb ayta olmaydi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan bo‘lsada, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar ushbu tendensiya saqlanib qolsa, 2030-yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi, 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Mamlakatimiz kambag‘allikni qisqartirish borasida o‘ziga xos ulkan tajriba orttirdi va keyingi yillarda sezilarli natijalarga erishdi. Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb e’lon qilinib, aholining har tomonlama himoyasini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi.
Prezidentimiz o‘z chiqishida dunyoda yuz berayotgan turli voqea va hodisalarga nisbatan O‘zbekistonning qat’iy pozitsiyasini va takliflarini bildirib o‘tdi. Xususan, jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotganini qayd etib, O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, hozirgi zamonning o‘tkir muammosiga aylangan, sayyoramiz taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari, xotin-qizlar huquqlarini qat’iy qaror toptirish, yoshlarning parlament faoliyati bilan bir qatorda jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, har bir insonning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash hamda sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish masalalariga ham urg‘u berilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Yurtimizda o‘tkazilgan ushbu Assambleya jahonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ijtimoiy adolat va tenglikni ta’minlash hamda yuksak demokratik qadriyatlarni ilgari surishda Parlamentlararo Ittifoq tarixida o‘ziga xos yangi sahifa ochishiga ishonamiz.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi "Milliy tiklanish" fraksiyasi a'zosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 10-aprel sonidan olindi