750 10.04.2025
Davlatimiz rahbarining ilk bora Markaziy Osiyoda, Toshkentda o‘tkazilayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley sammitida qatnashayotgan 140 mamlakatning 2000 dan ortiq parlamentariylarga hurmat va ehtirom ko‘rsatib, Assembleyada ishtirok etishi shubhasiz kun tartibidagi eng muhim voqea bo‘ldi.
Ushbu nufuzli tuzilma raisi Tuliya Ekson xonim ushbu tadbirni Yangi O‘zbekistonda «Inson qardri uchun» tamoyili ostida o‘tkazilayotgan ortga qaytmas islohotlar, ayniqsa, parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalarning xalqaro e’tirofi bilan bog‘ladi. Haqiqatan ham, O‘zbekiston bu yo‘nalishda muhim platforma yarata olgani va eng asosiysi, aniq, ijobiy natijalarga erishayotganini e’tirof etdi.
Davlatimiz rahbari professional parlamentariylarga xos bo‘lgan qisqa, lekin ta’sirchan nutqida butun dunyo xalqlari uchun eng muqaddas bo‘lgan tinchlikini saqlash, urush va nizolarning oldini olish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va demokratik institutlarni kuchaytirishda parlamentlarning rolini yanada oshishiga tabiiy ehtiyoj ortayotganini ta’kidladi. Parlamentariylarga o‘z saylovchilarining har qanday muammolarini kerak bo‘lsa mintaqa va xalqaro darajada olib chiqib, hal qila oladigan qudratli kuch deya ta’rif berdi.
Prezident o‘z nutqida O‘zbekiston tashabbusi bilan Assambleyaning "Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati" mavzusida o‘tkazilayotganida ham chuqur ramziy ma’no borligini ta’kidladi. Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Lekin, afsuski, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030-yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu holat iqtisodiyot va jamiyatga katta zarar yetkazadi. Ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini zaiflashtiradi.
Pirovard natijada odamlarning imkoniyatlarini cheklaydi. Albatta, bunday tengsizlikning asl sabablarini aniqlash va uning oqibatlariga qarshi kurashish barchaning asosiy vazifasi bo‘lishi lozim.
Prezidentimiz o‘z chiqishlarida Parlamentlararo ittifoqning maqsad va vaziflariga to‘la mos keladigan beshta yo‘nalish bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirib, qator tashabbuslarni ilgari surdilar. Xususan, bugungi kundagi barcha urushlar faqatgina diplomatiya va tinch muzokaralar orqali hal qilinishi, BMTning muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida salohiyatini oshirish, iqlim o‘zgarishlaridan asosan rivojlanayotgan davlatlar ko‘proq aziyat chekayotgani, barcha davlatlarni Parij bitimi doirasida olgan mas’uliyat va vazifalarni bajarish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, gender tenglikni ta’minlash, yoshlar va ijtimoiy masalalar hamisha hukumatlar va parlamentariylar e’tiborida bo‘lishi muhimligini qayd etdi.
Ana shulardan kelib chiqib, Davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining "Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlash, Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazish hamda sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqish kabi taklif va tashabbuslarni ilgari surdilar.
Xulosa qilib aytganda, bildirilgan taklif va tashabbuslar Assambleya yakuni bilan qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasining tarkibiy qismiga aylanishi va parlamentariylar orqali ko‘plab mintaqalarga ijobiy ta’sir o‘tkazishiga shubha yo‘q. Zero, maqsad xalqaro hamjamiyatning barqaror rivojlanishiga erishish, ijtimoiy adolat va tenglikni ta’minlash hamda yuksak demokratik qadriyatlarni ilgari surishdan iboratdir.
Nodir TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi "Milliy tiklanish" fraksiyasi a'zosi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 9-aprel sonidan olindi