Toshkent parlamentlararo muloqot maydoniga aylandi


750     10.04.2025

Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi marta Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasining o‘tishi shubhasiz, birlik va birodarlik rishtalarini tiklagan mintaqamiz, ayniqsa, Yangi O‘zbekiston islohotlariga bo‘lgan ulkan ishonchdan dalolatdir.

Dunyo ahamiyatiga ega bo‘lgan va 2 mingga yaqin parlament vakillarini jamlagan assambleyaning parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish, qonunchilik tajribasini keng yoyish, mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilishga aynan Toshkentni tanlagani esa Yangi O‘zbekiston islohotlarining e’tirofi hamdir.

Prezidentimiz ham ana shu ishonchga alohida urg‘u berib: "Bunday yuksak ishonch va ehtiromni biz yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan katta natijalarning e’tirofi, deb qabul qilamiz" dedilar.

Ayni paytda dunyoning turli mintaqalarida kechayotgan jarayonda esa Yangi O‘zbekiston islohotlarining yetakchi kuchi sanalgan mamlakat parlamenti vakillari ham faol ishtirok etmoqdalar. Xususan, deputatlar korpusi yirik xalqaro parlament tuzilmalarining to‘laqonli a’zosi sifatida muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Mazkur Assambleyaning asosiy mavzusi "Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati" doirasida jahon davlatlarining parlamentlari vakillari ishtirokida aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu boradagi tajribalar bilan o‘rtoqlashishdir. Anjuman davomida Parlamentlararo Ittifoq qo‘mitalari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ilm-fan va texnologiya, yoshlar masalalariga bag‘ishlangan turli anjumanlar ham o‘tdiki, bundan turli davlatlardan kelgan vakillar qatori biz ham tegishli xulosalar chiqardik. Shu o‘rinda Parlamentlararo Ittifoq dunyo hamjamiyati va O‘zbekiston uchun qanday ahamiyat kasb etayotganiga e’tibor qaratsak, quyidagi tendensiyalar ko‘zga tashlanadi. Ta’kidlash joizki, ushbu tuzilma 1889-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, dunyo parlamentlarining yetakchi xalqaro organi sifatida 190 mamlakatni birlashtirgan holda faoliyat olib boryapti. Mintaqaviy parlamentlararo birlashmalarning 13 tasi ham Parlamentlararo Ittifoqning a’zolari hisoblanadi. 1971-yildan buyon bosh qarorgohi Jenevada joylashgan tashkilot dunyo bo‘ylab hamkorlik va izchil muloqotlarni rag‘batlantirib keladi. Ta’kidlash joizki, Parlamentlararo Ittifoq jahon mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoni bo‘lib, uning doirasida muhokama qilingan masalalar jahon hamjamiyatiga izchil yetkaziladi.

Shuningdek, parlamentlar o'rtasidagi aloqalarni qo'llab-quvvatlash, tinchlikni va o'zaro hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha birgalikda faoliyat ko'rsatish uchun ularni muvofiqlashtirish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir.

Mazkur tashkilot xalqaro munosabatlar mezonining samaradorligini oshirishga ham munosib hissa qo‘shyapti. Jumladan, shu kungacha yuzdan ortiq xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning yuzaga kelishiga namuna bo‘lib xizmat qildi. Tashkilotning BMT bilan yaqin hamkorligi va uning maqsad hamda vazifalarini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ham alohida ta’kidlash joiz. Zero, Parlamentlararo Ittifoq BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomiga ega.

O‘zbekiston Parlamentlararo Ittifoqqa 1992-yili a’zo bo‘lgan. 2017-yilning 13-oktyabridan boshlab esa mazkur tashkilotdagi a’zoligini qayta tiklagan. O‘shandan beri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Parlamentlararo Ittifoq bilan faol hamkorlik qilmoqda.

Keyingi yillarda Davlatimiz rahbari tashabbusi va tavsiyalari asosida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar milliy parlamentarizm tizimining mustahkam poydevorini yaratishga ham xizmat qildi. Aynan mana shu jarayonlar parlamentlararo muloqotlarda eng muhim bo‘lgan jihat: aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, inson huquqi va manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, gender tenglikka erishish, ilm-fan va texnologiyalar, parlamentlar faoliyatida yoshlarga e’tibor kuchaytirishdan iboratdir. Bilamizki, Parlamentlararo Ittifoq o‘z faoliyatida gender tenglik va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlaydi va ushbu masalaga dolzarb masala sifatida qaraydi.

Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, ushbu tarixiy va nufuzli tashkilot Yubiley assambelisining Toshkentda o‘tkazilishi avvalambor mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha qirralardagi islohotlarga bo‘lgan ishonch bilan bog‘liq. Zero, Yangi O‘zbekiston islohotlarining ortga qaytmasligi, odamlarni rozi qilish siyosatining izchilligi, xalqaro hamjamiyatning Yangi O‘zbekistonga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirdi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib bormoqda. Bunday o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda. Parlamentlararo Ittifoqning Toshkent sammiti esa shubhasiz bu yo‘ldagi ishlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.

Yakunda shuni aytish joizki, tadbirda ishtirokchilar uchun O‘zbekistonning parlament sohasidagi erishgan yutuqlari va vazifalari to‘g‘risida keng ma’lumotlar berilib, bu sohadagi tajribalarni amaliyotga qo‘llash imkoniyati ham yaratildi. Assambleya doirasida parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, qonunchilik tajribasini almashish, mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilish imkoniyati yaratilgani bilan birga shu kunga qadar milliy parlamentimiz amalga oshirgan ishlarni namoyish qilish va ayni paytda yangi bilimlarni o‘rganish uchun ham o‘ziga xos maydon yaratildiki, bu o‘zbek parlamenti vakillari uchun ham nihoyatda foydali bo‘ldi.

Gulchehra RIXSIYEVA,
Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori

“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 9-aprel sonidan olindi