375 10.04.2025
5-6-aprel kunlari Qoraqalpog‘istonda ilk bor Orol madaniyati sammiti o‘tkazildi. Nukusda o‘tgan tadbirda taniqli ekspertlar, olimlar, madaniyat va ekologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Har 18 oyda bir marta o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqib, bu tadbir O‘zbekiston, ayniqsa, qoraqalpog‘istonliklar uchun ulkan ahamiyatga ega voqea ekanligini taʼkidladi.
Maʼlumki, O‘zbekiston 2023-yil 22−24-mart kunlari Nyu-Yorkda o‘tgan BMTning suv resurslari bo‘yicha konferensiyasida Orol madaniyati sammiti loyihasini amalga oshirish tashabbusini ilgari surgan edi. Maqsad: Orolbo‘yi va dunyoning boshqa mintaqalarida yuzaga kelgan ekologik muammolarni muhokama qilish va oqilona yechimlarni taqdim etish uchun global platforma yaratishdan iborat.
Albatta, Orolbo‘yi mintaqasi har doim davlatimiz rahbari eʼtibor markazida bo‘lib kelmoqda. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish bo‘yicha tashkilot Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif qilgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay ushbu hujjat qabul qilindi.
Taʼkidlash joiz, mazkur sammit Orolbo‘yi mintaqasini sanʼat, madaniyat va ilm-fan orqali ijtimoiy va ekologik jihatdan o‘zgartirishga bag‘ishlangan yangi tashabbus hisoblanadi. Tadbirda hududning betakror madaniyati va o‘ziga xosligini saqlab qolish, ushbu murakkab sharoitda yashayotgan hamyurtlarimizning munosib kelajagini taʼminlash uchun mintaqaga yanada ko‘proq diqqat-eʼtiborni jalb etish lozimligi alohida taʼkidlandi. Sammit doirasida ochiq osmon ostida, yaʼni qadimiy Chilpiq qo‘rg‘onida konsert dasturi tashkil etildi.
Albatta, Orol madaniyati sammitining mamlakatimiz taraqqiyotidagi ahamiyatini targ‘ib-tashviq qilish, unda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar ijrosini taʼminlashda siyosiy partiyalar, xususan, partiyamiz – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining barcha darajadagi tashkilotlari hamda deputatlari faollik ko‘rsatishi kerak. Zero, faqat hamkorlik orqali ko‘zlangan barcha maqsadlarga erishamiz.
Tajibay ROMANOV,
partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi