Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar sari


763     11.04.2025

Taʼkidlash lozim, Yangi O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatida xalqimiz va davlatimiz manfaatidan kelib chiqib, ochiqlik sari qo‘yilgan qadamlar o‘z natijalarini bermoqda. Poytaxtimiz Toshkentning Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasiga mezbonlik qilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilgan assambleya tom maʼnoda xalqaro hamjamiyatning Yangi O‘zbekiston islohotlariga berilgan bahosi ham bo‘ldi. 

Assambleyada ishtirok etgan Prezidentimiz o‘z nutqida so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgani, lekin, afsuski, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagani, agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030-yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechirishi, 84 million bola esa taʼlim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkinligiga alohida urg‘u berdi.

Bu holat iqtisodiyot va jamiyatga katta zarar yetkazishi, ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini zaiflashtirishi, pirovardida odamlarning imkoniyati cheklanishini taʼkidladi hamda tadbir ishtirokchilarini bunday tengsizlikning asl sabablarini aniqlash va uning oqibatlariga qarshi birga kurashishga chaqirdi. 

Vaholanki, Yangi O‘zbekistonda aholini kambag‘allikdan chiqarish, to‘kin va farovon hayot kechirishiga xizmat qiluvchi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etib kelinmoqda.

Assambleya ishtirokchilari bu borada ham O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, o‘rganadigan jihatlarini o‘rgandi, tajriba almashdi.

Bir so‘z bilan aytganda, 2 mingdan ziyod delegatlar ishtirokida o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi shubhasiz dunyo davlatlari o‘rtasida ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz. 

Ilhom RAJABOV,
partiyaning Navoiy viloyati Kengashi raisi