124 19.04.2024
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengashida hududiy partiya tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan matbuot xizmati xodimlari uchun ikki kunlik o‘quv-seminar boshlandi.
Taʼkidlash lozim, saylov yilida “to‘rtinchi hokimiyat” vakillari bo‘lgan jurnalistlar zimmasiga juda katta masʼuliyat yuklanadi. Shu jihatdan, bugun malakali va bilimli, tezkor, har jihatdan professional jurnalistlarni tayyorlash ustuvor vazifaga aylandi.
Maʼlumki, globballashayotgan dunyoda axborot maydonini sifatli milliy kontent bilan to‘ldirish, jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda tezkor, xolis yoritish masalalari borgan sari dolzarb ahamiyat kasb etyapti.
Anʼanaga aylangan navbatdagi o‘quv-seminarning birinchi kunida partiyaning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi ijrosi, mahalliy Kengash deputatlarining bu jarayondagi roli hamda ular faoliyatini yoritayotgan matbuot vakillari oldida turgan vazifalar, partiyaning g‘oya va tashabbuslarini saylovchiga xolis yetkazish, ijtimoiy tarmoqlar va IT texnologiyalari bilan ishlash haqida muloqotlar tashkil etildi.