731 11.04.2025
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashiga jizzaxlik O‘sar Abdusaidovdan murojaat bo‘ldi. Unda maʼlum qilinishicha, Sharof Rashidov tumani Ko‘rpasoy qishlog‘idagi “Abu Saʼid” masjidi uning katta bobosi – Abu Said tomonidan 1900-yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda qarovsiz holatga kelib qolgan. Ziyoratgohga tegishli anjomlar aholi tomonidan talon-taroj qilingan.
Abu Said bobo o‘z davrining ziyoli insonlaridan biri bo‘lgan va sho‘ro hukumati tomonidan qatag‘on qilingan. Murojaatchi bobosining nomi oqlanishi hamda ziyoratgohga egalik huquqi berilishida amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur ziyoratgohning moddiy-madaniy meros obyekti sifatida eʼtirof etilishi mumkinligidan kelib chiqib, partiyaning Markaziy hamda Jizzax viloyati Kengashi vakillari, mahalliy kengash deputatlaridan iborat tuzilgan ishchi guruh yaqinda “Abu Saʼid” masjidida o‘rganishlar olib bordi.
– Katta bobomiz tomonidan qurilgan va hududda yagona hisoblangan mazkur binodan 2010-yilga qadar yuzlab uzoq-yaqin qishloqlardan kelgan odamlar masjid sifatida foydalangan. O‘sha yili masjid imomi olamdan o‘tganidan keyin bu yerdan odamlarning qadami uzilgan. Binoning o‘rtasida chamasi ming yillik archadan yasalgan mustahkam ustun bor. Uni qadimda podsholar saroylaridagina ishlatilgan qimmatbaho tegirmon toshi mustahkam ushlab turadi. YUNESKO mutaxassislari binoni asl qiyofasiga keltirish, odamlar tomonidan olib ketilgan deraza va eshiklarni asli bilan almashtirish kerak, deya tavsiya berishyapti. Ayni paytda Samarqand davlat arxeologiya instituti professori Muxtor Pardayevdan mazkur obyektda ilmiy izlanishlar olib borishni iltimos qilyapmiz, – dedi O‘sar Abdusaidov.
Ishchi guruh ushbu maʼlumotlarning nechog‘li asosliligini aniqlash hamda soha mutaxassislarining mazkur binoning tarixiy, madaniy, ilmiy va badiiy ahamiyati xususidagi fikrlari bilan tanishishga qaror qildi. Demak, o‘rganishlar davom etadi.
Markaziy kengash “Ayollar qanoti”