Yangiliklar


374   19-07-2022

Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oshirilyapti(mi?)

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati doirasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar doirasida pensionerlarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, keksa yoshdagi fuqarolarga g‘amho‘rlik qilish, ovoragarchiliklar va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Taʼkidlash joiz, pensiya tizimi ijtimoiy sohaning muhim bir tarkibiy qismi ekanligi inobatga olingan holda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 54-maqsadida pensiya taʼminoti tizimini takomillashtirish, fuqarolarning pensiya miqdorlari mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga muvofiq izchil oshib borish hamda fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab qilmasdan idoralararo elektron maʼlumot almashinuvi asosida pensiya tayinlash tizimiga o‘tish belgilangan.

Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu vazifalar izchillik bilan amalga oshirilib, real hayotimizda o‘z aksini topmoqda. Joriy yilning o‘zida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga 10 dan ortiq moddalariga pensionerlar manfaatini ko‘zlaydigan, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, fuqarolarni ortiqcha ovorgarchilikdan forig‘ etish maqsadida 2005-yil 1-yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanishi, pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanishi va to‘lanishi, ishlovchi fuqarolar ishlamaydigan turmush o‘rtoqlariga kelgusida pensiyaga chiqishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashlari mumkinligi kabi progressiv normalar qonunda o‘z aksini topdi.

Shuningdek, uch yil va undan avval tayinlangan pensiyalarning tekshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi va ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash taʼtilda bo‘lish vaqtidagi qo‘shib hisoblanadigan ish stajini uch yildan olti yilga o‘zgartirish kabi pensiya tizimi islohotadigi muhim qadamlar bo‘ldi.    

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi qonuniga ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida navbatdagi o‘zgartirishlar kiritildi. Qonun loyihasi bilan 2023-yilning 1-yanvaridan yoshga doir, nogironlik pensiyasi hamda chin yetim borlalarga tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish xaqining eng ko‘p miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirilmoqda. Sodda qilib aytganda,  pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 3 240 000 so‘mdan 3 888 000 so‘mga oshirilmoqda. Xo‘sh, bu qonunning qabul qilinishi pensionerlarga qanday manfaat keltiradi?

Birinchidan, 352 ming nafar fuqaroning (304 ming nafar yoshga doir, 25,2 ming nafar nogironlik, 23 ming nafar boquvchisini yo‘qotganlik) pensiya miqdori qayta hisob kitob qilinadi. Demak, ushbu o‘zgarish umumiy pensiya oluvchilarning 9,5 foiz qismiga, yaʼni o‘rtacha oylik ish xaqi 3 240 000 so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolarga taalluqli bo‘ladi. Natijada, yoshga doir pensiyalar 399 020 so‘m, nogironlik pensiyasi 356 600 so‘m, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi 289 241 so‘mgacha oshiriladi. Shunisi ahamiyatliki, pensiya hisoblashning yangi tartibi nafaqat 2023-yil 1-yanvardan keyin pensiyaga chiquvchilar balki, undan oldin tayinlangan pensiyalar uchun ham taalluqli bo‘ladi.

Ikkinchidan, qonun loyihasi ish xaqi miqdori, ish staji va pensiya miqdori o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytiradi, ijtimoiy adolat prinsiplarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Yaʼni, yuqori ish xaqi olgan, ko‘proq ijtimoiy soliq to‘lagan fuqarolarning kattaroq pensiya olish imkoniyatlari oshadi. Bu bilan ish xaqi va pensiya o‘rtasidagi tafovut kamayadi va pensiya oluvchi fuqarolarning moddiy farovonligi oshadi.

Muxtasar qilib aytganda, qonunlarimizda bu kabi xalqchil normalarlarning aks etishi aholi manfaatlariga xizmat qiladi. Pirovardda fuqarolarning turmush sharoiti yana-da yaxshilanadi.

 

Nodir TILAVOLDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati