Yangiliklar


322   19-07-2022

Siyosiy jarayonlardan har kuni, har daqiqada xabardor bo‘lib turish lozim

Partiya Markaziy kengashida xodimlarning siyosiy bilimlarini oshirishga qaratilgan Zoom dasturi orqali navbatdagi o‘quv tashkil qilindi. Partiyaning hududiy tashkilotlari vakillari, mahalliy kengash deputatlari ishtirokida o‘tgan o‘quvda axborot xavfsizligi hamda O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligiga bog‘liq mavzularda mutaxassislarning maʼruzalari tinglandi.  

Tadbirni partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Bahodir Mamatxonov ochib, shu paytgacha o‘tkazilgan o‘quvlarda faqat Markaziy kengash xodimlari ishtirok etgan bo‘lsa, bugundan boshlab bunday o‘quvlarda partiya tizimida ishlayotgan barcha xodimlar va mahalliy kengash deputatlari ham masofadan turib ishtirok etishini taʼkidladi.

–  Bunday o‘quvlar ko‘lamini kengaytirish, samaradorligini oshirish maqsadida endi o‘quvlarga soha mutaxassislari jalb qilinadi. Chunki bugun nafaqat mamlakatimizda, dunyodagi ijtimoiy-siyosiy voqealar shunchalik tez o‘zgarmoqdaki, partiya vakili sifatida bu jarayonlardan har kuni, har daqiqada xabardor bo‘lib turishimiz, lozim topilganda tezkor munosabat bildirishimiz lozim, – dedi B.Mamatxonov.

Shundan so‘ng o‘quvga maʼruzachi sifatida taklif qilingan mutaxassislarga so‘z navbati berildi.

Jumladan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy targ‘ibot bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Umarovning “Axborot mafkurasi xavfsizligini taʼminlashda xorijiy tajriba”, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi huquqshunosi, xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashi deputati Abduxoliq Husainovning “O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi” mavzularida maʼruzalar tinglandi.

O‘quv yakunida bahs-munozaralar bo‘lib, mutaxassislar ishtirokchilarning savollariga javoblar qaytardilar.