Yangiliklar


292   20-07-2022

Maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat nazoratida

Olmazor tumani hokimligida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy va Toshkent shahar Kengashi tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tumandagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari mutaxassislari ishtirokida o‘tgan muloqotda partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i Doniyor Toshboyev, Toshkent shahar Kengashi raisi o‘rinbosari Zulayho Kamolxo‘jayeva hamda xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashi deputati Nigora Mirzayevalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Ayniqsa, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining IX bobi, 41-moddasida taklif etilayotgan yangi normalar ishtirokchilarning muhokama markazida bo‘ldi. Jumladan, davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashadi. Davlat har bir bolaning umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlariga o‘qishga kirishi uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlaydi. Bepul umumiy o‘rta taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Umumiy o‘rta taʼlim majburiydir. Maktab ishlari, maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat nazoratida bo‘ladi. Pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi hamda masʼuliyatli vazifasidir. Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi kabi normalar uchrashuv ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Taʼkidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda o‘sib borayotgan avlodni sog‘lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, taʼlim-tarbiya jarayoniga samarali taʼlim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari sonini yanada oshirish va ular ko‘rsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo‘ldi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida maktabgacha taʼlim yo‘nalishida taklif etilayotgan yangi normalarning barchasi kelgusida maktabgacha taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, bolalarning sifatli maktabgacha taʼlimdan teng foydalanishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Uchrashuvda partiya tomonidan soha bo‘yicha olib borilgan tahlillar, bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovini taʼminlash, maktabgacha taʼlim muassasalarini zamonaviy o‘quv-metodik materiallar va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirish, sohaga malakali pedagog va boshqaruv kadrlarini jalb qilish masalalari muhokama etilib, asoslantirilgan takliflar bildirildi. O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtab o‘tildi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘zining dasturiy-maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi hamda bu borada parlament, deputatlik nazoratini olib borish orqali sohaga oid Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qaror va Farmonlari, Davlat dasturlari hamda Konsepsiyalar ijrosini taʼminlashga ko‘maklashadi.