Yangiliklar


411   22-07-2022

“Suyunchi”larni kamaytirish halollikda benazir bo‘lishdir!

Mutaxassislarning qayd etishicha, ayollarda korrupsiyaga moyillik erkaklarga nisbatan ancha past bo‘ladi. Chunki ayol avvalo ona, u farzandlari kelajagi, oilasi tinchligini o‘ylaydi. Ammo tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun jamiyatda ayollar muntazam ravishda barcha sohalarda korrupsiya bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Bunday vaziyatlardan chiqish uchun esa xotin-qizlarning mazkur yo‘nalishdagi bilimlarini yana-da oshirish talab etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Oliy Majlis Senati, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishda xotin-qizlarning rolini kuchaytirish va faolligini oshirish» mavzusidagi trening aynan shu maqsadda bo‘lib, unda «Milliy tiklanish» partiyasi vakillari ham faol ishtirok etdilar.

Treningda ekspertlar tomonidan manfaatlar to‘qna­shuvidagi ziddiyatlar, korrupsiyaga undovchi vaziyatlar va holatlarni aniqlashning yo‘llari hamda usullari bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan dunyoda korrupsiyaning ayollar ko‘proq faoliyat ko‘rsatayotgan ijtimoiy sohalarga taʼsiri katta ekani, jumladan, jamiyatda tabaqalanishning yuzaga kelishi, yoshlar hamda bolalar, hatto chaqaloqlar o‘limining ko‘payishiga sabab bo‘lishi taʼkidlandi. Sog‘­liqni saqlash sohasidagi muammolar, tibbiy xizmatning talab darajasida emasligi ham korrupsion holatlarni keltirib chiqarmoqda.

O‘zbekiston demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva mamlakatimizda ijtimoiy sohada yuz bergan korrup­sion holatlarni Surxondaryo viloyati misolida tahlil etar ekan, hududda 2015-yilgacha kam taʼminlanganlar uchun ajratilgan 5 mlrd. so‘m mablag‘ noqonuniy o‘zlash­tirilganini qayd etdi.

"Transparency International" tashkilotining xalqaro eksperti Alyona Vandisheva esa, mamlakatda qachonki monopoliyaga barham beril­sagina, korrupsiyaning oldini olish mumkinligini taʼkidladi. Xalqaro ekspert Andrey Jvirblisning fikricha, yoshlarga korrupsiya oqibatlarini tushuntirish ham muammoning yechimiga samarali xizmat qiladi. Albatta, bunda qonunchilik ijrosi ham muhim ahamiyatga ega.

Maʼlum qilinishicha, Germaniya korporatsiyalarida 80 yil mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish uchun 5,6 mlrd. AQSH dollari sarflangan. Bor-yo‘g‘i 20 AQSH dollari evaziga meʼyoridan ortiq yo‘lovchi olingani sabab 2004-yilda Sochiga uchayotgan samolyot halokatga uchrab, 90 dan ortiq yo‘lovchining bevaqt umriga zomin bo‘lgan.

Treningda korrupsiyaga qarshi kurashda ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirish muhimligi taʼkidlandi. Misol uchun, xalqaro maydonda «baxtli davlat» sifatida tan olingan Finlandiya parlamentida ayollar ulushi 46 foizni tashkil etadi. Mamlakatda haqiqiy maʼnoda gender tengligi qaror topgan va bu farovonlik darajasi yuqori bo‘lishini taʼminlamoqda. Finlandiya bugungi kunda korrupsion holatlar deyarli uchramaydigan davlatlardan biridir.

Tadbirda "Milliy tiklanish" demokratik partiya­si tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha maʼlumotlar berildi. Xususan, partiya­ning 2020-2024-yillarda mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida aholining huqu­qiy, siyosiy ongi va madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaga nisbatan murosasiz kurashish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan. Uning ijrosi doirasida barcha taʼlim muassasalarida tashkil etilgan «Biz korrupsiyaga qarshimiz!» mavzusidagi uch bosqichli maʼrifiy loyihalar seminari trening ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Taʼkidlash lozim, respub­lika bolalar nashrlari bilan hamkorlikda tashkil qilingan ushbu xayrli tashabbus taʼlim tizimida bu borada qilingan ishlar samaradorligiga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Jumladan, taʼlim muassasalarida korrupsiyaviy holatlarni aniqlashda muntazam ravishda ijtimoiy so‘rovlar tashkil etilayotgani, bu borada targ‘ibot roliklari tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgani ham partiyaning korrupsiyani tugatishga qaratilgan aniq harakatlaridir. Eʼtiborga molik jihati shundaki, ushbu loyihalarning mualliflari partiya «Yoshlar qanoti» hamda Yoshlar parlamenti aʼzolaridir.

Yosh avlodni vatanparvar, milliy qadriyatlarimiz hamda halollik ruhida tarbiyalash, bu borada maktab­larda “Tarbiya” fanini sifatli o‘qitish bo‘yicha deputatlik nazoratini tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar ham partiyaning korrupsiyani oldini olishga qaratilgan eng muhim va samarali ishlaridan biridir.

"Milliy tiklanish" partiyasi vakillari treningda korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan animatsion film­larni ishlab chiqishga katta ehtiyojning borligi bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Chunki vizual materiallar yoshlar ongiga samarali taʼsir qiladi.

Trening yakunida ishtirokchilarga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining sertifikati topshirildi. Eng muhimi, bu kabi treninglarni partiyaning quyi tashkilotlari vakillari ishtirokida ham muntazam o‘tkazishga kelishib olindi va bu bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Albatta, ushbu mavzuda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini kuchaytirish yurt ravnaqiga to‘siq bo‘luvchi “suyunchi”larni kamaytirishga, asosiysi, xalqimizning halollik bobida benazir bo‘lishiga sharoit yaratishi, shubhasiz.

 

Nargiza NOMOZBOYEVA,

partiya Markaziy kengashi yetakchi mutaxassisi