Yangi O'zbekiston yoshlarini nimalar kutyapti?


145     19.04.2024

   Yoshlarni har tomonlama yetuk, bilimli va salohiyatli etib tarbiyalash - davlat siyosatining eng yuqori nuqtasiga ko‘tarildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ularning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi qonuniy asoslar yildan-yilga takomillashtirilyapti.

     O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun - Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganidek, so‘nggi yetti yil yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishda «katta sakrash davri» bo‘ldi.

     Bu davrda yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qarorlar qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyozlar berildi. Birgina ta’lim kreditidan 151 ming yigit-qiz foydalandi. Ehtiyojmand oilalarning farzandi bo‘lgan 110 ming talabaning kontrakti uchun 332 milliard so‘m ajratilgani esa yaqin kelajakda dunyoning eng nufuzli oliygohlarida ta’lim olgan yoshlarimiz yurt taraqqiyotiga hissa qo‘sha boshlaydilar, deganidir. Shu o‘rinda bugun Garvard, Kolumbiya, Stenford, Oksford, Kembridj va Birmingem singari dunyo tan olgan oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlarimiz soni 200 dan oshganini ham alohida ta’kidlash joiz.

     Tahlilchilarning fikricha, Prezident maktablaridagidek baholash tizimi yana 500 ta maktabda joriy qilinishi hisobiga bir yilda bilimlarni o‘zlashtirish darajasi 53 foizdan 60 foizga oshgan. Yana bir fakt: bu yil maktablarni 14 mingdan ziyod o‘quvchi oltin va kumush medallar bilan bitirdi.

     O‘tgan o‘quv yilida esa 55 nafar maktab o‘quvchisi nufuzli xalqaro olimpiadalarda oltin, kumush, bronza medallarga sazovor bo‘ldi. Madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda esa yoshlarimizning 383 nafari bosh sovrinni, 1 ming 359 nafari 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

     Yurtimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan vertikal boshqaruv tizimi yaratildiki, bu ishlar dunyo miqyosida ham tan olinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston 2023 yilda Yoshlar taraqqiyoti indeksida yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, O‘zbekiston BMT tomonidan «Yoshlar strategiyasi - 2030»ni namunaviy tarzda amalga oshirish bo‘yicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan biriga aylandi.

     2022 yili Buxoro shahrining Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, 2024 yilda esa azim Toshkentning MDH mintaqasida birinchi yoshlar poytaxti deb e’lon qilingani ham shubhasiz, ana shunday e’tiroflar natijasidir. Bir necha kun oldin yurtimizda ilk bor o‘tkazilgan Butunjahon yoshlar festivalida yuzga yaqin davlatdan 700 nafardan ziyod chet ellik yoshlar, 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning vazirlik va idoralaridan rahbar va mas’ul xodimlar ishtirok etdilar.

     Ana shunday ko‘rsatkichlar tahlil etilgan videoselektor yig‘ilishida Davlatimiz rahbari farzandlarimizni tarbiyalab, o‘qitib, mana shunday yutuqlarga erishishiga sababchi bo‘lgan ota-onalar, ustoz va murabbiylarga minnatdorlik bildirib, yoshlar yaratilayotgan sharoitlarni karra-karra ko‘paytirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdilar.

     Xususan, yoshlarimizning fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) bilan bog‘liq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim joriy qilinadigan bo‘ldi. Nogironligi bo‘lgan yoshlarga chet tilidan imtihon topshirish yengillashadi. Prezident maktablari agentligi qoshida «Olimpiadalarga tayyorlash markazi» ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoalar esa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik ko‘radi. Prezidentimiz IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar - frilanserlar 50 mingdan oshganini, ular yiliga ellik, yuz, hatto ikki yuz ming dollargacha eksport qilayotganini, lekin bizda ularning boshini qovushtiradigan, muammolarini eshitib, huquqlarini himoya qiladigan tizim yo‘qligini aytib, IT bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga bir qator imtiyozlar berilishini ma’lum qildilar.

     Yig‘ilishda yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham katta o‘zgarishlar bo‘lishi aytildi. Buning uchun har yili 100 million dollar ajratiladigan, investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi esa Yoshlar agentligiga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

     Yana bir o‘zgarish: tarbiyasi og‘ir, qiyin sharoitdagi yoshlar bilan yangicha ishlash tizimi joriy qilinadi. Jumladan, oilaviy ajrim yoqasidagi, jinoyat qilishga moyilligi bor, muntazam dars qoldiruvchi yoshlar bilan manzilli ishlanadi. Tuman hokimlari har hafta, viloyat hokimlari va vazirlar esa bir oyda kamida bir marta yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolariga yechim beradilar.

     Qizlarning ta’lim olishi, daromad topishi va albatta sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar davom ettirilishi ham ta’kidlandi. Xususan, og‘ir sharoitga tushib qolgan, uy-joyga muhtoj qizlar uchun 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Ular ishga joylashib, oyoqqa turib olgunga qadar, ushbu uylarda 3 yil bepul yashashlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, sog‘ligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlarning yashab turgan xonadonida masofaviy ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Shuningdek, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

     Yig‘ilishda Prezidentimiz bu imkoniyatlardan hech bir yosh chetda qolmasligini ta’kidla di. Zero, endi yoshlarimiz har bir daqiqani g‘animat bilib, bunyodkorlik va ijodkorlik hissi bilan, Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘usi bilan yashashlari lozim. «Yangi O‘zbekiston yoshlari» degan sharafli nomga munosib bo‘lgan yigit-qizlar esa, shubhasiz, bebaho boyligimiz va oltin fondimizdir.