Yangiliklar


285   22-07-2022

Sirdaryoda ishonch qozonish mavsumiy tadbir emas

2022-yilning o‘tgan olti oyida sirdaryolik partiya­doshlarimiz soni 860 nafarga ko‘paydi.

Xo‘sh, bu raqam kammi, ko‘pmi?

Ayrim partiyalar ko‘z-ko‘z qilayotgan raqamlar bilan solishtirilsa, kam, albatta. Ammo aʼzolik masalasiga xolislik va sifat nuqtai nazaridan qaralsa, bu yomon ko‘rsatkich emasligi maʼlum bo‘ladi. Zero, keyingi yillarda aʼzolarimiz soni boshqa siyosiy kuchlar, hatto, eng kenja partiya sanalgan ekologlarga nisbatan ham oz ekani taʼkidlansa-da, olib borilayotgan tizimli ishlar, ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslar borasida «Milliy tiklanish»ning anchayin “abjirlik” qilayotgani katta-kichik davralarda eʼtirof etilayotgani bor gap.

Sirdaryo viloyati Kengashi faoliyati ham bundan mus­tasno emas. Bunga o‘tgan olti oyda joylarda jami 497 ta turli mavzudagi tadbirlar, davra suhbatlari hamda ochiq muloqotlar tashkil etganimiz ham misol bo‘lishi mumkin. Shundan 159 ta tadbir mafkuraviy, maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishda tashkil etilgan bo‘lsa, “Ayollar” va “Yoshlar” qanoti tomonidan o‘tkazilgan 338 ta tadbirga 30 mingga yaqin sirdaryoliklar jalb etildi. Taʼkidlash joizki, hisobot davrida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati, tumani va shahar Kengashlaridagi deputatlarimiz tomonidan qonun va hukumat qarorlari ijrosi bo‘yicha 48 ta, fuqarolar murojaatlari asosida esa 199 ta deputatlik so‘rovlari yuborildi. Kengashlar sessiyasiga esa 16 ta dolzarb masala kiritildi. Bu sirdaryolik deputatlar salqin xonalarda o‘tirib emas, aksincha, uyma-uy, mahallama-mahalla yurib oddiy saylovchining dardi va muammolarini o‘rganyapti, shu yo‘sin partiya g‘oyalarini targ‘ib ham qilyapti, deganidir. Eng muhimi, ular mavjud muammolarga yechim topilmaguncha tinib-tinchishmayapti. O‘tgan davrda deputatlar tomonidan ham 66 marotaba turli uchrashuvlar o‘tkazilib, qanchadan-qancha saylovchilarning muammolariga yechim topildi. Ayniqsa, “Xizmat-beminnat” loyihasi doirasida «Ayollar qanoti» tomonidan «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan qanchadan-qancha xotin-qizlarga bepul kasb-hunar o‘rgatildi. Xususan, viloyat bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv kurslari (1, 3, 6 oylik hamda 1 yillik muddatlarda)da I chorakda 67, II chorakda esa 106 nafar xotin-qiz tikuvchilik, to‘quvchilik, milliy liboslarga bezak yasash, matoga gul bosish, kashtachilik, zardo‘zlik, gilamdo‘zlik va hatto milliy qo‘g‘irchoqlar yasash yo‘nalishidagi o‘nlab o‘quv kurslariga yuborildi.

Shuningdek, partiyadoshlarimiz milliy qadriyatlarimiz, anʼana va urf-odatlarimizni asrash, ajdodlarimiz xotirasiga hurmat ko‘rsatib, muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar va tarixiy obidalarni kelajak avlodlarga o‘z holicha yetkazishdek ulkan maqsad sari ham dadil odimlayaptilar.

Muxtasar aytganda, ayni paytda viloyat kengashidagi barcha hamkasblarimiz bilan 2020-2024-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida qator uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etish barobarida o‘z maqsad va vazifalarimizni targ‘ib ham etmoqdamiz.

 

Asliddin Qushbaqov,

Sirdaryo viloyati Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari