668 15.04.2025
Ayol borki, onalik maqomiga erishishni istaydi. Farzandini bag‘riga bosib, uning mehrini his etish — uning uchun eng oliy saodat. Lekin taqdirning turfa sinovlari sabab to‘qqiz oy vujudida asrab-avaylab ko‘tarib yurgan homilasini qandaydir nuqson bilan dunyoga keltirishdan ko‘ra og‘ir musibat bo‘lmasa kerak.
Yo‘l qo‘yilgan qandaydir xatolar, qabul qilingan noto‘g‘ri qarorlar bois norasidalarning turli irsiy kasalliklar bilan tug‘ilayotgani, afsuski, rad etib bo‘lmaydigan haqiqat.
Irsiy kasalliklar axborotlarni nasldan-naslga tashuvchi genlarning o‘zgarishi natijasida yuzaga keladi. Har bir odam o‘z genining yarmini onadan, yarmini esa otadan oladi. Ko‘plab irsiy kasalliklar genlardagi “yashirin” zararlanish oqibatida yuzaga keladi. Keyinchalik yetti avlodda bu salbiy holat takrorlanishi mumkin.
Hozirgi kunda insonda 35 mingta gen aniqlangan. Shundan 7 mingtasi kasallik tashuvchi genlar hisoblanadi. Olimlarning taʼkidlashicha, irsiy kasalliklar boshqa somatik xastaliklarga qaraganda og‘ir kechadi. Bu nogironlikka yoki go‘dakning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Baʼzilari bolada 3-4 yoshda paydo bo‘ladi, u hatto 14-15 yoshga borib o‘rnidan tura olmay qolish ehtimoli bor.
Nosog‘lom farzand tug‘ilish xavfi qon-qarindoshlar qanchalik yaqin bo‘lsa, shunchalik ortib boraveradi. Orziqib kutilgan bolaning tug‘ma nuqson bilan dunyoga kelishi ota-ona uchun juda og‘ir fojia. Chaqaloqlarning kasallik bilan tug‘ilayotgani, erkak va ayollarning bepushtligi, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi o‘limning bir qismi irsiy omillar bilan bog‘liq.
Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oqibatlari haqida qanchalik ko‘p gapirilmasin, aholi qarashlarini o‘zgartirish qiyin kechayotgani juda achinarli. Vaholanki, buning ortida qator ijtimoiy muammolar yashiringanki, bir qarashda ko‘zga tashlanmasligi mumkin.
Xususan, oilada farzandsizlik yoki bolaning tug‘ma nogironlik bilan dunyoga kelishi tufayli paydo bo‘ladigan kelishmovchilikning ajralishgacha yetib borayotganiga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. Qolaversa, nuqson bilan tug‘ilgan chaqaloq sabab nafaqat er-xotin, balki ota-ona va qarindoshlar o‘rtasida nizolar avj olyapti. Oqibatda, shu kungacha ahil-inoq yashab kelayotgan qondoshlar bir-biri bilan yuzko‘rmas bo‘lishgacha yetib borishyapti. Masalaning eng o‘ylantiradigan jihati esa nogironligi bo‘lgan bolalar va ajralishlarning mamlakatimiz demografik jarayonlarga salbiy taʼsir ko‘rsatishidir.
Bu hali hammasi emas. Yaqin qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikoh qaysidir maʼnoda oilani kambag‘allik sari yetaklaydi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, irsiy kasallik bilan tug‘ilgan go‘dakni davolashga ancha-muncha sarf-xarajat qilishga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, bolani parvarish qilish uchun ota yoki ona ishlamasligi, kun bo‘yi uning yonida bo‘lishi kerak. Mehnatga layoqatli oila vakilining hech qanday mashg‘ulot bilan band emasligi esa oilaning moddiy holatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi kundek ravshan. Bugun kambag‘al sifatida ro‘yxatga olingan xonadonlarning ko‘pida vaziyat aynan shunday ekani so‘zimiz isbotidir.
Yuqorida sanab o‘tilgan barcha muammolarning yechimi bitta – qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga yo‘l qo‘ymaslik. O‘z kelajagi va yurt ravnaqini o‘ylaydigan insonning bunday jiddiy xatoga yo‘l qo‘yishga haqqi yo‘q. Nosog‘lom farzand tug‘ilishi xavfi qon-qarindoshlar qanchalik yaqin bo‘lsa, shunchalik ortib boraveradi.
Zulayho KAMOLXO‘JAYEVA,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi eksperti