Erta nikoh bu shunchaki ko‘z yumib ketiladigan illat emas!


796     16.04.2025

YUNISEF maʼlumotga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda qizlar o‘rtasida taʼlim darajasining o‘sishi, o‘smir qizlarning qo‘llab-quvvatlanishi,  erta nikohning zararlari haqida targ‘ibot tadbirlarining ko‘paygani natijasida dunyo bo‘yicha 25 million nafar bolalar nikohining oldi olindi. Lekin saʼy-harakatlarga qaramay erta turmush, erta tug‘uruqlar bilan bog‘liq holatlar to‘xtamayapti. Bu masala O‘zbekistonda ham dolzarbligicha qolyapti.

O‘zbekiston Oila kodeksida nikoh yoshi erkak va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan bo‘lsada, balog‘atga yetmagan yoshlarning oila qurishi, unashtirib qo‘yilishi hamon uchrayapti. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda 2023-yilda 15-17 yoshli qizlar orasida 1600 dan ortiq tug‘ruq holatlari qayd etilgan.

Ushbu dolzarb masala yuzasidan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi bir qator vazifalar belgilangan. Partiyaning joriy yilga mo‘ljallangan Ish rejasida esa hududlarda “Erta turmush – qadriyat emas” loyihasi doirasida  o‘rganishlar olib borish rejalashtirilgan. 

9-12 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida mahalliy kengash deputatlari, “Siyosatchi ayollar klubi” aʼzolari, partiya faollari birgalikda mazkur loyiha doirasida  o‘rganishlar o‘tkazildi, jamoatchilik eshituvlari tashkil qilindi.

Jizzax viloyatida partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova boshchiligida ishchi guruh, partiya fraksiyasi aʼzosi, Qonunchilik palatasi Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Nazira Muxtorova va mahalliy kengash deputatlari ishtirokida o‘tgan tadbirda viloyatdagi tegishli idoralar rahbarlarining hisoboti eshitildi.

So‘zga chiqqanlar viloyatda voyaga yetmagan qizlarni unashtirish, erta nikoh, erta tug‘uruqlarning oldini olishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlarga qaramay, bunday salbiy illatlar hamon uchrayotgani taʼkidlandi. Natijada viloyatda oilaviy ajrimlar soni o‘tgan yilga nisbatan 19 taga ko‘paygani. Yaʼni, 2024 yilda 444 ta ajrim holati  aniqlangan bo‘lsa, joriy yilning shu davri mobaynida 463 ta holat qayd etilgani tashvishli holat ekani taʼkidlandi. Bu ko‘rsatkich tumanlar kesimida tahlil qilinganda,  Forishda 5 ta, Zominda 10 ta, Paxtakor va Yangiobodda 9 taga ko‘paygan. Buning natijasida 239 nafar voyaga yetmagan farzandlar yetim bo‘lib qolgan. Achinarlisi, qizlarning jismonan va ruhan onalikka tayyor bo‘lmasdan oila qurishi ko‘pincha tug‘ruq jarayonida o‘lim xavfi oshishiga sabab bo‘lmoqda.

– O‘rganishlar natijasida bunday illatlarga sabab bo‘layotgan bir qator omillar aniqlandi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazira Muxtorova. –Qizlarning 37,6 foizi ota-onasi yoki yoshi katta oila aʼzolarining yoshlar baxtini ko‘rib qolish istagiga ko‘ra erta turmush quradi. Erta nikohlarning milliy qadriyat sifatida noto‘g‘ri talqin qilinishi ham bunday holalarga sabab bo‘lmoqda. 

Ayrim ota-onalarning huquqiy savodsizligi, qizini yaxshi joyga uzatish istagi, pinhona sharʼiy nikoh o‘qitish holatlariga chek qo‘yilmagani, qizlarning sovg‘a-salom, sarpo, nikoh to‘yi bilan bog‘liq marosimlarga qiziqishi(58,7 foiz), qonun va o‘z huquqlarini bilmasligi (37,2 foiz), ularda ilm olish, o‘qish istagi shakllanmagani(29,2 foiz) ham turtki bo‘lyapti.

– Erta turmush qurgan yoshlarning deyarli barchasida uzoq muddatli ruhiy siqilish kuzatilgan. Shuningdek, erta turmushga chiqqan ayollarning aksariyatida yuzdan ortiq kasalliklar aniqlangan, – deya taʼkidladi so‘zga chiqqan Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova.  

Eshituv yakunida bunday holatlarga barham berishga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida erta nikohni oldini olishga oid masalalar yuzasidan mansabdor shaxslarning eshituvi va nazorat-tahlil ishlarini amalga oshirish; voyaga yetmaganlarni jinsiy va reproduktiv taʼlim-tarbiyasiga oid dasturlar tayyorlash, mavjudlarini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish; ayol va erkaklarning teng huquqliligi, xususan, qizlar huquqlariga oid taʼlimiy dasturlar yaratish; Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda umumtaʼlim maktablarida mavzuga doir davra suhbatlari, seminar, munozaralar, ota-onalar bilan interaktiv muloqotlar, psixologlar ishtirokida treninglar o‘tkazish va erta nikohlarni oldini olishga qaratilgan media mahsulotlar tayyorlash kabi takliflar shular jumlasidandir.

Mamlakat ravnaqi, jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir o‘tkazayotgan, inson huquqlarining paymol bo‘lishiga sabab bo‘layotgan erta nikoh, erta tug‘uruq,  voyaga yetmagan qizlarni unashtirib qo‘yish holatlariga barham berish uchun barcha tashkilotlar birgalikda kurashishi lozimligiga oid xulosa eshituvga yakun yasadi.

“Milliy tiklanish”  tashabbusi bilan tashkillashtirilayotgan bunday o‘rganishlar, jamoatchilik eshituvlarini endilikda reja asosida barcha tumanlar, olis hududlarda ham o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

Feruza JALILOVA,
Markaziy kengash bo‘lim boshlig‘i