Nega “Milliy tiklanish”ni O‘zLidep qo‘lladi, XDP va “Adolat” qarshi, ekologlar esa betaraf?


818     16.04.2025

Qariyb bir oylik tanaffusdan keyin o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasi bilan boshlandi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Davron Aripov ushbu masalada chiqish qilib, har qanday vaziyatda inson sha’ni, qadr qimmati bilan bog‘liq shaxsiy ma’lumotlar ommaga oshkor qilinmasligi kerakligini, biroq amalda mumkin bo‘lmasada, keyingi paytlarda hatto yopiq sud majlislari ma’lumotlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali oshkor qilish oddiy holatga aylanganini ta’kidladi. Bu nafaqat inson sha’nining qadrsizlanishi bilan birga surishtiruv, tergov va sud jarayonlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

– Endi ushbu qonun loyihasi bilan ana shunday holatlarning oldi olinadi, ya’ni sudning ruxsatisiz yopiq sud majlisi ma’lumotlarini oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanyapti, – dedi Davron Aripov.

Bir qancha xorijiy davlatlar qonunchiligida sud tomonidan ogohlantirilgan shaxslarning ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilangan. Jumladan, Singapurda 5 ming dollargacha jarima yoki 12 oygacha ozodlikdan mahrum qilish, Qirg‘izistonda bunday harakat BHMning 500 baravarigacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Qozog‘istonda esa 2000 baravarigacha jarima solish yoki 600 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Qayd etish joizki, ushbu norma ochiq sud majlislariga tatbiq etilmaydi. Ya’ni, ochiq sud majlislarining o‘z nomi bilan ochiqligi ta’minlanadi. Yuqoridagi fikrlar bejiz emasligini esa ayni paytda ochiq elektron portalda 7 milliondan ortiq sud majlisi qarorlari e’lon qilinganidan ham ko‘rish mumkin.

Majlisda «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, bugun profilaktik hisobga olinadigan shaxslar toifasining ko‘pligi inspektorlar ish hajmining oshib ketishiga, bu esa samarasiz profilaktik tadbirlarni o‘tkazishga olib kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning 10 oyida profilaktik hisobda turganlar soni 426,5 ming nafarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 77,5 ming nafarga ko‘paygan.

Ya’ni, bugun har bir profilaktika inspektoriga o‘rtacha 50 nafardan shunday shaxslar to‘g‘ri kelyapti. Viloyat markazlaridagi ahvol esa bundan ham chigal bo‘lib, bu o‘z navbatida har kuni kamida ikki-uch nafar hisobda turgan shaxs bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishni taqozo etmoqda.

Shu bois ham mazkur qonun loyihasi bilan shaxsni profilaktik hisobga olish asoslari va tartibi takomillashtirilyapti. Jumladan, aybsizlik prezumpsiyasi talablaridan kelib chiqib, o‘ziga nisbatan yuritilayotgan jinoyat ishi ayblilik masalasi hal qilinmasdan turib tugatilgan, reabilitatsiya qilinmaydigan asoslar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilganlar, shu bilan birga qamoqqa olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi tanlangan ayblanuvchilar profilaktik hisobga qo‘yiladigan shaxslar qatoridan chiqarilmoqda.

Ushbu qonun loyihasida sud qarori bilan transportni boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarni profilaktik hisobga olish ham nazarda tutilmoqda. Chunki bunday shaxslar yana rulga o‘tirib, hatto o‘lim holatlarini sodir etyaptilar. Majlisda qonun loyihasining aynan ushbu normasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

«Milliy tiklanish»chilarning bir kun oldin bo‘lib o‘tgan fraksiya yig‘ilishida ham mazkur normaga ko‘plab e’tiroz bildirilib, bu fuqaro huquqini cheklashdan boshqa narsa emas, deya xulosa chiqarilgan edi.

Fraksiya a’zolari fuqaro uchun transport boshqarish huquqidan mahrum qilinishining o‘zi bir jazo ekanidan kelib chiqib, uni yana profilaktika inspektorlari tomonidan nazoratga olinishi haydovchi huquqiga zid hisoblanishini, qolaversa, bu shundoq ham ishi boshidan oshib yotgan «uchastkovoy»larga ham ortiqcha yuk ekanini ta’kidlashgandi.

– Agar haydovchilik guvohnomasidan vaqtincha ayrilganlar yana qayta rulga o‘tiradigan bo‘lsa, bu amaldagi qonunchiligimizda boshqa norma bilan jazolanishi belgilangan. Shu bois, fraksiyamiz mazkur normani qonun loyihasidan chiqarib tashlashni taklif qiladi, – dedi Alisher Qodirov yalpi majlisda ham ushbu qonun loyihasiga munosabat bildirib.

«Milliy tiklanish»ning ushbu taklifini Qonunchilik palatasida mutlaq ko‘pchilik qo‘lladi. Xususan, O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Shuhrat Sharafutdinov partiyaning asosiy elektorati tadbirkorlar ekanidan kelib chiqib, bunday taqiq ular faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini, agar ushbu norma qonun loyihasidan chiqarib tashlanmasa, fraksiyadoshlari qarshi ovoz berishini ta’kidladi.

Deputat Oydin Abdullayeva esa aksincha, «Adolat» partiyasi ushbu taklifga qarshi ekanini aytdi. XDP fraksiyasi a’zosi Shokirjon Axmedov ushbu taklifni qo‘llagan bo‘lsa, XDPning yana bir deputati Anvarxon Temirov fraksiya nomidan gapirib, ushbu taklifga qarshi chiqdi. Ekologiya fraksiya si esa betaraf qoldi.

Mas’ul qo‘mita vakillari agar qonun loyihasi hozir ovozga qo‘yiladigan bo‘lsa, ikki katta fraksiyaning qarshi ovozi tabiiy ko‘p bo‘lishidan kelib chiqib, deputatlardan e’tirozga sabab bo‘lgan normani qayta tahrir qilish uchun vaqt so‘rashdi. Shu tariqa, ushbu qonun loyihasi qayta ishlash uchun tegishli qo‘mitaga qaytariladigan bo‘ldi.

Yalpi majlisda "Milliy tiklanish" fraksiyasi taklifi bilan ishlab chiqilgan nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati erkinligini kafolatlovchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ham bir ovozdan ma’qullandi.

Fraksiya a’zosi Nodir Tilavoldiyevning fikricha, ushbu qonun loyihasi bilan nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan jamoatchilik nazorati natijasi bo‘yicha davlat organlariga kiritilgan yakuniy hujjatni belgilangan muddatda ko‘rib chiqmaslik uchun mansabdor shaxslarga ma’muriy javobgarlik belgilash, NNTlar faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy undiruvlarni o‘rtacha to‘rtdan bir qismiga kamaytirish belgilanmoqda.

Shuningdek, yangi loyihada NNTlar faoliyatining jamoatchilik oldidagi shaffofligi va hisobdorligi oshirilyapti. Ya’ni, nodavlat notijorat tashkilotlar xorijiy manbalardan olgan pul mablag‘lari va mol mulk hamda ulardan foydalanish to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka e’lon qilishlari nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani ham qayd etildi. Jumladan, hujjat matni jamoatchilik muhokamasi uchun Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.

Fuqarolardan kelib tushgan o‘ndan ortiq takliflar asosida qonun loyihasi maromiga yetkazildi. Shu bilan birga, 30 dan ortiq faol nodavlat notijorat tashkilotlar va OAV vakillari hamda qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan seminarlarda bildirilgan takliflar ham loyihada o‘z aksini topdi.

Ravshan MAHMUDOV,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 16-aprel sonidan olindi