568 17.04.2025
Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi nafaqat viloyat yoki vodiy ahli, balki barcha yurtdoshlarimiz, xususan, ziyolilar uchun unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Shu bois, tashrif tafsilotlarini, unda ilgari surilgan yangi g‘oya va tashabbuslarni yurtdoshlarimiz quvonch, ertangi kunga ishonch ila kuzatib bordi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda dunyo tamadduniga beqiyos xizmatlari bilan ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz nomini abadiylashtirish, ularga munosib avlodni tarbiyalash borasida tizimli amaliy ishlar bajarilmoqda. Natijada ko‘plab ulug‘ siymolarning maʼnaviy merosidan bahramand bo‘lish imkoniyati yaratildi. Buyuk ajdodlari miz xotirasiga ko‘rsatilayotgan hurmat-eʼtibor tufayli yangi barpo etilayotgan maskanlar ular nomi bilan atalmoqda.
Ana shunday buyuklarimizdan biri, shubhasiz, ulug‘ vatandoshimiz, shoh va shoir, qomusiy olim, yirik davlat arbobi, benazir ijodkor, serqirra isteʼdod sohibi Zahirid din Muhammad Boburdir.
Hazrat Bobur va boburiylar hayoti, faoliyati, ijodini chuqur o‘rganish yuzasidan qilingan amaliy saʼy-harakatlar tufayli Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtga, kindik qoni to‘kilgan Andijonga ruhan va maʼnan qaytdi.
Prezidentimiz Andijonga har gal tashrifi chog‘ida Boburshoh faoliyati va ijodiga yuksak baho beradi. Ana shu baho barobarida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi faoliyati ham iliq so‘zlar bilan eʼtirof etilishi zimmamizga yana-da masʼuliyat yuklaydi hamda kelgusida fond o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni bajarishida jamoamiz vakillariga katta kuch-quvvat va shijoat bag‘ishlaydi.
Zahiriddin Muhammad Bobur — Andijon farzandi. 1992-yili Bobur nomli xalqaro jamoat fondiga aynan Andijonda asos solingani ham bejiz emas. Mana 30 yildan oshibdiki, Boburshoh va boburiylar qoldirgan ilmiy-maʼnaviy merosni iz lab topish, ularning hech bo‘lmaganda nusxalarini vatanga qaytarish yo‘lida fond vakillari tinmay izlanmoqda. Natijada 50 dan ziyod kitob chop etildi, ilk marotaba shaxsga bag‘ishlangan Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi yaratildi. “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” nomli 5 jilddan iborat bibliografik maqolalar to‘plami dunyo yuzini ko‘rdi. Bobur tanlangan asarlari — “Bobur kulliyoti” 6 jildda mujassamlandi, “Bobur va jahon madaniyati”, “Andijon shaharsozlik madaniyati tarixi” muzeylari barpo etildi, “baburid.uz” domeni bilan faoliyat yurituvchi “Xalqaro bo burshunoslik ilmiy elektron platformasi” tashkil etildi.
Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, targ‘ib-tashviq qilish yo‘lida samarali mehnat qilayotgan 30 ga yaqin xalqaro bo‘lim ochildi. Fond tomonidan tashkil etilgan xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar natijasida O‘zbekiston hududidan tashqarida dafn etilgan buyuk ajdodlarimiz qabr-maqbaralari izlab topilib, obodonlashtirish borasida zarur choralar ko‘rildi va ko‘rilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizdagi bar cha sohada tub o‘zgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, aholining real daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari ochish, tadbirkorlik va kichik biznes subʼyektlarini rivojlantirishga qaratilgan is lohotlar kun sayin yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Jumladan, ko‘hna va hamisha navqiron Andijon shahridagi bunyodkorlik va boshqa jabhalardagi o‘zgarishlar qatorida Yangi Andijon shaharchasi barpo etilgani fikrimiz isbotidir.
Davlatimiz rahbarining Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berish haqidagi tak lifi shoir ixlosmandi va bobursevar inson sifatida meni behad quvontirdi. Viloyatimizning men kabi nuroniylari hamisha Andijondagi biror hududning Bobur podshoh nomi bilan atalishi tarafdori bo‘lganmiz. Azaliy orzumiz ro‘yobi bo‘lgan ushbu tarixiy voqea o‘zini Bobur avlodiman deb faxrlanib yuradigan har bir andijonlikni yangidan yangi marralarni kashf etishga ilhomlantiradi.
Zamonaviy arxitektura, ko‘p qavatli mahobatli binolar, Bobur podshoh muhtasham haykalini o‘zida mujassam qiladigan shahar haqidagi rejalarni eshitib yanada ruhlandik. Bobur shahri Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “milliy madaniyat va sanʼatimiz, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlikni aks ettiradigan”, xalqimizning sevimli go‘shalaridan biriga aylanishiga ishonaman. Chunki davlatimiz rahbari mutasaddilarga shaharni maʼrifat va madaniyat markaziga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan qaror loyihasini ishlab chiqishni topshirdi.
Kelgusida Bobur bobomiz siymosini abadiylashtirish maqsadida ulug‘ ajdodi miz va avlodlari bunyod qilgan tarixiy obidalarning kichiklashtirilgan nusxalaridan iborat tematik park barpo etiladigan bo‘ldi. Har yili Bobur shahrida rassomlar festivalini o‘tkazish taklif etildi. Shu kabi juda ko‘plab ezgu tashabbuslar sabab Prezidentimizning Andijonga navbatdagi tashrifi yurtimizning barcha ziyolilarini quvontirdi.
Buning uchun andijonliklar va boburshunos olimlar, barcha ziyolilar nomidan chuqur minnatdorligimni izhor etaman.
Zokirjon MASHRABOV,
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 17-aprel sonidan olindi