708 17.04.2025
Turizm mamlakat taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan sohalardan biri bo‘lib, yurtimizda sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoq korxonalariga turli imtiyozlar yaratib berish, infratuzilmani shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, sohaning huquqiy asoslari takomillashtirilib, “Turizm to‘g‘risida”gi qonun, Prezidentimizning o‘nlab farmon va qarorlari, hukumatimiz tomonidan qabul qilingan ko‘plab hujjatlar bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Turizm sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida so‘nggi yillarda mamlakatimizning turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetdi. Eng muhimi, ushbu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkorlar ish boshladi.
Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayotgani e’tiborga molik. Turizm qishloqlarini tashkil qilish bo‘yicha 3 yil oldin boshlangan ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Aholi o‘rtasida tog‘li hududlarga piyoda chiqish ommalashmoqda.
O‘tgan qisqa davrda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin turfirmalar bunday sayyohlik marshrutiga ruxsat olishga 2-3 oy sarflayotgani o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rishni taqozo etayotgandi. Endi ruxsatnomani Yagona interaktiv portal orqali 10 kun ichida berilishi ayni muddao bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari raisligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayni shu masalalarga alohida urg‘u berilgani bejiz emas.
Binobarin, turizm sohasidagi o‘zgarishlar milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u hududlarning jadal rivojlanishi uchun zamin yaratadi. Xususan, so‘nggi yillarda ichki turizmga e’tibor kuchaygani uchun mahalliy sayyohlar soni 23 millionga yetdi.
Albatta, bu quvonarli hol. Lekin haligacha boshqa viloyatlarga sayohatga bormaganlar ham bor. Xorijiy sayyohlarni jalb qilish, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish, ziyoratgohlar haqidagi bosma va elektron targ‘ibot materiallarini ishlab chiqish, ularni keng targ‘ib qilish maqsadida har oyning bir shanba-yakshanbasi “oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” deb e’lon qilinishi eng to‘g‘ri va oqilona yo‘ldir.
Yig‘ilishda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalar ham tahlil qilindi. 2025-yil birinchi chorakning o‘zida Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Kuvayt va Fransiyaga tashriflar chog‘ida 39 milliard dollarlik 178 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani urg‘ulandi.
Shuningdek, mamlakatimizda 2025-yilda 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan. 81 ta yirik, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyiha amalga oshirilishi, donor tashkilotlardan 2 milliard dollar grant hamda banklar tomonidan 6 milliard dollar jalb qilinishi belgilangan.
Sirasini aytganda, yurtimizda turizm sohasini bir paytning o‘zida ham milliy, ham zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda har bir hududning o‘ziga xos xususiyati, qulay va tabiiy imkoniyatlaridan unumli foydalanishga katta e’tibor qaratilayotir.
Buning natijasida ilgari investor bormagan, temir yo‘l yoki magistral yo‘l ham o‘tmagan Oltinsoy tumanida 100 million dollarlik 3 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Yoki Qo‘shrabotda granit tosh qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 75 million dollarlik 2 ta yangi loyiha boshlangan. Bunday misollarni uzoq davom ettirish mumkin.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida sohani umummilliy harakatga aylantirish, “ochiq eshiklar” siyosatini yuritish, vizasiz kirish tizimini kengaytirish, turizmni kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyani ishlab chiqish, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida o‘rin olgan.
Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan zalvorli vazifalar biz deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Ularning o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholining real daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi