“Shirin” mahallasida “Milliy tiklanish” va “Tong yulduzi” bog‘i barpo etildi


948     17.04.2025

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoda suvni eng ko‘p isrof qiladigan davlatlardan biri hisoblanar ekan. Mamlakatimizda suv resurslari cheklangani bois, 2040-yilga borib aholimizning 80 foizi suvsizlikdan aziyat chekishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, 2050-yilga borib suv resurslari Sirdaryoda 5 foizga, Amudaryoda esa 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Aholi sonining o‘sishi hisobiga, O‘zbekistonda 2030-yilda suvga bo‘lgan talab 7 mlrd. kub metrga yetishi, 2050 yilga borib esa, bu ko‘rsatkich ikki barobarga ortishi mumkin. Shuning uchun ham aholida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish bugunning eng dolzarb vazifasi hisoblanadi.

Shu maqsadda “Milliy tiklanish” partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi 6.3. bandida “Suv isteʼmoli madaniyatini yuksaltirish” dasturini qabul qilishga oid vazifa belgilangan. Shuningdek, ota-bobolarimizning atrof-muhitni asrash, havo musaffoligini saqlash, yurtimizni ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan udumi – yoshlar turmush qurganda, farzand tug‘ilganda yaxshi niyatlar bilan daraxt ekish odatini ommalashtirish borasida ham qator maqsadlar belgilangan.

Ana shu masalalar ijrosini taʼminlash maqsadida partiya Markaziy kengashi tashabbusi bilan respublika bolalar va o‘smirlar nashri – “Tong yulduzi” gazetasi bilan hamkorlikda yurtimizdagi umumiy o‘rta taʼlim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida  “Boylikni bolalikdan asrang!” mavzusida ijodiy ishlar tanlovi o‘tkazildi. Maqsad: yosh avlodni xalqimizga xos bo‘lgan tejamkorlik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatni asrash, atrof-muhitga ziyon yetkazmaslik, orastalik, sarishtalik kabi milliy, ahloqiy qadriyatlar, oilaviy anʼanalar asosida tarbiyalashdan iborat.

Tanlov uch yo‘nalish – maqola, sheʼr va rasm yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi. Unga o‘quvchilardan 2000 ga yaqin  ijodiy ishlar kelib tushdi.

Bugun Markaziy kengashda tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi. Unda “Tong yulduzi” gazetasi rahbariyati, taniqli jurnalistlar, partiya faollari, ustozlar, tanlov g‘oliblari va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Mazkur tanlovning maqola yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblarning ijodiy ishlari asosida tayyorlangan “Suvkellent” nomli spetakl ssenariysi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qoshidagi “Turon” bolalar teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirish hamda maktab sahnalarida namoyish etish uchun vazirlikka taqdim etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova, “Gulxan” jurnali bosh muharriri Zahro Hasanova, shuningdek, g‘olib o‘quvchilarning ustozlari mazkur tanlovning mohiyati va ahamiyati xususida atroflicha to‘xtalib o‘tishdi. Partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova tanlov g‘oliblarini tabriklab, ularga Diplom hamda partiya tomonidan ajratilgan sovg‘alarni topshirdi. Fursatdan foydalanib, bolalar nashrlari obunasini oshirishga oid fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir yakunida “Milliy tiklanish” hamda “Tong yulduzi” bog‘ini barpo etish maqsadida tanlov g‘oliblari ishtirokida Uchtepa tumanining “Shirin” mahallasida “Farzandingiz bilan birga ko‘chat eking!” aksiyasi doirasida mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazildi.

 

Partiya Markaziy kengashi “Ayollar qanoti”