899 18.04.2025
Hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15-16-aprel kunlari Andijonda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bejizga ushbu viloyatni islohotlar tez va sezilarli natijalar berayotgan, har bir mahallaga, har bir xonadonga Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, ruhi kirib borgan hududlardan biri sifatida alohida eʼtirof etmadi.
Andijonda haqiqatan ham “Inson qadrini ulug‘lash, odamlarni hayotdan rozi qilish” siyosatining tom maʼnodagi inʼikosini ko‘rish mumkin va bu xalqimiz kutgan eng katta va eng muhim natijadir.
Tarixda ham shunday bo‘lgan: vodiy gavhari hisoblangan Andijon Markaziy Osiyoda barcha zamonlarda ilm-fan, madaniyat va sanʼat markazi bo‘lib kelgan. Dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan ne-ne buyuk zotlarga beshik bo‘lgan bu yurt. Birgina Temuriylar Renessansining munosib davomchisi hisoblangan Bobur Mirzoning bebaho merosi – bu bir ummon. Ummonning esa hech qachon tubiga yetib bo‘lmaydi.
Taʼkidlash lozim, Andijon, andijonliklar bugun ham Yangi O‘zbekiston islohotlarida tashabbuskorligi, tadbirkorligi, mehnatkashligi bilan faol qatnashib, barcha sohalarda katta natijalarga erishmoqda.
Raqamlarga to‘xtalamiz: o‘tgan bir yilning o‘zida 4 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshladi. 450 ming aholi ishli bo‘ldi. O‘tgan yili viloyatda 1,5 million kvadrat metr turar joy va 850 ming kvadrat metr noturar joylar qad ko‘tardi. Buning hisobiga savdo va xizmatlar 13 foizga, sanoat esa 7,5 foizga oshdi. Birgina joriy yilning birinchi choragida investitsiya loyihalari samarasi hamda tijorat banklari ishtirokida 77 ming nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi. Agar ishga solinmagan imkoniyatlar va tashabbuslardan yana-da samarali foydalanilsa, bu raqamlarni bir necha hissaga oshirish mumkin.
Buloqboshi tumanida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan hudud imkoniyatlaridan kelib chiqib, bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, 2025-yilda viloyatida kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sish taʼminlanib, yalpi hududiy mahsulot 105 trillion so‘mdan oshiriladi. Bu orqali 305 ming nafar aholi bandligi taʼminlanadi. 150 ming odamni kambag‘allikdan chiqarish imkoniyati yaratiladi. Start oladigan 5,7 mlrd dollarlik 166 ta investitsiya loyihani amalga oshirish orqali esa 31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Aholining elektr energiyaga bo‘lgan talabini qondirish, korxonalarning barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.
Viloyatdagi 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulk qulay shartlarda auksionga chiqarib, tadbirkorlik loyihalariga zamin yaratiladi. Turizm salohiyatidan kelib chiqib esa, maxsus sayyohlik maskanlari tashkil qilinadi. Yaʼni, joriy yilda sohada 125 million dollarlik 25 ta loyiha yakunlanadi. Bu orqali 3,5 million xorijiy va mahalliy sayyoh jalb qilinib, turizm eksporti 200 million dollardan oshiriladi.
Yig‘ilishda viloyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiluvchi yana o‘nlab taklif va tashabbuslar ilgari surildiki, agar ularning ijrosi to‘la taʼminlansa, 2025-yil andijonliklar uchun haqiqiy maʼnoda iqtisodiy parvoz yili bo‘ladi. Buning uchun esa barchamiz bir, hamjihat bo‘lib, kuchlarni birlashtirib, ezgu maqsadlar, ulkan rejalar hayotiyligini taʼminlashimiz lozim. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, biz zabt etolmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bahodir MAMATXONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi